3.Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg’armasi Vazirlar Mahkamasining 2010 yil 19 fevraldagi 30-son qarori bilan
O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg’armasi to’g’risida nizom tasdiqlangan. Unga ko’ra jamg’arma idoraviy jihatdan O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga qarashli hamda o’z faoliyati to’g’risida O’zbekiston Respublikasi Bosh vazirning o’rinbosariga, Jamg’armaning kuzatuv kengashi raisiga hisob beradi.
Jamg’armaning asosiy vazifalari va funktsiyalari hisoblanadi:
qonun hujjatlarida belgilangan tartibda fuqarolarning davlat pensiya ta’minotini tashkil etish, fuqarolarga pensiyalar, ijtimoiy nafaqalar, kompensatsiya to’lovlari va boshqa to’lovlarni tayinlash, pensiyalar va boshqa to’lovlar miqdorlarining qayta hisoblab chiqilishini ta’minlash;
pensiyalar va boshqa to’lovlarni to’liq hajmda moliyalashtirish va to’lanishini tashkil etish, ular bo’yicha hisob va hisobotni yuritish;
tizimli asosda pensiyalar tayinlash va ularni qayta hisoblashning doimiy tahlilini o’tkazish va monitoringini olib borish, fuqarolarning pensiya ta’minotiga yo’naltiriladigan mablag’lardan qat’iy maqsadli foydalanilishini ta’minlash;
boquvchisini yo’qotgan taqdirda, shuningdek mehnatda mayib bo’lganlik yoki xodim mehnat majburiyatlarini bajarishi bilan bog’liq kasb kasalligi oqibatidagi nogironlik tufayli tayinlangan pensiyalarga to’langan mablag’larni da’volar bo’yicha aybdor yuridik va jismoniy shaxslardan belgilangan tartibda undirib olishni tashkil etish.
O’zbekiston Respublikasi Sog’liqni saqlash vazirligining tibbiy-mehnat ekspertizasi xizmatlari bilan birgalikda nogironlikni belgilash monitoringini olib boradi.
4. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Bandlikka ko’maklashish davlat jamg’armasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 31 dekabrdagi 1066-son qarori bilan O’zbekiston Respublikasi Bandlikka ko’maklashish davlat jamg’armasi mablag’larini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi to’g’risida nizom tasdiqlangan. Unga ko’ra O’zbekiston Respublikasi Bandlikka ko’maklashish davlat jamg’armasi mehnat, bandlik va mehnatni muhofaza qilish sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirishga doir tadbirlarni moliyalashtirishni samarali tashkil etishni ta’minlash, shuningdek, O’zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining, uning hududiy tashkilotlarining va idora bo’ysunuvidagi tashkilotlari faoliyatining ustuvor yo’nalishlarini va loyihalarini rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan.
Bandlik jamg’armasining asosiy yo’nalishlari quyidagilardan iborat:
mehnat bozorining barqaror va mutanosib ravishda rivojlanishini ta’minlash, aholi bandligi darajasini oshirish va mehnat resurslaridan oqilona foydalanish bo’yicha aniq maqsadli kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilishini moliyalashtirish;
ishsizlarni, kasb-hunar kollejlari, akademik litseylar, oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarini, shuningdek, ish izlashda qiyinchiliklarga duch kelayotgan va mehnat bozorida teng shartlar asosida raqobatlasha olmaydigan shaxslarni ishga joylashtirish bo’yicha qonun hujjatlarida belgilangan kafolatlarni amalga oshirishni moliyalashtirishda ishtirok etish;
ishsizlarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va ularni ijtimoiy himoya qilishga hamda mehnat organlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga doir sifatli xizmatlarning ishsizlar va band bo’lmagan aholiga, birinchi navbatda, yoshlarga, xotin-qizlarga va nogironligi bo’lgan shaxslarga ko’rsatilishini tashkil etishga sarflanadigan xarajatlarni moliyalashtirish.