Zamonaviy shaharsozlik estetikasi.Har bir shahar yoki viloyat, tuman markazi o‘ziga xos estetik ko‘rinishga ega. Bugungi kunda shaharsozlik sohasiga estetikaning zamonaviy prinsiplari joriy etilmoqda. Ayniqsa, davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi tizimini tubdan qayta tashkil etish, shaharsozlikning eskirgan metodologiya va normativlari, kapital qurilishdagi nomutanosiblik va muammolarni bartaraf etish, shuningdek, loyiha institutlarining samarasiz faoliyatini tubdan takomillashtirish masalalariga jiddiy e’tibor qaratilmoqda.
Ijtimoiy taraqqiyotning ikki muhim jihati - moddiylik va ma’naviylikni o‘zida namoyon ettiradigan me’morchilik o‘z navbatida, mamlakatda shaharsozlik sohasining shakllanishiga, ravnaq topishiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi.
Kundalik hayotda «shaharsozlik» va «obodonlashtirish» degan so‘zlar tez-tez tilga olinmoqda. Sobiq Ittifoq davrida shaharsozlik madaniyati va estetikasi me’moriy majmualarning umumiy ko‘rinishi, ularning eksterer (tashqi) va interer (ichki) bezagidagi bir xillik shaharning badiiy-estetik qiyofasiga salbiy ta’sir etganligini kuzatish mumkin. Ayniqsa, aholi uchun qurilgan turar joy binolarining bir xil shaklda bo‘lganligi shundan dalolat beradi. Mazkur binolar tartibsiz, noqulay hududda bunyod etilganligi, aksariyatining qurilishida tabiiy muhit, milliy xususiyatlar hisobga olinmaganligi natijasida shaharning jozibadorligini buzgan.
Shahar o‘z ko‘rki va go‘zalligini qo‘yidagi estetik xususiyatlar orqali namoyon etadi: a) shaharda me’moriy obidalar, ko‘hna yodgorliklar, ziyoratgohlarning mavjudligi va ularni odamlar e’tibori va tasarrufida ekanligi; b) binolarning aholi turmush tarzi uchun qulayligi va mos kelishi; d) shaharda bunyod etilgan inshootlar, yo‘llarning xalq manfaati bilan muvofiqligi; g) shaharning geografik jihatdan joylashuvi – suv va havosining musaffoligi, tabiiy manzaralarga boyligi.
Bugungi kunda mamlakatimizda bunyod etilayotgan muhtasham inshootlar, ma’muriy binolar, ta’lim muassasalari milliy me’morchilik an’analarining Ovro‘pa me’morchilik an’analari bilan uyg‘unligiga asoslanadi. Misol uchun, Vatanimiz poytaxtida qad rostlagan - Ma’rifat markazi, Simpoziumlar saroyi, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi, Yoshlar ijod saroyi, Poytaxt biznes markazi kabi betakror inshootlar bir-biriga hamohang tarzda yaxlit kompozitsiyani tashkil qilgan yoki Vatanimizning bosh maydoni - Mustaqillik maydoni betakror landshaft dizayni bilan g‘oyat go‘zal qiyofa kasb etgan.
O‘zbek shaharsozligi estetikasi sobiq Ittifoq davrida nazardan chetda qoldi: me’moriy obidalar qarovsiz holatga keltirildi, xalq amaliy san’atining nodir turlari yo‘qola boshladi, erkin ijodiy muhit ta’qiqlandi. San’atkorlar, me’morlar, usta va naqqoshlar tomonidan ko‘plab binolar, xalq amaliy san’atining nodir namunalari yaratilgan bo‘lsada, ammo ularda milliy bezak va uslublar, naqshlar to‘laligicha o‘zini namoyon etolmas edi. Bugungi me’moriy binolar, tarixiy inshootlar xususan O‘zbekiston anjumani, mahobati, shakl va kompozitsiyasi, naqsh va bezaklari o‘zining falsafiy-estetik mazmuni bilan jahon me’morligining buyuk namunasi, o‘zbek xalqining estetik qadriyatiga aylandi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
XXI asrni O‘zbekistonda shaharsozlik estetikasida tub burilish davri deyish mumkin. Bugungi kunda, shaharlarda nafaqat tarixiy obidalar qayta tiklandi, balki ziyoratgohlar obodonlashtirildi, qator zamonaviy kasb-hunar kollejlari, maktablar, zavodlar, fabrikalar, sport maydonlari, shifoxonalar, mehmonxonalar, istirohat bog‘lari, xiyobonlar, bozorlar, yo‘llar, ko‘priklar, savdo majmualari, favvoralar, gulzorlar barpo etildi.
Dostları ilə paylaş: |