Abdulla qodiriy hajviyalarida maqollarning qo‘llanilishi annotatsiya



Yüklə 23,12 Kb.
səhifə1/2
tarix19.02.2023
ölçüsü23,12 Kb.
#123522
  1   2
Abdulla Qodiriy


Tojamatova Sarvinoz Rustambek qizi
Andijon viloyati Sh ahrixon tumani
Andijon davlat universiteti
filologiya (o’zbek tili) fakulteti III bosqich talabasi
Telefon: +998 94 385 06 01
sarvinoztojamatova@gmail.com
ABDULLA QODIRIY HAJVIYALARIDA MAQOLLARNING QO‘LLANILISHI


Annotatsiya: Ushbu maqolada Abdulla Qodiriy hajviyalarida keltirilgan maqollar haqida atroflicha so‘z yuritilgan. Bunda Qodiriy qo‘llagan maqollarning hikoyada qanday o‘rin tutganligi va qay ma’noda kelganligi misollar bilan ko‘rsatilgan. Uning ijodini o’rgangan bir qator adabiyotshunoslarning tahlillaridan ham foydalanilgan.


Annotatsion: This article gives you a brief overview on Abdullah Qadiri's comics. Here are some examples of how Qadiri's proverbs fit into the story and what they mean. Analyzes by a number of literary critics who have studied his work have also been used.


Kalit so‘zlar: Abdulla Qodiriy, “Kalvak maxzumning xotira daftaridan”, “Toshpo'lat tajang nima deydir?”, “Sart og’a-inilarga”, “Tepkan bilanqo’shulmaydir”, “Azob bog’chasidagi yig’i-sig’i kechasi”, Maqol, Hajviya, “Bo‘tqa”.


Key words: Abdulla Qodiriy, “Kalvak maxzumning xotira daftaridan”, “Toshpo'lat tajang nima deydir?”, “Sart og’a-inilarga”, “Tepkan bilanqo’shulmaydir”, “Azob bog’chasidagi yig’i-sig’i kechasi”, Maqol, Hajviya, “Bo‘tqa”.

Abdulla Qodiriy romanlari, hikoyalari, hajviyalari bilan o‘zbek adabiyotida bu janrlarning yuzaga kelishi va rivojlanishida o’zining munosib hissasini qo‘shdi. Adib ijodining muhim hislatlaridan biri o‘sha davr sharoiti va tarixiy burilishlar jarayonida xalq ichida bo‘layotgan hodisalar tasviriga murojaat etishidir. Qodiriyning mahorati esa o‘sha voqealarni goh tanqidiy goh hajviy usuldan foydalanib aks ettira olishida edi.


Yozuvchining o‘sha kezlari bizda “o‘tkir kulgi ijodchilari yo‘qligidan”, “Bugungi kungi hajviyotimizda keskinlik” yetishmayotganligidan afsuslanadi. “Biroq yaxshi xususiyatimiz shundaki, har zamon jamiyatning qitig‘ini izlaymiz, izlashdan charchamaymiz va o‘tirib ham qolmaymiz”, deya o‘ziga taskin beradi: yangi inqlobiy hajvchilik “yoshligi jihatidan dag‘alligi, qo’polligi va kamchiligi bo‘lishi ham tabiiy” (Umarali Normatov, 1991) ekanini e’tirof etadi.
Abdulla Qodiriyning o‘zbek hajviy publitsistikasi xazinasi va rivojiga qo‘shgan buyuk hissalaridan biri shundaki, u ijtimoiy-ijodiy sohaning eng mukammal janri - ma'lum tip bilan bog‘langan felyetonlar turkumini va ularda to‘la ma’nodagi hajviy tiplarni yaratdi. Bu adibning “Kalvak maxzumning xotira daftaridan” va “Toshpo'lat tajang nima deydir?” asarlaridir. Har ikki asar ham o'zbek hajviy publitsistikasi va hajviy adabiyotida mislsiz yangilik bo'ldi.
Hajv—biron shaxsni tanqid qilish, ayovsiz qoralash, kamchiliklarini sanab, ayblash maqsadida yaratiluvchi asar, adabiy janr(D.Quronov, Z.Mamajonov, M.Sheraliyeva. 2013.397-bet). Hajviy asarlar odatda tanqidiy ruhda bo‘lib, ularda jamiyat hayotining, shuningdek, ayrim guruh yoki shaxslarning aksariyat yomon tomonlari tasvirlanadi. Hajviyada tanqid qilinuvchi obyektga qaratilgan kinoyaviy masxaralovchi yoki fosh etuvchi kulgi asarning badiiy vositalarini belgilaydi. Hajviy asarlarda voqeani bo‘rttirib tasvirlash, mubolag‘a va fantaziyadan keng foydalanish xarakterli. Hajviya jamiyat hayotidagi ayrim illatlarni yo‘qotishga, kamchiliklarni tuzatishga, oldini olishga xizmat qiladi.
Qodiriyning hajviy-yumoristik mahorati, «xarakter kulgisi» yaratish san ’ati, ayniqsa, «О’tkan kunlar» romanidagi O’zbek oyim, Xushroy, «Mehrobdan chayon»dagi Solih maxdum, «Obid ketmon»dagi Xatib domla va mulla Muhsin obrazlarida yorqin namoyon bo‘lgan (Safo Matjon, Sharofjon Sariyev. 2008, 160-bet).
Adibning yuksak hajv ustasi ekanligini uning o‘tkir ruhdagi hajviyalarida xalq maqollaridan unumli foydalana bilganligida ham ko’rishimiz mumkin. . Maqol xalq hayotiy tajribalari xulosasini badiiy jihatdan mukammal ifodalovchi hikmatli so‘zlardan iboratdir. Maqollarda ifodalanishi lozim bo‘lgan fikr va mazmun keng qamrovli bo‘ladi (O.Madayev, T.Sobitova. 2010. 33-bet). Qodiriy “Sart og’a-inilarga” hajviyasida “Sut bilan kirgan jon bilan chiqar” va “Tepkan bilan qo’shulmaydir” kabi xalq jonli tilidagi maqollarni mahorat bilan qo’llaydi. “Tilak” nomli hajviyasida xalq maqollaridan o’rinli foydalanganligini va kishining tilagi, orzu istaklari cheksizligini “Lo’li elaklik bo’ldi, eshak tilaklik bo’ldi” hamda “Yetmish yashagan qizning yeti yeti tilagi bor” kabi maqollarni keltirishi orqali ko‘rsatib bergan va hajviya davomida “Man qilaman o’ttuz, tangri qilur to’qquz” maqoli ham berib o’tilgan. Bundan tashqari adibning mahorati hajviyalarining sarlavhalarida ham maqollardan ustalik bilan foydalana olganligida seziladi. Jumladan: “Dardi yo’q – kesak, ishqi yo’q –Eshshak!”, “Kosa tegida nim kosa” va “Kelinni kelganda ko’r, sepini yoyganda ko’r” deb nomlaydi va bular butun boshli hajviyalarning mazmun va g‘oyasini ochib bera oladi. G‘oya asarda – qo‘yilgan va yoritilgan masalalarningmohiyatidan, xarakterlar talqinidan mantiqiy ravishda kelib chiqadigan xulosa. Shunga ko‘ra, mavzu asar g‘oyasi bilan uzviy bog‘liq bo‘ladi. (To’xta Boboyev, 2002. 102-bet). Yuqorida keltirilgan “Kelinni kelganda ko’r, sepini yoyganda ko’r” hajviyasining o’zida ham bir qancha tesha tegmagan maqollardan foydalangan. Masalan, “Osh tegsa—to’y, tegmasa—tafarruj…”, “Qoramol egasiga o’xshamasa, harom o’ladir”, “Avatiga—chavati, mis qozong’a—loy tuvoq”, “Eshagiga yarasha to’shovi” kabilar. “Bo‘tqa” nomli hajviyasida hozirgi kunda kamdan-kam qo‘llaniladigan “Laylakning ketidan qor yog’ib, hindining aqli tushdan keyin kirib” maqolining ishlatilishi xalq maqollarining bugunga qadar saqlanib qolishiga, yashovchanligiga xizmat qilgan desak ham mubolag‘a bo’lmaydi. Xalq maqollari ming yil davomida shoir va yozuvchilartomonidan badiiy asarlarga kiritildi va folklorizm namunasi sifatida so’z san’atidan o’rin oldi.( O.Madayev, T.Sobitova. 2010. 41-bet) “Echkining oti Abdukarim” hajviyasining butun bir mazmunini “Og‘zi qiyshiq bo’lsa ham boyvachcha gapirsin” maqoli ochib beradi. “Qul o‘lmas,rizqi kamaymas” maqoli qo‘llangan “Yig‘indi gaplar” turkumida yozuvchi o‘sha davr ijtimoiy hayotida yuz berayotgan voqea hodisalarni butunligicha tasvirlaydi. Bundan tashqari Abdulla Qodiriyning “Azob bog’chasidagi yig’i-sig’i kechasi” nomli kichik feletonida foydalanilgan “Birniki mingga, mingniki tumanga” maqoli asar qahramoning o’sha vaziyatdagi ahvolini to‘la ifodalashga xizmat qilgan bo’lsa, “Chiqib bozor aro poshshoyi tanga…”deb boshlanuvchi yana bir feletonida qo‘llanilgan “Sabr qilsang, go‘rodan xolva bitar, sabrsizlar o‘z oyog‘idan yitar” maqoli esa muallifning o‘sha paytdagi ijtimoiy holatga nisbatan aytgan naqli edi. Feleton–ko‘pincha hayotda haqiqatan ham mavjud bo‘lgan illatlarni, shu illatlarni o‘zida tashuvchi aniq kishilarning qusurlarini tadqiq etuvchi, uning ijtimoiy mohiyatini yorqin fosh etuvchi satirik janrdir. (Hotam Umurov.2004. 224-bet) “Uzr” hajviyasida keltirilgan “Ko‘z bo‘lmasa, qoziqning o‘rni”, “Bordan yuqar, yo‘qdan nima chiqar?”, “Oynadan achchig‘lanib, yalqashning foydasi yo‘q” kabi maqollar muallifning zaharhanda va kinoyali nutqini ifodalashga xizmat qilgan. Shu bilgan birga yozuvchi o’zining “G‘idi-bidi gaplar”, “Beshinchi xat”, “Ibi, ahmoq bo‘lling-chi?” va yana bir qancha kulgilik, hajviyalarida “Yurt ko‘rgan—el ko‘rgan”, “Qo‘shning ko‘r bo‘lsa, ko‘zingni qis”, “Yomonga o‘lum yo‘q” singari maqollardan ham foydalangan.
Xulosa o‘rnida shuni aytishimiz mumkinki, Abdulla Qodiriy o‘zining hajviyalari orqali o‘zbek adabiyotida shu turdagi asarlarning boyishiga munosib hissa qo‘shdi. Ularda qo‘llangan xalq maqollarining mahorat bilan tanlanishi va asar mazmun mohiyatiga to‘la-to‘kis mos kelishi, adibning qanchalik mohir so‘z ustasi bo‘lganligini ko’rsatib bergan.



Yüklə 23,12 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©muhaz.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin