Qadimgi Sharqdagi dastlabki estetik g‘oyalar (Somir, Bobilon, Misr). Inson tabiatan bo‘sh vaqtga intilib yashaydi. Chunki bo‘sh vaqt mobaynida u jisman va ruhan dam olishi, kundalik mehnat, qorin to‘ydirish tashvishidan forig‘ bo‘lish imkoniga ega. Bo‘sh vaqt insonda o‘yin hissi uyg‘onishining asosiy omilidir. San’atning vujudga kelishida o‘yinning ahamiyati katta ekanligi hammaga ma’lum. Demak, estetik anglash va estetik faoliyatning tadrijiy rivojida mehnat bilan birga bo‘sh vaqt ham asosiy omil hisoblanadi. Ichki osoyishtalikni, mehnat va bo‘sh vaqtga asoslangan muayyan tartibni jamiyatda qonun darajasiga ko‘tarish esa davlat paydo bo‘lganda ro‘y berishi mumkin. Davlat qanchalik o‘z vazifasini adolatli va mukammal bajarsa, bu jamiyat farovonligiga olib keladi. Farovon jamiyat esa o‘z a’zolarining bo‘sh vaqtini ta’minlay oladi va pirovard natijada estetik anglash va estetik faoliyat taraqqiyoti uchun yetarli imkoniyat yaratib beradi. Shunday qilib, davlatchilik tizimi paydo bo‘lishi bilan insonning badiiy-estetik taraqqiyotida yangi davr boshlandi. Ana shu davr ibtidosini biz Mesopotamiya-Qo‘sh daryo (Dajla va Frot daryolari) mintaqasida, xususan, Somir davlatida ko‘rishimiz mumkin.
Somir insoniyat tarixidagi hozirgacha bizga ma’lum bo‘lgan ilk qudratli davlat bo‘lgan. Shubhasizki, miloddan avvalgi IV ming yillikda bu davlatning qudrati uning madaniyatida, fuqarolarining badiiy estetik darajasida hamda badiiy-estetik faoliyatida namoyon bo‘lgan. Somirliklar birinchi bo‘lib yozuvni kashf etdilar va giltaxtachalarga qamish qalamlar bilan ilk rivoyat va ilk nasihatlarni yozib qoldirdilar. Shuni alohida ta’kidlash joizki, hech bir qadimgi madaniyatdan bizning davrimizgacha bu qadar ko‘p sonli yozma hujjatlar yetib kelgan emas. San’at namunalarining ko‘pligi jihatidan Somirni ancha orqada qoldiradigan Misr madaniyati ham yozma yodgorliklar borasida Somirga yon beradi. Chunki misrliklar yozib qoldirgan minglab papiruslar chirib, yonib yo‘qolib ketgan, somiliklarning giltaxtalardagi yozuvlari esa saqlanib qolgan hozir ham ularni qumlar ostidan topib, sharxlash davom etmoqda.