Bugungi kun adabiy tanqidchiligi tamoyillari
Tanqid va adabiyotshunoslik kengashi tashabbusi bilan uyushtirilgan “Adabiy
tanqid: bugun va ertaga” deb nomlangan davra suhbatida ayni sohaga oid
kamchiliklar o‘rtaga tashlandi, adabiy tanqidning ijodiy jarayon ko‘zgusi ekani,
adabiyotning taraqqiyot yo‘lini belgilab berishi, uning hayotiy zarurat ekanligi
ta’kidlandi.
Tahririyatimiz davra suhbatida aytilgan fikr-mulohazalarni gazetada yoritib, adabiy
jamoatchilikni, keng kitobxonlar ommasini tanqidchilik muammolaridan, bu soha
jonkuyarlarining sa’y-harakatlaridan, taklif va tavsiyalaridan xabardor qilishni
rejalashtirgan edi. Albatta, bu ijodiy muloqot davomida aytilgan hamma gapni
gazeta sahifasiga sig‘dirishning imkoni yo‘q. Shu bois ishtirokchilarning
tanqidchilik ahvoli va rivoji uchun foydali, bevosita mavzuning o‘ziga doir fikr-
mulohazalarini sahifaga olib chiqishni maqsad qildik.
Davra suhbatini O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Tanqid va adabiyotshunoslik
kengashi raisi taniqli olim Suvon Meli olib bordi.
Suvon Meli, filologiya fanlari nomzodi:
— Bugungi adabiy jarayonda tanqidning o‘rni va roli har qachongidan-da muhim.
Zero, ijodiy sharoit barcha janrlarda, turli uslublarda yozish imkoniyatini yaratib
berdi, badiiy tafakkur ufqlari kengaydi. An’anaviy, realistik uslubdagi asarlar bilan
bir qatorda har xil adabiy oqimlarga xos usuldagi asarlar ham chop etilayotir.
Bugun tanqidchilik oldida mazkur jarayonni o‘rganish, jamoatchilikka, keng
kitobxonlar ommasiga ularning mazmun-mohiyatini tushuntirib berish, estetik
didni tarbiyalash, joriy adabiy tafakkurdagi o‘sish-o‘zgarishlarni aniqlab,
istiqboldagi taraqqiyot yo‘llarini ko‘rsatishdek dolzarb vazifalar turibdi. Bu
vazifalarni ado etishga chog‘langan adabiy tanqidning ayni paytdagi faoliyati
qoniqarlimi? Adabiy tanqid sustlashdi, taqrizchilik holiga tushib qoldi, hatto
“tanqidchilik” atamasidan voz kechib, “adabiyotshunoslik” atamasi bilan
kifoyalangan ma’qul, degan fikrlar qanchalik rost?..
Bugungi davra suhbatimizda yuqoridagi kabi bir qator savollarga birgalikda javob
qidirsak, muammolarni ro‘y-rost o‘rtaga tashlasak, aniq taklif va
mulohazalarimizni bayon etsak. Maqsad badiiy tafakkur taraqqiyotining yetakchi
kuchi bo‘lgan adabiy tanqidning yanada faollashuviga, tahlil va talqinda
teranlashuviga, ommabop va hozirjavobligiga turtki berishdan iboratdir.
Nurboy Jabborov, filologiya fanlari doktori
:
— Mustaqillik barcha sohalar qatori adabiyotshunoslik va adabiy tanqid rivoji
uchun ham katta imkoniyat yaratdi. Bu imkoniyatni voqelikka aylantirish
masalasiga kelsak, afsuski, buni to‘la-to‘kis uddalay olayotganimiz yo‘q. Adabiy
tanqid aslida ijodning alohida turi mavqeiga ko‘tarilishi kerak. Mahmudxo‘ja
Behbudiyning “Tanqid saralamoqdur” degan ta’rifi bu sohaning mohiyatini aniq va
lo‘nda ifodalagan. Lekin bizda bu soha mudom oqsab keladi. Nima uchun? Yana
Behbudiyga murojaat etamiz: “…hanuz tanqid davriga yetishganimiz yo‘q.
Ittifoqo, tanqid shaklinda bir nimarsa yozilsa, bizlarg‘a qattiq tegar.
Yozganlarimizni(ng) buzuqligi va fikrimizni(ng) xatoligi, ishimizni(ng) noqisligini
biror kishi ko‘rsatsa, achchig‘imiz kelur. Va ul odamni dushman ko‘rub, shaxsidan
nafrat va fikrig‘a norozilik bayon eturmizki, bul bizni(ng) yangidan ishg‘a
boshlaganimizdan, boshqa til ila noqisligimizdandur”. Bu — birinchi va bosh
sabab. Bugungi kunda ham ruhiyatimizda ayni holat yetakchilik qiladi. Shuning
uchun ham munaqqidlarimiz keskin tanqiddan saqlanishga urinadi. Boshqacha
aytganda, dushman orttirmaslikka intiladi. Natijada, bozorbop she’rlar, yengil-elpi,
ulug‘ hazrat Navoiy so‘zlashni “boisi beadablik” deb atagan uyatli holatlarni bayon
etuvchi “nasriy asar”lar urchib ketdi. Axir, bizda chinakam tanqidiy asarlar,
yozuvchi-shoirlarimiz tan olgan munaqqidlar bor edi-ku. Ustoz Ozod
Sharafiddinovning qo‘lma-qo‘l o‘qilgan “O‘zbeknoma” haqidagi mashhur
maqolasini eslang. Matyoqub Qo‘shjonovning, Norboy Xudoyberganovning
matbuotdagi chiqishlari-chi? To‘g‘ri, bugun ham tanqidiy maqolalar bosilib
turibdi. Lekin barmoq bilan sanarli. Qolaversa, bir-ikki maqola bilan adabiy
jarayonning o‘ziga xos tendentsiyalarini, tamoyillarini aniqlab, baholab bo‘lmaydi.
Keyingi paytda adabiy tanqidchilikda yana bir nojoiz urf ko‘zga tashlanmoqda. Bu
urf bizda yaratilgan badiiy asarlarni sun’iy ravishda G‘arbda paydo bo‘lgan
“izm”larga bog‘lashga intilish bilan bog‘liq. Ayon haqiqat shundaki, muayyan asar
saviyasi qaysidir “izm”ga aloqadorlikda emas, muallifning badiiy mahoratida
namoyon bo‘ladi. Munaqqid asar badiiyatini, muallifning ijodiy uslubidagi o‘ziga
xoslikni, obrazlilikda, qahramonlar ruhiyati tasvirida erishilgan yutuqlarni yoki
aksincha, kamchiliklarni chuqur tahlil etishi, shu asosdagi mantiqiy dalillangan
xulosalarni bera olishi zarur. Uning adabiy-tanqidiy maqolasini o‘qigan tajribali
adibu shoirlar ham, yosh boshlovchi qalamkashlar ham nimadir o‘rgansin, o‘zida
izlanish zaruratini sezsin. Munaqqid shundagina o‘z vazifasini bajargan
hisoblanadi. Ustoz shoiru adiblardan: “Ijod qilayotganimda, har doim Ozod
Sharafiddinov, Matyoqub Qo‘shjonov yelkamdan qarab turgandek tuyuladi. Bu
asarni o‘qiganda ular nima der edi, qanday baholardi, degan andisha meni mudom
ta’qib etadi”, degan e’tiroflarni ko‘p eshitganmiz. Ana shunday shaxsiyatlar
yetishmog‘i adabiy tanqid rivojining asosiy shartlaridan.
Adabiy tanqid borasida ham muvaffaqiyatlarimiz oz emas. Biroq biz bu yutuqlar
bilan cheklanib qolmasligimiz, muttasil izlanishda bo‘lmog‘imiz zarur. Adabiy
tanqid bevosita adabiy jarayon bilan baravar qadam bosishi, uning taraqqiyot
yo‘nalishini, rivojlanish istiqbolini belgilashga yordam berishi kerak. Buning
uchun barcha imkoniyatlar mujassam. Ijodiy erkinlik ham, ilmiy salohiyat ham
yetarli. Navqiron, umidli munaqqidlarimiz ham bor. Eng muhimi, adabiy
tanqidning xolis, jur’atli, ta’sirchan va yuqori saviyali bo‘lishiga erishmog‘imiz,
tanqidni to‘g‘ri qabul qilishga o‘rganishimiz zarur. Bu esa, o‘z navbatida, adabiy-
estetik tafakkurning o‘sishiga, milliy adabiyotning ravnaqiga olib keladi.
Bahodir Karimov, filologiya fanlari doktori
:
— Tanqidchining ishi oson emas. Bu yukni his qilish kerak. Ma’nisiz, tanqiddan
tuban “asar”larni do‘ppini hidlab o‘qish, so‘ngra “yozg‘uvchi”ni savalash odamga
xushkayfiyat bag‘ishlamaydi. San’at durdonalari haqidagi har qanday adabiy-tan-
qidiy maqola esa o‘sha badiiy asarlar bilan yonma-yon yashaydi. Tanqidchilik
martabasi ko‘p hollarda badiiy asarning poetik darajasiga bog‘liq bo‘ladi. Agar
odamni tafakkurga chorlaydigan, qalbga zavq, fikrga quvvat beradigan betakror,
go‘zal va umrboqiy asarlar yozilmasa, adabiy tanqid harakatdan to‘xtaydi.
Adabiy jarayon har doim o‘zining original tahlil usullariga, xos dunyoqarashi va
uslubiga ega munaqqidlar so‘ziga muhtoj. Davradoshining yangi bosilgan kitobiga
taqriz yozish, ora-orada uyushtiriladigan yubiley anjumanlarida umumchapakka
jo‘r bo‘lish bilan munaqqid bu sohada o‘z qalbi va qiyofasini namoyon eta
olmaydi. Munaqqidning talqinlari va tanqidlarini o‘qigan kitobxon badiiy asar
sirini, jozibasini, mohiyatini, adabiy haqiqatni anglasin.
Meningcha, ikki sababga ko‘ra adabiy jarayonda paydo bo‘layotgan asarlar
e’tiborsiz qoladi. Birinchidan, yangicha badiiy tafakkur mahsulini tushunish va
tushuntirishga munaqqidning idrok kuchi yetmasligi mumkin. Ikkinchidan, hikoya
atalgan “voqeanoma”, she’r deyilgan “darak gap” hech kimga ta’sirsiz, hech
qanday sirlarsiz, hammaga ma’lum, jo‘n, tanqid qilishga arzimaydigan narsalar
bo‘ladi. Bugungi kunda tarozi pallasini shu ikkinchi sabab bosib ketgandek
taassurot bor. Nasrda ramz va ibratdan ko‘ra quruq gapbozlik, oilaviy g‘iybat va
g‘urbat mashmashalari, ko‘rpa-yostiq va qo‘ydi-chiqdi intrigalarning bayoni avj
oldi. Nosirlarda nazariy bilim yetarli emas, syujet va kompozitsiya takomilini
rejalashtira olmaydi; ichki manera ustida bosh qotirmaydi, parallelizm va
simmetriyaga ahamiyat bermaydi; detalga yuk yuklamaydi, badiiy nutqni
ishlamaydi… She’riyatda esa “sen-men”sirash, obrazsizlik, ma’nisizlik,
uslubsizlik, tilsizlik, tovushsizlik, rangsizlik, ayniqsa, o‘z yo‘liga ega iste’dodli
shoirlarga taqlid kuchaydi.
O‘quvchi badiiy asar egasining musohibi. Yozuvchi uchun yozganini birov
o‘qimaganidan kattaroq fojea bo‘lishi mumkinmi? “O‘zim uchun yozaman”, degan
kamtarlik ortida manmanlik bor. “Tanqidga e’tibor bermayman”, degan odamning
gapi arazli.
Mashhur frantsuz munaqqidi Sharl Sent-Byov o‘z davrida: “Chinakam tanqidchi
odamlardan o‘zib ketadi, jamoatchilik fikrini boshqaradi. Agar xaloyiq bo‘ronlar
alg‘ov-dalg‘ovida adashib, to‘g‘ri yo‘ldan chalg‘igan bo‘lsa, munaqqid aslo o‘zini
yo‘qotmasdan bor ovozi bilan “Ortga qaytmoq kerak”, deya qichqiradi”, deb
yozgan edi. Bu gap qaysidir ma’noda hozir ham o‘z qimmatiga ega. Xuddi shu
olim ma’naviy olam nafosati va ulug‘vorligini e’zozlagan holda adabiyotdagi
merkantilistik kayfiyatlarni, ya’ni manfaatparastlik, foydaxo‘rlikni tanqid qiladi.
Bu noxush kayfiyat egalari haqiqiy san’atkor va olimlarga davrdosh bo‘ladi, ammo
oradan yillar o‘tishi bilan izsiz yo‘qoladi. Bu ham tarixning bir ibratli sabog‘idir.
Birovdan eshitgan yoki har joydan “cho‘qib” o‘qiganlari asosida, ayniqsa, hozirgi
internetlashuv zamonida ko‘rganlaridan ko‘chirib maqola yozish qiyin ish emas.
Epik asar syujeti yoki voqeiy she’rlarni qayta gapirib berish bilan ham qog‘oz
qoralash mumkin. Ammo asl adabiy tanqidiy maqola chinakam san’at asariga
o‘xshab tug‘iladi. Uning o‘ziga xos uslubi, kompozitsion qurilishi bo‘ladi.
Meningcha, bugun adabiy tanqid shakl va mazmun jihatidan yangilanishi kerak.
Ushbu ilm sohasi o‘zining nazariy mezonlarini dunyo adabiyotshunosligida
kechayotgan
jarayonlarga
uyg‘unlashtirishi
lozim.
Chunki
jahon
adabiyotshunosligida adabiy tanqidchilikning struktural va immanent analiz,
semiotik, intertekstual, genetik, germenevtik, psixotanqid kabi turlari mavjud.
Bunday usullar o‘rganilib, o‘zbekona adabiy-ilmiy tafakkur bilan sintezlashishi
natijasida bizda ham yangi tanqid maydonga keladi. G‘arb adabiyotshunosligida
badiiy asarga bir xildagi yondashuvlardan, jo‘n ijtimoiy talqinlardan, yaxshi va
yomon, real va noreal, oq va qora tarzidagi atigi ikki sifatdan bezish oqibatida
“yangi tanqid” paydo bo‘lgan edi. Zero, nazariy mezonlar maktablarga, maktablar
shaxsiyatlarga, shaxsiyatlar muayyan millatlarga mansub. Shu ma’noda bizda ham
kelajakda dunyo adabiyotshunosligiga o‘z ta’sirini o‘tkazadigan yuksak ilmiy
saviyali olimlar va ularning individual maktablari paydo bo‘lishini orzu qilamiz.
Adabiy tanqid jonlanishi uchun nazariy qarashlarni kuchaytirish barobarida
bevosita amaliy ishlar ham zarur: birinchidan, oliy o‘quv yurtlarining filologiya
fakultetlari magistratura bosqichida maxsus “Adabiy tanqid nazariyasi”
yo‘nalishini ochish va unga iste’dodli yoshlarni o‘qishga qabul qilish kerak.
Mutaxassis shakllanadi, ilm oladi. Bu faoliyat turini adabiy to‘garaklar doirasida
hal qilib bo‘lmaydi; ikkinchidan, Nusratullo Jumaxo‘ja to‘g‘ri ta’kidlaganidek,
adabiy tanqidga doir maxsus jurnalga zarurat bor; uchinchidan, nufuzli jurnallar va
nashriyotlarda bosilayotgan badiiy asarlarni ichki taqriz orqali mutaxassis
nazaridan o‘tkazish nizomlarini ishlab chiqish lozim.
Saydi Umirov, filologiya fanlari nomzodi:
— Tanqidchilar yillik hisobot yig‘ilishlarini kutmay vaqt-vaqti bilan, bugungiday
to‘planib, dolzarb masala, muammolarni muhokama etishi foydadan xoli emas.
Tanqid — naqd fikr, taqriz — qarz kalom degani. Yutuqlar o‘zimizniki, ular bor,
bundan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Lekin har doim ham naqd gapni aytayotibmizmi?
Yo‘q-da. Qanchadan-qancha yaxshi, o‘rtamiyona, bo‘sh asarlar yozilayotibdi,
ko‘pchiligi haqida naqd gap, nasiya va’da u yoqda tursin, umuman, hech narsa
demayotibmiz. Sukutni alomati rizoga yo‘yib, iqtidori hamin qadar
nazmbozlarning hissiz-tuzsiz shig‘irlarini to‘y-tomoshalarda “estradamizning
yorqin yulduzlari” gumburlatib ijro etishayotibdi. Xayriyat, adabiyot gazetamizda
bir-ikki o‘tkir luqmalar, tishli-tirnoqli fikr-mulohazalarni o‘qib xursand bo‘ldik.
Ustoz Matyoqub Qo‘shjonov uchta taqriz yozsang bitta muammoli maqolaga
zamin yaratasan deb aytar va buni o‘zi amalda ko‘rsatardi. Hozir taqriz anqoning
urug‘i bo‘lib qoldi, ko‘p she’riy, publitsistik asarlar, sovchi kutgan qizlarday,
munaqqidlar qiyo boqishi, fikri, bahosini kutib turibdi. To‘g‘ri, chop etilayotgan
har bir kitobga bir taqriz bag‘ishlash imkoni yo‘q, bunday hollarda mushtarak
mavzularda yozilgan asarlar umumiy kuzatuvdan o‘tkazilgan, ma’no, mahorat
jihatidan tahlil qilingan obzor maqolalar qo‘l keladi.
Tasdiqlash orqali bevosita tasdiqlovchi, inkor etish orqali bilvosita tasdiqlovchi
tanqid bor. Shu nuqtai nazardan qaraganda, birinchi xilining, ya’ni yozuvchi
ijodidan, asaridan fazilat qidiruvchi, topuvchi, badiiy mahoratining yangi
qirralarini kashf etuvchi, tasdiqlovchi tanqid namunalari ko‘proq. Konkret asar
yoki asarlarning mazmuni, tili, uslubiga xos kamchilik, nuqsonlarni dalillar,
mantiqiy muhokamalar orqali ko‘rsatib, isbotlab beruvchi maqola, taqrizlar kam.
Ba’zan bir necha asar, muayyan turkum haqida naridan-beri fikr yuritgandan ko‘ra
bir she’r, bir hikoyani batafsil tahlil qilish, fazilatlari yoki nuqsonlarini dalillar
bilan ko‘rsatib berish ko‘proq samara keltiradi. Bunga misollar talaygina.
Cho‘lponning “Raqamli sevgi” she’rining bir satri nashrda “siyna” so‘zi “sana”
deb berilgani oqibatida asar mazmuni o‘zgarib ketganini Boybo‘ta Do‘stqorayev
“Siynani sanaga almashtirib bo‘lmaydi” sarlavhali maqolasida asoslab bergan edi.
Shu o‘rinda Qozoqboy Yo‘ldosh Halima Xudoyberdiyevaning “Yo‘ldadirman”
nomli go‘zal she’ri, Murtazo Qarshiboyev Erkin A’zamning “Manana” hikoyasi
tahliliga maxsus maqola yozib e’lon qilganini ham ta’kidlash joiz.
Keyingi yillar tanqidchiligimizda bir tamoyil ko‘proq ko‘zga tashlanayotibdi. Bu –
bir qator maqola, taqriz, esse, tadqiqotlarning ilmiy-falsafiy va badiiy-publitsistik
ruh kasb etayotganidir. Falsafiy, publitsistik unsurlar muallif diqqatini chetga
tortmaydi, o‘quvchini chalg‘itmaydi, aksincha, g‘oyani kengroq, teranroq ochib
berishga, asar voqealarini hayot hodisalari bilan qiyoslab o‘rganishga, matnning
yanada maroqli, jozibali, o‘qishli chiqishiga yordam beradi. G‘afur G‘ulom shoh
she’rlaridan “Vaqt”ning Suvon Meli tomonidan yangicha teran talqini, Qurdosh
Qahramonovning Eshqobil Shukur she’riyatiga bag‘ishlangan maqolasi, Shuhrat
Rizayevning “Bahodir Yo‘ldoshev teatri” essesi shunday usulda bitilgan maroqli,
o‘qishli asarlardandir.
Keyingi paytlarda tanqidchilik ishi, asosan, bir guruh mutaxassislar va ayrim
yoshlar
chekiga
tushayotir.
Iqtidorli,
umidli
yosh
munaqqidlar
safi
kengaymayotgani tashvishlanarli. Turfa soha kishilari, keng o‘quvchilar ommasi
fikr-mulohazalari, e’tirof, e’tirozlari matbuotda, efir va ekranda negadir kam
berilayotir. Turfa kasb sohiblarining ijodiy jarayon, adabiyot, tanqidchilik,
publitsistika, san’at haqidagi kutilmagan, noan’anaviy, dangal, to‘g‘ri fikr-
mulohazalari, xulosa, takliflarini o‘zaro gurung, norasmiy muloqotlarda tez-tez
eshitib turamiz. Qaniydi shularning bir qismi matbuot, kitob sahifalarida chiqsa.
Nusratullo Jumaxo‘ja, filologiya fanlari doktori:
— Adabiy tanqidning hozirgi ahvoli, muammolari, yechimlari to‘g‘risida “Adabiy
tanqid: bugun va ertaga” mavzusidagi davra suhbati tashkil etilgani juda o‘rinli,
deb hisoblayman. Nazarimda, adabiy tanqidning bugungiday ahvolga tushib
qolishiga
ikkita
asosiy
sabab
bor.
Birinchisi,
adabiy
tanqidchi
va
adabiyotshunoslarning jarayonga loqaydliklari, bo‘shashib ketganliklari, o‘z
vazifalarini sidqidildan bajarmayotganliklari bo‘lsa, ikkinchisi, ommaviy axborot
vositalarida tanqidiy tafakkurga kamroq o‘rin berilayotgani, adabiy-tanqidiy
ruknlardan foydalanilmayotganligi, adabiy-tanqidiy maqolalar turli sabablarni
ro‘kach qilib chiqarilmayotganidadir.
Avvalo, shuni aniqlab olish kerakki, adabiy tanqid mafkuraviy masala emas, balki
adabiy-estetik muammodir. Shu sababli, mafkuraviy o‘zgarishlar jarayonida adabiy
tanqidga xavotir bilan qarash o‘rinsizdir. Adabiy tanqid jamiyat taraqqiyoti va
ravnaqi uchun eng zarur bo‘lgan adabiy hamda abadiy qadriyatdir.
Shayx Sa’diy Sheroziy “Guliston” asaridagi bir hikmatida juda chiroyli asoslab
bergan: “Uch nimarsa uch nimarsasiz poydor qolmag‘usidurur: mol tijoratsiz, ilm
bahssiz, mulk-mamlakat siyosatsiz”. Mana shu bahslar vositasida taraqqiyotga
turtki beruvchi ilmlar turkumiga tanqid va adabiyotshunoslik ham kiradi. Afsuski,
bahs mohiyatini noto‘g‘ri tushunish, bahs madaniyatiga rioya qilmaslik
matbuotdagi adabiy bahslarga barham berdi. Adabiy tanqidning ijtimoiy zaruriyati
yana shunda ko‘rinadiki, tanqidning chekinishi yoki cheklanishi o‘rtamiyona,
sayoz asarlarga keng yo‘l ochib berdi. Aslida, atoqli munaqqidlar — Matyoqub
Qo‘shjonov, Ozod Sharafiddinov, Norboy Xudoyberganov, yozuvchilar tanqidchisi
Abdulla Qahhorniki singari jangovar maqolalar e’lon qilinib turganida, shubhasiz,
adabiyotdagi xaltura chekingan bo‘lar edi.
Tanqidchi, adabiyotshunos ham — ijodkor. U ham mehrga, rag‘batga, qo‘llab-
quvvatlashga muhtoj. Ne hafsala bilan, mashaqqat tortib yozgan asari chop etilsa,
rag‘batlanadi, ilhomlanadi, yana ijod zavqiga to‘ladi. Yuqoridagidek munosabat
esa har qanday ijodkorga to‘siq qo‘yadi. Chinakam tanqidiy tafakkurga yo‘l
bermayotgan tushunchalardan biri “jangovarlik” bilan “jangarilik”ni bir narsa deb
tushunishdir. Aslida, bular insonlardagi boshqa-boshqa xususiyatlar. “Jangovarlik”
— kurashchanlik, dadillik, jasurlik, fidoyilik, g‘alaba, yutuq keltiruvchilik
fazilatidir. “Jangarilik” esa urushqoqlik, janjalkashlik qusuridir. Nomlari yuqorida
tilga olingan atoqli munaqqidlarimizning yetakchi fazilatlari ham jangovarlik edi.
Umuman, tanqidchini adabiy jarayonning eng oldingi safida tutuvchi asosiy fazilati
ham jangovarlik bo‘lishi kerak.
Yaqinda she’riyat mavzusidagi davra suhbatida bir ijodkor do‘stimiz asarini tanqid
qilgan munaqqidga kutilmaganda tashlanib qoldi. Axir, uning asarini kimdir
o‘qigani, diqqat-e’tibor bilan bosh qotirgani va davra suhbatida tahlil doirasiga
tortganidan minnatdor bo‘lishi lozim emasmidi? Zotan, to bir kishi “ayb
qilmag‘uncha” shoir o‘z she’rlarining aybini sezmaydi ham.
Xalqda: “Odam o‘z kindigini o‘zi kesmaydi”, degan naql bor. Yozuvchi ham o‘z
kamchiligini o‘zi topib, o‘zi tuzata olmasligi mumkin. Biroq Abulg‘ozi
Bahodirxon: “O‘ksiz (ya’ni, chorasiz) odam o‘z kindigini o‘zi kesar ekan”, deydi.
Shunday ekan, asarlarining birinchi tanqidchisi yozuvchi-shoirning o‘zi bo‘lishi
kerak. O‘z asarlarining aybini aniqlay olgan, kamchiliklarini isloh eta olgan, ya’ni
o‘zini o‘zi tanqid qilolgan ijodkor haqiqiy san’atkordir. Diqqat qiling: “Ko‘proq
o‘qiyapman, uchinchi jildga kiritilgan hikoyalarni yana bir bor qaytadan o‘qib
chiqyapman, bu menga hayot bag‘ishlaydi”, deb yozgan edi atoqli yozuvchi
Shukur Xolmirzayev qiziga maktubida. Bu gap navqiron yozuvchilarimizga saboq
bo‘lishi kerak. Yozuvchi umrbod yozgan hikoyalarini qayta-qayta o‘qigan,
demakki, ular ustida uzluksiz ishlagan. Anglashiladiki, o‘z asarlarini qayta mutolaa
etishda, ishlashda ham lazzat, ham hikmat bor. Yangi adabiyot namunalarini o‘qir
ekanman, o‘yga tolaman: bu yozuvchilar o‘z asarlarini, hech bo‘lmasa, navbatdagi
yangi nashrdan oldin yana bir bor tahririy nazar bilan o‘qib chiqarmikinlar?
Afsuski, shunday bo‘lib chiqmayapti. Yosh yozuvchilarimizni qo‘ya turayligu,
hikoyalari “Ozod Vatan saodati” to‘plamidan o‘rin olgan, ayni yetuklik davridagi
ijodkorlarimizning hikoyalariga nazar tashlaylik. Matbuotda chizib-chizib
o‘qiganim bir necha hikoyani katta kitobdagi nusxasi bilan solishtirib o‘qidim. Bu
hikoyalar ayni gazetamizda badiiy til to‘g‘risida davomli bahs-munozara
o‘tkazilgan kezlar chop etilgan edi. Qayta o‘qirkanman: “Qani, muhtaram
yozuvchilarimiz asarlari ustida bir necha yil mobaynida qanday ishlashdi ekan?”
— degan savol meni o‘ylantirardi. Biror jumla yoki so‘zni o‘zgartirishdimikin?
Yo‘q, 50-60 yosh oralig‘idagi bu zabardast yozuvchilar hikoyalaridagi tumtaroq
jumlalar, noo‘rin qo‘llangan so‘z-iboralar aynan matbuotda chop etilganiday joy-
joyida turibdi. Chunki ularning so‘zlarini hech kim “ayb qilmag‘an” va ular isloh
topmagan. Kitob muharriri ham tahrir etmagan. Mana shunday badiiy haqiqatlarni
aytsak, matbuot chop etarmikin va bunga atoqli yozuvchilarimiz chidasharmikin?
Mamlakat adabiy tanqidchiligining markaziy o‘chog‘i Yozuvchilar uyushmasining
Tanqid va adabiyotshunoslik kengashidir. “O‘z-o‘zini tanqid” tushunchasining
mazkur kengashga ham tegishliligidan kelib chiqsak, Kengashning amaliy faoliyati
qanoatlanarli, deya olmayman. Kengashning yillik rejasi talabga javob bermaydi.
Kengash rejasiga yil boshida biz tavsiya etgan tadbirlarning ko‘pchiligi qabul
qilinmadi.
Aytilgan fikr-mulohazalar asosida quyidagi xulosalarni taklif etamiz: Tanqid va
adabiyotshunoslik kengashining tarkibini haqiqiy ishlaydigan mutaxassislar
hisobiga yangilash va kengaytirish lozim. Kengash joriy rejasini qayta ko‘rib
chiqib, takomillashtirish maqsadga muvofiq. Adabiy tanqid muhitini jonlantirish
zarur. Adabiy jamoatchilikda tanqidni to‘g‘ri tushunish, qadrlash tuyg‘ularini
shakllantirish muhimdir. Yuqorida ta’kidlanganidek, adabiy tanqid uchun alohida
nashrga ehtiyoj borday. Shu boisdan, adabiy tanqid buguni va ertasini ta’minlash
maqsadida,
adabiy-badiiy
gazeta-jurnallar
sahifalarida
adabiy-tanqidiy
maqolalarga keng o‘rin ajratishni tashkil etish bilan birga, Yozuvchilar uyushmasi
hamda Ijod fondi muassisligida har uch oyda bitta chiqadigan yangi “Adabiyot
masalalari” nomli adabiy-tanqidiy jurnal ta’sis etilsa yaxshi bo‘lardi. Shuningdek,
Suvon Meliyevning “har yili o‘tkaziladigan yosh ijodkorlar seminarlari dasturiga
adabiy tanqid nominatsiyasini, albatta, kiritish kerak”ligi haqidagi taklifini qo‘llab-
quvvatlayman.
Dostları ilə paylaş: |