II-BOB. AMIR TEMUR VA TEMURIYLAR DAVRI OBIDALARI VA ULARNNG O’RGANILISH TARIXI.
2.1 AMIR TEMUR (GO’RI AMIR) MAQBARASI VA AMIR TEMUR (BIBIXONIM) JOME MASJIDINING O’RGANILISH TARIXI.
«Amir Temur maqbarasi». XIV asrning so‘nggi yillari Sohibqiron Amir Temurning Kichik Osiyoga qilgan yurishi yangi-yangi zafarlar bilan boyib bormoqda. Amir Temur jo‘natgan chopar, 1401 yili poytaxtga etib kelib, bobosi tomonidan Samarqand hokimi qilib tayinlangan Muhammad Sultonga sohibqironning maktubini topshirdi. Maktubda, bobosi Muhammad Sultonni o‘z yoniga, ya’ni, Kichik Osiyoga zo‘dlik bilan chorlagan edi. Bobosi unga Forsning shimoli-g‘arbiy viloyatlarini tortiq qilmoqchi edi. Kichik Osiyoga etib kelgan Muhammad Sulton bu erda olib borilayotgan urush harakatlarida ham qatnashib o‘z jasorati bilan hukmdor bobosini yana xushnud etadi. Turkiyada olib borilgan harbiy harakatlar zafar bilan yakunlangach, Muhammad Sulton bobosining ruxsati bilan o‘ziga in’om qilingan viloyatlar tomon yo‘lga tushadi. Ammo, Muhammad Sulton ko‘zlangan manziliga etib borolmadi, yo‘lda to‘satdan kasallanib 1403 yilning bahorida, Qorahisor yaqinida vafot etadi. Taxt vorisi, 29 yoshli jasur Muhammad Sultonning bevaqt o‘limi Amir Temurni chuqur qayg‘uga soldi. Motam e’lon qilinib, barcha qo‘shin qora va ko‘k libos kiydi, hattoki, oq ot minish ham taqiqlandi.37
SHahzodaning tanasini Arzirum yaqinidagi Onik shahriga keltiradilar va bu erda boshqa tobutga solishib Sultoniyadagi avliyo Haydar qabristoniga dafn etadilar. Sohibqiron Onik shahriga etib kelib nabirasiga bag‘ishlab katta xudoyi beradi, ruhiga Qur’on tilovat qiladi. Sohibqiron Samar- qandga chopar jo‘natib, Muhammad Sultonga atab u qurdirgan madrasa yonida maqbara qurishga buyruq beradi. Muhammad Sulton vafotiga bir yil to‘lishi munosabati bilan, Amir Temur yil oshi berdi, shundan so‘ng, shahzodaning onasi Suyunch Og‘a sohibqironning ijozati bilan o‘g‘lining tanasini Sultoniyadan Samarqandga olib ketadi... Muhammad Sultonning jasadini madrasa yonida yangi qurilgan maqbaraga dafn etadilar. Oradan ozgina vaqt o‘tgach sohibqiron poytaxtga qaytadi va nabirasini qabrini ziyorat qiladi. Ammo, sohibqironni bu maqbara qanoatlantirmaydi. Amir Temur suyukli nabirasi Muhammad Sultonning xotirasiga ulug‘vor maqbara bunyod qilishga farmon beradi. SHu tariqa, 1404 yilning kuzida hozirgi Amir Temur maqbarasining qurilishi boshlanadi. Keyingi sharoitlar tufayli bu maqbara nafaqat Muhammad Sulton uchun, balki, Amir Temur, Mir Sayid Baraka, Mironshoh, SHohruh va Ulug‘beklar uchun ham abadiy oromgohga aylanadi.
Bu maqbara tez sur’atlar bilan qurilayotgan vaqtda sohibqiron Xitoy yurishiga otlanadi, ammo, hozirgi Qozog‘iston territoriyasidagi O‘tror shahrida kasallanib, 1405 yilning 18 fevralda vafot etadi. Sohibqironni tanasini Utrordan olib kelishib Muhammad Sulton qabri yoniga dafn etdilar. Amir Temur maqbarasi Xalil Sulton hukmronligi davrida oxiriga etgan, degan fikrlar mavjud. Ammo, u bobosi Amir Temur va Muhammad Sultonlarning jasadlarini yangi maqbaraga ko‘chirib o‘tkazishga ulgurmagan edi. 1409 yili Mirzo SHohruh Samarqand taxtini Xalil Sultondan tortib oladi, uni taxtdan tushirib Eronning Ray shahriga hokim qilib tayinlaydi.
Mirzo SHohruh hozirgi Afg‘onistonning Andhoy shahridan 1403 yilning qishida vafot etgan, otasining piri, ulug‘ shayx Mir Sayyid Barakaning xokini olib keltirib yangi maqbaraga dafn etdirdi, so‘ngra, Amir Temur va Muhammad Sultonlarning jasadlari ko‘chirib o‘tkazildi. SHu tariqa Go‘ri Amir maqbarasi temuriylar sulolasining xilxonasiga aylandi...
Mirzo SHohruh Samarqand taxtiga o‘g‘li Ulug‘bekni o‘tqazib o‘zi Xurosonga qaytib ketadi... Samarqandda barpo qilingan bu ulug‘vor maqbara haqida juda ko‘p yozilgan. Ne-ne sayyohlar uning salobati va ulug‘vorligi oldida lol qolmagan deysiz. Maqbara ikki qavatli bo‘lib uning pastki qavatida sag‘ana ustida esa ziyoratxona qurilgan. Sag‘ana va ziyoratxona ustida dumaloq shaklli, sakkiz qarrali inshoot qurilgan. Maqbaraning moviy gumbazi ham ikki qavatli bo‘lib, ularning orasidagi markaziy bino ichini o‘ta isib yoki sovub ketishdan saqlagan. Maqbaraning ikki yonida ikki ulug‘vor minora ko‘kka bo‘y cho‘zib turibdi. Dastlabki loyihaga ko‘ra maqbaraga shimoliy tomonidan kirilgan, Mirzo Ulug‘bek o‘z hukmronligi davrida bu eshikni yopib sharqiy tomonda galereya qurgan va yangi eshik ochgan. Maqbaraning ichki va tashqi devorlari, gumbazi, rang-barang koshinlar, naqshlar bilan qoplangan. SHuningdek, devorlarga Qur’ondan suralar yozilgandir. Ayniqsa, maqbara gumbazning ichki tomonida oltin suvi bilan ishlangan nafis, jimjimador naqshlar barchani hayratga soladi. Maqbara hovlisiga CHo‘ponotadan keltirilib silliqlangan toshlar yuksak did bilan terilgan.38
YUqorida aytganimizdek, maqbara sag‘ana va ziyoratxonadan iborat bo‘lib, sag‘anada haqiqiy jasadlar dafn etilgan. YUqoridagi ziyoratxonada esa pastdagi qabrlarning aynan nusxalari yasalgandir. SHu sababli, ko‘pchilik, haqiqiy jasadlarni qaerda ekanligini ham chalkashtiradilar. Pastdagi sag‘ana har qanday bezaklardan xoli, oddiy qurilgan bo‘lsa, ziyoratxona o‘ta hashamatli qilib bezatilgandir. Bu erdagi qalbaki qabrlar atrofi qimmatbaho aqiq (oniks) toshdan, jimjimador qilib yasalgan panjara bilan o‘ralgan. Gumbazning shiftiga esa charog‘on nur sochuvchi qimmatbaho qandil osilgan. Maqbara gumbazining tepasida sof oltindan yasalgan kattakon qubba quyosh nurlarida yarqirab turgan. Maqbaraning fil suyagi va har xil qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan eshiklarini o‘z davrining eng mohir ustalari yasaganlar.
Ushbu maqbaraga Mir Sayyid Baraka, Amir Temur va Muhammad Sultonlardan keyin, sohib- qironning o‘g‘illari Mironshoh, SHohruh va nabirasi Mirzo Ulug‘beklar ham dafn etilgan. Olimlarning fikrlaricha, maqbaraga, shuningdek, Sayid Umar va Ulug‘bekning bevaqt vafot etgan ikki o‘g‘ilchalarining jasadlari ham dafn etilganlar.
Tarixiy manbalarda yozilishicha, maqbaraning ikki yonida Muhammad Sulton tomonidan barpo qilingan xonaqo va madrasa bo‘lgan, ammo, vaqt o‘tishi bilan bu ikki tarixiy inshoot vayron bo‘lib ketgan. Ammo, Amir Temur maqbarasi uzoq asrlarning suronlariga bardosh berib bizning kunlarimizgacha etib kelgandir.
Amir Temur va temuriylardan so‘ng Samarqandda huqmronlik qilgan podsholar va hokimlar ham ulug‘ sohibqiron yotgan maqbarani ta’mirlashga g‘amxo‘rlik qilganlar. Hattoki, uzoq Hindi- stonda huqmronlik qilayotgan boburiy Avrangzeb, ulug‘ bobokoloni Amir Temurning maqbarasiga g‘amxo‘rlik qilgan, u shu maqsadda Samarqandga Hindistondan mablag‘ jo‘natgan. Maqbara samarqandliklar orasida ham katta ehtiromga ega edi, biror kishi maqbara yonidan ot minib o‘tmas, o‘tayotganlar qur’ondan oyatlar tilovat qilar edilar...39
1868 yili ruslar Samarqandni istilo qilganlarida bu ulug‘vor maqbara yaxshi holatda edi. Ayrim rus olimlari maqbarani har tomonlama o‘rganishga kirishdilar. Lekin, aynan shu davrlarda maqbara boshiga qora kunlar tushdi. Maqbara gumbazining tepasidagi oltin qubba o‘g‘irlandi, naqshinkor, fil suyagi va qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan eshik o‘g‘irlanib xorijga olib ketildi. SHuningdek, maqbaraning jimjimador panjarasi qo‘porilib Sankt-Peterburgga jo‘natildi, 1903 yilning 18 mayida shimoli-g‘arbiy minora qo‘lab tushdi. Rus ma’muriyati maqbara atrofida barpo qilgan bog‘dan suv qochib sag‘anadagi qabrlarni ikki marta suv bosdi. 1905 yili maqbara eshigi tepasidagi yozuv bitilgan nafis panno ham o‘g‘irlab ketildi... 1907 yilning 8 oktyabrida yuz bergan zilzila tufayli qarovsiz qolgan maqbara ziyon ko‘rdi. 1923 va 1929 yillarda yodgorliklarni asrash komissiyasining xodimlari maqbarada ayrim ta’mirlash ishlarini o‘tkazdilar.
1941 yilning 16-22 iyun kunlari Hukumat ekspeditsiyasi tomonidan Amir Temur maqbarasidagi qabrlar birin-ketin ochildi. Birinchi bo‘lib Amir Temurning o‘rtancha o‘g‘li Mironshohning qabri ochildi. Qabr ustidagi marmar plita ochilgach, marmardan terib yasalgan lahad ko‘rindi. Qabrni suv bosganligi uchun suyaklar chirib murtlashib qolgan, jasad sof musulmon odaticha dafn etilgan ekan. Qabrdan oshiqcha narsalar topilmadi. Jasad takroriy dafn etilganligi, ya’ni, boshqa joydan ko‘chirib kelganligi yaqqol ko‘rinib turibdi. Mironshohning qabri ochilgandan so‘ng, Mirzo SHohruhning qabrini ochishga kirishildi...40
Sohibqiron Amir Temurniing kenja o‘g‘li Mirzo SHohruh 1447 yili 70 yoshida Forsda vafot etgan. Uni dastlab Hirot shahriga dafn etganlar, so‘ngra Mirzo Ulug‘bek tomonidan Samarqandga keltirilib Amir Temur maqbarasiga dafn etilgan. SHohruh qabri ustidagi marmar toshda uning tug‘ilgan va vafot etgan sanalari yozilgan. Bu qabrtosh ko‘chirib olinganida, marmar toshlardan yasalgan lahad ko‘rindi. Lahaddagi jasad musulmoncha marosim bilan dafn etilganligi ko‘rinib turibdi. Jasadning ustida kafan qoldiqlari saqlangan, qabrni suv bosganligi uchun suyaklar va kafan chirigan. Jasad mumiyolangan bo‘lishiga qaramay zax ta’sirida ko‘p joylari chirigan ekan. Jasadning yonidan mayda toshchalar solingan yog‘och quticha va rayhon barglari solingan latta xaltacha topildi. Qabrdan chiqarilgan suyaklar kimyoviy usullar bilan qotirildi va tadqiq qilindi. Ekspedetsiya a’zolari SHohruh qabrini ochib bo‘lishgach Mirzo Ulug‘bek qabrini ochishga kirishdilar.
1449 yili qotil Abbos qo‘lida shahid bo‘lgan Mirzo Ulug‘bek ham ulug‘ sohibqiron bobosi yotgan maqbaraga dafn etilgandir. Mirzo Ulug‘bekning qabri ochilgach, uning qabrini tuzilishi ko‘p jihatlari bilan SHohruh qabriga o‘xshash ekanligi ma’lum bo‘ldi. Bu qabrni ham suv bosganligi uchun ichiga loyqa kirgan, suyaklarni chirishiga sabab bo‘lgan. Mirzo Ulug‘bek shahid bo‘lganligi uchun musulmon odatiga ko‘ra, o‘ldirilgan paytda qanday kiyimda bo‘lsa o‘sha kiyimlar bilan dafn etilgandir. SHu sababli qabrdan Ulug‘bekning kamari, chalvori, kuylagi va boshqa liboslarining qoldiqlari topildi. Ulug‘bek suyaklarini o‘rgangan antropologlar haqiqatan uning boshi o‘tkir tig‘ bilan kesilganligini aniqladilar.
Mirzo Ulug‘bekning qabri ochib bo‘lingach ekspeditsiya qatnashchilari Amir Temur qabrini ochishga kirishdilar. Bu ish 1941 yilning 19 iyunida boshlangan edi. Dastlab qabr ustidagi qalin marmar plitani ko‘chirib olishga to‘g‘ri keldi. Bu toshga sohibqironning shajarasi yozilgandir. YOzuv bitilgan tosh ko‘chirib olinganida, lahadning og‘zini berkitib turgan 5ta marmar plita ko‘rindi. Bu plitalar ham joyidan ko‘chirib olingach, marmar toshlardan katta mahorat bilan yasalgan lahad ko‘rindi. Amir Temurning qabri ochilgach, u archa daraxtidan yasalgan yog‘och tobutda dafn etilganligi ma’lum bo‘ldi. Tobutning ustida esa ikki qavatli gazlamaning qoldiqlari saqlangandi.
Pishiq va nafis qilib to‘qilgan bu gazlamalarga oltin iplar bilan arabcha yozuvlar bitilgan ekan. Ekspeditsiya qatnashchilari bu narsani birinchi marta uchratayotganliklari uchun hayron qoldilar, uni sharhlari uchun har xil taxminlar aytildi. Ayrimlar bu gazlamalar. Amir Temurning jangovor bayrog‘i desalar, boshqa bir guruh olimlar, bu gazlamalar Kaaba ustiga yopilgan kaabapush ekanligini aytganlar. Tobut ustidagi gazlamalar ko‘chirib olinib uning qopqog‘i ochilganida, Amir Temurning suyaklari ko‘rindi. Qabrni suv bosganligi uchun sohibqironning mumiyolangan suyaklarining ko‘p qismi chirigan ekan. Qabr ochilganda undan taralgan xushbuy hid sag‘ana ichini qoplagan edi, bu Amir Temurning qabriga xushbo‘y modda sepilganligidan darak beradi. SHu o‘rinda yana bir narsani aytmoq lozimdir. Amir Temurning qabri ochilishdan oldin ko‘pchilik o‘rtasida u katta boylik bilan dafn etilgan, degan mish-mishlar yurardi. SHu sababli Amir Temurning qabri ochiladigan kuni hamma sergak, maqbara atrofiga ko‘pchilik tomoshabinlar to‘plangan edi. Qabr ochilganidan so‘ng ma’lum bo‘lishicha, u hech qanday oshiqcha narsalarsiz, sof musulmoncha marosimlar bilan dafn etilgan ekan. Bundan tashqari, arab tarixchisi Ibn Arabshohning gaplari ham tasdiqlanmadi. Uning yozishicha, Amir Temur sherozlik ustalar yasagan po‘lat tobutda dafn etilgan bo‘lishi lozim edi. Biz yuqorida aytganimizdek Amir Temur po‘lat tobutda emas, archa daraxtidan yasalgan oddiy tobutda dafn etilgandir. Hukumat ekspeditsiyasi qatnashchilari, sohibqiron qabrini ochib bo‘lishgach, uning suyukli nabirasi Muhammad Sultonning qabrini ochishga kirishdilar. Ma’lumki, Muhammad Sulton bobosining chap tomonida abadiy uyquda yotibdi. Afsuski, Muhammad Sulton qabri ustidagi yozuvli tosh o‘g‘irlab ketilgandir. Qabr ustini yopib turgan plitalar ko‘chirib olingach, uning ichida yog‘och tobutning qoldiqlari ko‘rindi. YOg‘och tobutnig ustida xuddi Amir Temurning tobuti ustidagi gazlamalarga aynan o‘xshash gazlamalar topildi. Olimlar gazlama va tobutning qopqog‘ini avaylab ko‘chirib oldilar. Tobutning ichidan kafan parchalari va rayhon barglari topildi. Muhammad Sultonning qabriga ham xushbuy narsalar sepilganligi uchun uning ichidan hamon o‘sha moddaning hidi taralib turardi. Qabrni suv bosganligi uchun Muhammad Sultonning suyaklari ham chirigan ekan. Suyaklar ximiyaviy usullar bilan qotirilgach, tekshirish uchun qabrdan chiqarib olindi.41
1941 yilning 24 iyunida Go‘ri Amir maqbarasidagi qazishmalar yakunlanib, qabrlardan chiqarib olingan Amir Temur Mironshoh, SHohruh, Ulug‘bek va Muhammad Sultonlarning suyaklari maxsus qutilarga joylanib poezd bilan Toshkentga olib ketildi. Maqbaraning eshiklari muhrlanib yopib qo‘yildi. Antropolog M.M.Gerasimov o‘zi yaratgan usul bilan Amir Temur, Mironshoh, SHohruh, Mirzo Ulug‘bek va Muhammad Sultonlarning xujjatli portretlarini yaratdi. O‘sha davrda M.Gerasimov yaratgan bu portretlar ko‘pchilik olimlar ishtirokida muhokama qilinib qabul qilingan edi. Ammo, oradan yarim asr vaqt o‘tgach, antropolog M.Gerasimovning, bosh chanoqlari asosida odamlarning portretlarini yaratish metodikasida ko‘pgina xatoliklar borligi aniqlandi. 1942 yilning oxirlariga kelib, Amir Temur maqbarasidan qazib olingan suyaklar ilmiy jihatdan o‘rganib bo‘lingach, qaytadan o‘z joylariga dafn etildi. Lekin, qabrlardan olingan ko‘pgina narsalar, tobutlar va gazlamalar, Mirzo Ulug‘bekning liboslari marhumlarning mumiyolangan tana a’zolari, kafanlar, soch-soqolari qayta o‘z joyiga qo‘yilmadi.
Amir Temur maqbarasining ichiga 9 kishining jasadi dafn etilgan bo‘lsa, uning hovlisiga 30dan oshiq marhumlar dafn etilgani ma’lumdir. Bu marhumlar temuriylar xonadoniga mansub ayollar va erta xazon bo‘lgan gudaklardirlar. Ularning qabrlari 1950-yillargacha bus-butun turgan edi, ammo, shundan so‘ng maqbarani ta’mirlash bahonasida bu qabrlar va qabrtoshlar yo‘q qilib yuborilgan.42
O‘zbekiston mustaqillikka erishgach Samarqanddagi boshqa me’morchilik yodgorliklari kabi Amir Temur maqbarasiga ham katta g‘amxo‘rlik qilindi, u qayta ta’mirlandi, XV asrdagi tarixiy qiyofasi qayta tiklandi. Sohibqiron Amir Temur, Mir Sayiid Baraka, o‘g‘illari Mironshoh, SHohruh suyukli nabiralari Muhammad Sulton va Mirzo Ulug‘beklar abadiy uyquda yotgan Go‘ri Amir maqbarasi hozirda er yuzining turli-tuman tomonlaridan Samarqandga tashrif buyuruvchi sayyohlar uchun muqaddas ziyoratgohga aylangandi. Yana bazi bir manbalarda G’riamir maqbarasi haqida boshqacha manbalar ham mavjud bo’lib, jumladan, xalqimiz orasida Go’ri Amir yoki Go’ri Mir (Mir Sayyid Baraka) deb nomlanib kelinayotgan me’moriy yodgorlik hisoblanadi. Dunyo ahli biladiki, bu maqbaraga temuriylar sulolasiga mansub Amir Temur, uning piri Mir Sayyid Baraka, o’g’illari Umarshayx, Mironshoh va Shohrux, nabiralari Muhammad Sulton, Ulugbek Mirzo dafn etilgan. Amir Temur maqbarasi O’rta Osiyo me’morchiligining noyob asari sifatida e’tirof etiladi. Bu bino, dastlab 1401 yili Amir Temurning nevarasi va vorisi Muhammad Sultonning buyrug’i bilan madrasa sifatida asos topgan edi. Ammo tarixiy adabiyotlardan ma’lumki 1403 yili Muhammad Sulton Kichik Osiyo sohillariga qilgan uzoq safaridan qaytib kelayotganda to’satdan kasal bo’lib, vafot etadi. Shu munosabat bilan madrasa qayta qurilib, uning jasadi shu yerga qo’yilgan. Amir Temur tarixchisi Sharafiddin Ali Yazdiy bu binoni: “Osmon kabi baland gumbaz, devorlarining pastki qismi zarhal va lojuvard bilan bezatilgan marmar toshdan qilingan”, - deb ta’riflaydi. 1405 yilda Amir Temurning o’zi ham shu yerga dafn etilgan. Shohrux Mirzo buyrug’i bilan Mirzo Ulug’bek davrida go’rxona binosi tugallangan hamda Amir Temur va temuriylar xilxonasiga aylantirilgan. Dastlab maqbaraga shimoliy eshikdan kirilgan. Mirzo Ulug’bek tomonidan sharqiy eshik 1425 yilda ochilgan, chunki Mir Sayyid Barakaning bosh tomonlaridan kirishni Mirzo Ulug’bek hurmatsizlik deb hisoblagan.43
1868 yilda Chor Rossiyasi istilosi yillarida maqbara darvozalari o’g’irlab ketilgan. Sohibqiron Amir Temur saroyi darvozalaridan biri Londonda, yana biriErmitajda va uchinchi eshik esa O’zbekiston madaniyati va tarixi davlat muzeyi fondida saqlanmoqda.
Amir Temur maqbarasi kirish peshtoqida ham yozuvlarni uchratamiz. Mirzo Ulug’bek davrida maqbaraga kirish uchun qurilgan eshikning yoni va tepalari nafis bezatilgan. Ilgari eshik tepasida: «Bu shavkatli Amir Temurning qabri...» deb yozilgan koshinli lavha bo’lgan (bu plita hozir Sankt-Peterburgdagi Davlat Ermitajida saqlanadi). Maqbaraga qator gumbazli galereyadan o’tib kiriladi.
Maqbara kirish peshtoqining tepa qismi kitobasida kufiy xatida Rasululloh (s. a. v.)ning hadislari yozilgan. (Payg’ambar) alayhissalom: “Beshikdan qabrgacha ilm izlang”, – dedilar.44
Bunday mazmundagi da’vatlarni Samarqandning boshqa me’moriy obidalari peshtoq yozuvlariga ham uchratishimiz mumkin. Ilm olgan kishi hayotda og’ir damlarida ham o’zligini yo’qotmaydi. Yunon faylasufi Suqrotning delfiya ibodatxonasidagi o’gitida ham “O’z-o’zingni anglagin va bilgin” degan o’gitini ko’plab shaxslar o’ziga shior etganlar. Inson o’zligini bilishi uchun avvalanbor ilmli bo’lishi lozim. Chunki ilm chasm gavhari hisoblanib sharq donishmandlari- ning asosiy qarashlarida aksini topgan.
Maqbara peshtoqida suls xatida oq rangda Qur’oni karimdagi “Oli imron” surasining 3:104-oyati bitilgan. Unda Alloh taborak va taolo dedi: “104. Sizlardan yaxshilikka da’vat etadigan, amri ma’ruf vanahiy ishlarini olib boradigan bir ummat bo’lsin. Aynan o‘shalar najot topguvchilardir. Buyuk Alloh to’g’ri so’zlaguvchidir.” Musulmon olamida barchaga ma’lumki, namozdan so’ng amri ma’ruf qilinadi. Bu an’anaviy tadbirga aylangan. Unda namozga yig’ilganlar orqali boshqa jamoa vakillariga ham pand-nasihatlar qilinib, barchani insof, diyonat, or- nomus, ona Vatanga hurmat kabilarga da’vat etiladi. Shuningdek amri ma‘ruf asosida razilat, zulm hamda yomon ishlar botqog’idan insoniyatni qaytarib, ularning amallarini to’g’rilikga yo’naltiriladi.
Maqbara devorlariga zangori, havo rang va oq sirli koshinlar qoplangan, bu koshinlar geometrik shaklda terilib, arabcha xat bitilib, ustalik bilan ishlangan. Me’mor bir-biriga mos shakllardan foydalanib, binolarning katta sathlarini mohirlik bilan bezagan.
Maqbara ravoqning o’ng va chap tomonlaridagi kichik to’rt burchakli lavha ichidagi yozuvning o’ng tarafdagi lavha ichiga kufiy xati bilan oq rangda: " – “Alloh taborak va taolo dedi” – deb yozilgan. Suls xatida sariq rangda esa Qur’oni karimdagi “Oli Imron” surasi 3:97-oyatining bir qismi bitilgan. “...Unga (Ka’baga) kirgan kishi omonda bo’lur”. Ravoqning chap tomondagi lavha ichiga kufiy xati bilan oq rangda: “Payg’ambar alayhissalom dedilar” –” “ – deb yozilgan. Suls xatida sariq rangda esa Payg’ambar (a.s.v.)ning - “Ulamolar payg’ambarlarning merosxo’ridir” – degan hadislari bitilgan.45 Bu yozuvlardan ko’rinib turibdiki insoniyat doimo bu yorug’ dunyoda turmush ilinjida tashvishlar bilan yashaydi. Vafotidan so’ng bu muammolardan xoli bo’lib, tinchlikga ravona bo’ladi. Bu dunyoda iymon-etiqodli yashash lozimligi va kimligini unutmasligiga shama qilinmoqda. Ulamo (arabcha-olim) ya’ni bilimdon islom ilohiyotchilari va huquqshunos (faqih)lari, shuningdek, diniy muassasalarga, sud (qozilik) mahkamalariga, o’quv yurtlariga mutasaddi bo’lgan barcha islom dini olimlari adolatli bo’lishlari kerakligi ta’kidlanmoqda. Chunki payg’ambar so’zining lug’aviy ma’nosidan kelib chiqsak, savobli, to’g’ri amallar haqida mujda beruvchi kishi bo’lsa, ulamo uning davomchisi deb hadis keltirilmoqda.
Maqbara peshtoq katta ravog’ining ichki qismida devorning uch tarafida bitiklar o’rin olgan. Asl yozuvlardan faqat boshlanish qismi saqlanib qolgan. Uchala tarafdagi yozuvlarning tepasida oq rang bilan kufiy xatida Payg’ambar (a.s.v.)ning hadislari bitilgan. (Payg’ambar) alayhissalom dedilar: “Qaysi bir kimsaga Alloh yaxshilikni ravo ko’rsa, uni diniy huquqshunoslik ilmlariga mohir qilib qo’yadi. Albatta, men taqsimlovchiman, xolos, Alloh beradi. Ummatimdan bir guruh Alloh taolaning amrini ado etishda davom etadi na o’z hollariga tashlab qo’yib yordam bermaganlar va na qarshi chiqqanlar ularga zarar keltira oladi! Ular Alloh taoloning amri kelganda ham (ya’ni Qiyomat bo’lganda ham) shu yo’sinda kurashayotgan bo’ladi. ” O’rta qismiga Qur’oni karimdagi “Hijr” surasining 15:45- va 15:46-oyatlari, chap tarafiga esa o’xshatma so’zlar yozilgan.46
Bu matnlarda aynan nimaga shama qilinayotganligi jumboqlidir. Menimcha bu matn faqat huquqshunos ilmidan boxabar kishiga emas balkim, har qaysi qonun-qoida biluvchi kishiga imkoniyatlar eshigining ochilishi haqida mujda bo’lsa kerak. Bunday shaxslar har qanday holda o’zlari tanlagan yo’llaridan qaytmasliklari ta’kidlanayotgandir. Maqbara kirish ravog’ining ichki qismida yozuvda aynan “Hijr” surasi oyatining keltirishi sababi menimcha osmon, zamin, ma’danlarga to’la tog’lar va shamolning Alloh tomonidan insonga xizmat qilishi keltirilgani, lekin Yaratganning amri bilan “qora loy”dan yaralgan insonga nisbattan shaytonning adovati qiyomatgacha davom etishi ogohlikga da’vat sifatida ota-bobolarimizning bizga nasihatlari hamdir. Har bir insonning bu olam o’tkinchi ekanligi, inson doim to’g’ri yo’ldan borishiga, xatosini barvaqtroq anglab uni qilmasligiga, shaytonga ergashmasligi xitob qilinmoqda. Bu yozuvdagi ibratli so’zlar shu zaminda yashayotgan insoniyat uchun ma’naviy barkamol shaxs sifatida shakllanishlari uchun maktab vazifasi hamdir.
Maqbara kirish ravoqda shuningdek, to’rtburchak shaklidagi lavhalarda bitiklar mavjud. O’ng va chap tarafdagi lavhalarga kufiy xatida “ ” – “Mulk – Allohniki”, – jumlasi uch martadan takror yozilgan. O’rtaga esa suls xatida me’morning ismi bitilgan. “(Bu Allohning) zaif bandasi Muhammad ibn Mahmud al-Banno al-Isfahoniyning ishi.”47
Maqbaraning tashqi tomoni bunyod qilinganda uning gumbaziga katta ahamiyat berilgan. Gumbaz ostki qismining aylanasi 15 metr, balandligi 12,5 metr bo’lsada, uning og’irligi sezilmaydi. Gumbazning rang-barang qilib ishlanishi katta ahamiyatga ega. Gumbazda havo rang ko’proq ishlatilgani uchun bu rang gumbazning egri chiziqli qobirg’alarida tovlanib, quyoshda charaqlab, guyo osmonga qadalib turadi. Gumbazning usti sirli koshinlar bilan qoplangan. Sharafalarida ham shunday koshinlardan hajmi bir-biriga mos qilib ishlangan chiroyli jimjimalar bor. Maqbaraning tashqi gumbazi yodgorlikning tashqi qiyofasi yanada salobatli bo’lishi uchun uning ustiga ikkinchi gumbaz o’rnatilgan.
Maqbara tashqi devorining tepa qismiga binoning boshidan oxirigacha yozuvlar bitilgan. U joyda kufiy xatida bir necha bor – “Mulk – Allohniki”, “ Boqiylik – Allohga xos”, “Allohga shukr”, “Buyuklik – Allohga xos”, – jumlalari yozilgan. Bu yozuvlar shu davr mafkuraviy qarashi bo’lishi bilan birga, har bir tirik bandaga takror va takror boylikga berilib o’zligini yo’qotmas- likga hamda bu o’tkinchi davr ekanligi aytilmoqda.
Suls xatida esa, aslida, binoning qurilishiga oid ma’lumotlar yozilgan bo’lgan. Ammo uning juda oz qismi saqlanib qolgan. Ta’mirlash jarayonida o’chirilgan so’zlar o’rniga Qur’oni karimning “Mulk” surasi yozib qo’yilgan.48 Mulk surasida barcha yeru-osmon egasi Alloh ekanligi, U ko’ruvchi va biluvchi va barcha narsaga qodir ekanligi qayd etilgan. Insoniyat bu dunyoda sinov uchun yaratilganligi va oxiratda bu qilmishlariga javobgarligi belgilangan.
Maqbara ichki ravoq yozuvlarida: “So’zimdan (binoning) chizmasi ta’rixini o’qigilki,...” deb bitilgan. Maqbaraga olib boradigan yo’lakka o’tish eshigi va eshik ustida yozuvlar bor. Eshikning o’ng tomoniga suls xatida Allohni ulug’lovchi kalima bitilgan. “ - “Alloh uning buyukligi juda buyuk”.49
Allohning buyukligi, uning kuch-qudrati, bu dunyoning hech kimga abadiy emasligi, oxiratga nazar tashlab bu dunyo imkoniyatlaridan to’g’ri yo’llarda foydalanish lozimligi binoning mafkuraviy asosi sifatida gavdalangan.
Maqbara ichki ravoq kirish eshigi yuqorisidagi bitikda suls xati bilan matnda: “(Bu) olam sultoni Amir Temur Ko’ragoniy qabrlari, Alloh qabrlarini muattar, joylarini jannat bog’laridan qilsin. Zamon Sultonining ishoralari bilan (qurilgan) ... Eshikning chap yuqori tomonida esa suls xatida “ - ” Muhammad (a.s.v.) – Allohning Rasuli”, – so’zlari yozilgan.” Maqbara ichki ravoq yozuvlarining yuqorisida kufiy xatida “Tamjid” kalimasi yozilgan. Allohning aybu nuqsoni yo’q va hamd – Alloh uchun. Va Allohdan o’zga iloh yo’q va Alloh – buyuk! Mutlaq kuch va quvvat qudratli va buyuk Allohdan o’zgada yo’qdir. Alloh nimaniki xohlasa, bo’ladi, nimaniki xohlamasa, bo’lmaydi”.50
Ta’kidlab o’tilgan peshtoq yozuvdan ko’rinib turibdiki, dastlab ushbu bino Amir Temur Kuragon ko’rsatmalari asosida qurilgan. Bu bino tarixiy manbalarda hatto 10 kun davomida qurib bitkazilganligi va keyinchalik kengaytirilib Ulug’bek Mirzo davrida qurilishi tugallanganligi qayd etilgan. Amir Temur 27 mamlakat hududini yagona islom dini mafkurasi bayrog’i asosida birlashtirgan. Allohning yagonaligi va ulug’ligi barchaga singdirilgan. Bu bilan o’zaro urushib qon to’kishlarga chek qo’yilib markazlashtirishni amalga oshirgan.
Go’ri Amir maqbarasi ichki kirish eshigida yozuvda: “Mulk Xudonikidir./ Oqibati xayrli bo’lsin”51 deb bitilishida ham insoniyatga murojaat yotibti.
O’zaro boylik, obro’-e’tibor talashish noo’rinligi ta’kidlanmoqda. Misol uchun, “Takosur surasi” (Takosur-to’plab ko’paytirishga berilmoq) da ko’p odamlarning to jonlari chiqib, qabrlariga kirgunlaricha mol-dunyo to’plashga va o’sha arzimas matolar bilan bir-birlariga maqtanishga mashg’ul bo’lishib, Allohni eslashdan va U zot buyurgan Haq yo’lda yurishdan yuz o’girganlari bayon etilgan va ularga bu qilmishlari oqibati jahannam ekani to’g’risida xabar beriladi.52
Darhaqiqat har bir inson ildam qadam tashlab yurarkan o’z ehtiyojini qondirish uchun mehnat qilib risqini topadi. Topgan risqi bilan o’zi, oila a’zolari- ning ehtiyojini qondiradi. Ortiq boylik va mulkga ega bo’lish halokat zinasiga olib borishini o’zbek xalqining: “Ko'z tuproqqa to'yar”, “Olg'irlik ofat keltirar, Bad- nafslik — halokat” degan maqollarida ham asoslangan.
Dostları ilə paylaş: |