Suvon Meli:
— Adabiy tanqidning nafaqat amaliy, balki nazariy muammolari ham bor. Istiqlol
davrida adabiy tanqidning o‘rni va
mavqei haqida gap borar ekan, nazarimda,
dastlab uning g‘oyaviy-estetik printsiplarini belgilab olish va ishlab chiqish lozim.
Bunga jiddiy ijtimoiy talab bor. Istiqlol va dunyoning globallashuv holati
mamlakatimizda yangi adabiy muhitni hosil qildi. Yangi muhitda esa adabiy tanqid
o‘ziga yuklatilgan missiyani uddalash uchun, yuqorida aytilganidek,
uning
g‘oyaviy estetik printsiplari ishlab chiqilishi, adabiy tanqid va tanqidchilik
jarayoniga izchil tadbiq etilishi zarur. Bu printsiplar, bizningcha, quyidagilar:
estetik ideal (u o‘zida jamiyatning oliy maqsadlarini go‘zallik
qonunlari asosida
jamlaydi), olijanob g‘oya, sof his-tuyg‘u, axloqiylik va hokazo.
Adabiy tanqid yaratilayotgan va o‘zbek tiliga o‘girilayotgan asarlardan ushbu
printsiplar tasdig‘ini talab qilishga haqli, deb o‘ylayman.
Prezidentimiz
“Yuksak ma’naviyat — yengilmas kuch”
asarida shunday
yozadi:
“Ma’naviy tahdid deganda, avvalo, tili, dini, e’tiqodidan qat’i nazar,
har qaysi odamning tom ma’nodagi erkin inson bo‘lib yashashiga qarshi
qaratilgan, uning aynan ruhiy dunyosini izdan chiqarish maqsadini ko‘zda
tutadigan mafkuraviy, g‘oyaviy va informatsion xurujlarni nazarda tutish
lozim, deb o‘ylayman”.
Shahar bedarvoza emas degandek, adabiyot ham bedarvoza emas. Uning muqaddas
hududiga har qanday g‘oya, voqea va kechinmalarni olib kirish mumkin emas.
Adabiyot yomonlikdan asranmog‘i lozim. U hech qachon ma’naviy tahdid quroliga
aylanmasligi, aksincha, bunday tahdidga qarshi faol kurashmog‘i kerak.
Adabiy tanqid esa hamisha
ma’naviy sog‘lom adabiyot
tarafida
qoim turishi
lozim.
Adabiy tanqid o‘zining yuksak nuqtalarida milliy va jahoniy badiiy tafakkurning
akkumullyatoridir. Ma’lumki, akkumullyator elektr va issiqlik energiyasini
keyinchalik foydalanish uchun to‘playdigan qurilma, texnik asbobdir. Xuddi
shunday adabiy tanqid ham yaratilgan va yaratilayotgan buyuk badiiy obidalar
jismi jonidagi ulug‘ haqiqatlar, ezgu hissiy kashfiyotlarni
qayta kashf etib,
umumning aqliy va ko‘ngil mulkiga aylantirguvchi adabiy ijod sohasidir.
Tanqid muayyan ma’noda adabiyot falsafasi, badiiy adabiyotning yuksak
ma’nodagi ko‘z-ko‘zidir. Adabiy tanqid o‘z tahlilu kashfiyotlari bilan yaratilajak
buyuk asarlarga doyalik qilsa, qanday yaxshi.
Bugungi suhbatimizda ko‘proq adabiy tanqid muammolari haqida gapirildi.
Yutuqlarga kam to‘xtaldik. Adabiy-badiiy nashrlarimizda bosilayotgan tahliliy
maqolalar, taqrizlar,
adabiy suhbatlardan, chop etilayotgan adabiy-tanqidiy
to‘plamlardan ko‘z yummagan holda aytish joizki, bugungi adabiy tanqid o‘z
vazifasini baholi qudrat bajarayotir. Shu o‘rinda men “O‘zbek adabiyoti
masalalari”, “O‘zbek adabiyoti. Ta’sir va tipologiya”, “Istiqlol. Adabiyot. Tanqid”
to‘plamlarini, taniqli adabiyotshunos olimlarimizdan No‘mon Rahimjonovning
“Istiqlol va bugungi adabiyot”, Nurboy Jabborovning “Zamon. Mezon. She’riyat”,
Damin To‘rayevning “Rangin tasvirlar jilosi”, Hakimjon Karimovning “Hayot,
davr va adabiyot” nomli kitoblarini misol tariqasida ta’kidlab aytishni istardim.
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasida Vatan mavzusidagi she’rlar tahliliga
bag‘ishlangan
turkum chiqishlar, “Sharq yulduzi” jurnalida adabiy jarayon
muammolariga doir izchil berib borilgan savol-javoblarni ham eslaylik. Mana,
“Yoshlik” jurnali yosh ijodkorlarning bir asari va unga ikki-uch muallifning
munosabat-taassurotini e’lon qilayotir. Izlanishlar davom etayotir, bugun siz, biz
kuyunib aytayotgan muammolarga yechim topishga harakat qilinayotir. Eng
muhimi,
tanqidda faollikni oshirsak, loqaydlikka chek qo‘ysak, fikr-
mulohazalarimizda xolis va beg‘araz bo‘lsak, marra bizniki. Bugungi davrda
suhbatimiz ham ana shu yo‘ldagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi, deb ishonaman.
Sahifani A.Otaboyev
tayyorladi.
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2015 yil 41-son