Ong fenomenini falsafiy tahlil qilishga materializm, idealizm, dualizm, gilozoizm, panteizm kabi falsafiy oqimlarda turlicha yondashuvlar mavjud.
Materializm namoyandalarining ko‘pchiligi ongni in'ikosning alohida shakli deb biladi. Materialistik nuqtai nazardan in'ikos harakatlanuvchi, rivojlanuvchi, o‘zgaruvchi materiyaning atributlaridan biridir, ong – tashqi dunyoning inson miyasidagi in'ikosining oliy shaklidir, jonli tabiat evolyusiyasining yakunidir, bu – bugungacha ma'lum bo‘lgan moddiy tuzilmalardan eng murakkabining – inson miyasining – qurshab turgan dunyoni ideal obrazlar shaklida aks ettirish layoqatidir.
Idealistik falsafa ongni, ruhiy, ideal hodisani, moddiylikka bog‘liq bo‘lmagan, undan oldingi va hatto uni tug‘diradigan omil deb biladi. Idealizm ideal, ruhiy hodisalarni moddiylik sababli kelib chiqqan va ular o‘zaro bog‘liqdir deb bilmaydi, balki hatto buni to‘g‘ridan-to‘g‘ri inkor etadi, uni sub'ektiv kechinmalar, assotsiatsiyalar, fikrlar va g‘oyalarga to‘liq bo‘lgan biqiq, o‘ziga mustaqil dunyodir deb biladi, uningcha bu g‘oyalar yo moddiy dunyo bilan birga yashaydi, yoki tashqi dunyoning demiurgi, yaratuvchisidir.
Ob'ektiv idealizm vakillarining fikricha, go‘yo nomukammal, illyuzor moddiylikdan farqli o‘laroq, ideal narsa haqiqiy, abadiy, mukammal borliqdir. Ruh, aql, ideal narsa materiyadan avval bo‘lgan yoki u bilan birga yashaydi. Aflotunning «g‘oyalar dunyosi», Xegelning «absolyut g‘oya»si ana shunday. «G‘oyalar dunyosi», «absolyut ideya» faoldir; materiya, tabiat - passiv, turg‘undir. Aristotelning fikricha, faol ruh inert, amorf, turg‘un, o‘z mavjudligiga loqayd materiyani shakllantiradi, ruhlantiradi, unga tegishli tus beradi, ichki shakl, demak mohiyat va ma'no ato etadi.
Boshqa bir falsafiy yo‘nalish – sub'ektiv idealizm tarafdorlari ong muammosini birmuncha boshqacha hal qiladilar. Ularning fikricha, sub'ektning irodasi, ongi va aqliga bog‘liq bo‘lmagan holda ob'ektiv reallik mavjuddir degan tezis to‘g‘ri emas, aksincha, odam yashab turgan dunyo fikrlovchi sub'ektning sezgilari, tasavvurlari, kechinmalari, kayfiyatlari, ta'surotlari kompleksidir, yig‘indisidir. Sub'ektiv idealizmning eng yirik namoyondalari – D.Berkli, I.G.Fixte, D.YUm. Hozirgi vaqtda neopozitivizm, tanqidiy ratsionalizm, eksistensializmning ayrim tarafdorlari mazkur oqimga yaqinroq pozitsiyada turadilar.
Sub'ektiv idealizmning eng uchiga chiqqan shakli solipsizm nomini olgan falsafiy oqim bo‘lib, u faqat odamning, uning sub'ektiv dunyosining, ongining mavjudligiga asoslanadi, ob'ektiv dunyo, barcha predmetlar, odamlar, individni qurshab turgan hodisalar esa, uningcha, faqat odamning ongida mavjuddir. XIX-XX asr chegaralarida solipsizmning sub'ektiv-idealistik g‘oyalari immanent falsafa maktabining Germaniyadagi (E.Max, R.Avenarius), Rossiyadagi (N.O.Losskiy) va Evropaning boshqa mamlakatlaridagi vakillari tomonidan rivojlantirildi.
Eng yirik vakili R.Dekart bo‘lgan dualizm kabi falsafiy yo‘nalish ong masalasida o‘ziga xos o‘rin tutadi. Dualistlar borliq asosida ikkita mustaqil, tenghuquqli boshlang‘ich nuqta – modda va ruh mavjud deb da'vo qiladilar. Ong fenomenini gilozoizm deb atalgan falsafiy oqim o‘ziga xos tarzda talqin qiladi. U jonli tabiat bilan jonsiz tabiat o‘rtasidagi chegarani inkor etadi, butun materiya biron-bir darajada jonlidir, jonlantirilgandir, unga sezgi, psixika, ruh ato etilgandir, deb biladi.
Panteizm falsafasining vakillari gilozoizmga yaqin pozitsiyada turadilar. Ular «Xudo», «tabiat», «ruh» tushunchalarini maksimal darajada bir-biriga yaqinlashtiradilar. Panteizm g‘oyalari ilk sufizm oqimiga yaqin turadi. O‘rta asr Sharqining atoqli mutafakkiri al-G‘azzoliy shu oqimning yorqin vakili edi. Panteizm g‘oyalarini Jordano Bruno va Benedikt Spinoza yangi zamonning Evropadagi falsafiy an'anasi asosida rivojlantirdilar. Hozirgi, postklassik falsafaning ko‘pdan-ko‘p oqimlari ongni tahlil qilishga zo‘r e'tibor bermoqdalar. Masalan, Z.Freyd, K.YUng, E.Fromm nomlari bilan bog‘liq bo‘lgan psixoanaliz falsafasi ongsizni, uning sub'ektning ma'naviy borlig‘idagi rolini, shaxsning ongi va xulq-atvoriga ta'sirini o‘rganishga katta e'tibor beradi.