Quruq preparatni bo‘yash. Mazokni bo‘yashda preparatni preparat ushlagichga
o‘rnatiladi. Mazokka bir necha tomchi bo‘yovchi suyuqlik tomiziladi. Bo‘yovchi
suyuqlik va tadqiqotning maqsadiga qarab bo‘yash muddati turlicha bo‘ladi (1-5 daq.
ayrim hollarda 30 daq.va undan ko‘p). Preparat bo‘yalgandan so‘ng, uni suv bilan
yuviladi va filtr qog‘oz yordamida suv qoldiqlari shimdirib olinadi, havoda quritiladi va
mikroskop ostida kuzatiladi. Bunday quruq preparat surtma deyiladi. Tayyorlangan
surtma fiksatsiya qilinadi (qotiriladi), ya’ni spirt lampasi alangasiga uch marta tutib
olinadi. Umuman preparatlarni fiksatsiya qilish uchun spirt lampasi alangasi, spirt bilan
efir va kislota bilan formalin aralashmalari ishlatiladi.
Surtmani bir necha daqiqa davomida eritmaga solib ham fiksatsiya qilish mumkin.
Surtma fiksatsiya qilinganda buyum oynasidagi mikroorganizmlar o‘lib, oynaga
yopishadi va yaxshi bo‘yaladi, buning sababi, bo‘yoq tirik protoplazmadan ko‘ra, o‘lik
protoplazmaga yaxshiroq o‘tadi.
Preparatlarni bo‘yash usullari. Bo‘yashning oddiy va differensiyalashgan
usullari mavjud. Oddiy bo‘yashda biror bir bo‘yovchi modda masalan, ishqorli yoki
karbolliy eritmasi metilen ko‘ki, fuksin, binafsha rang gensian ishlatiladi. Bunda
hujayraning hamma qismi bo‘yaladi. Turli bo‘yoqlar bilan differensiyalashgan
bo‘yashda esa hujayraning ma’lum bir tegishli qismi bo‘yaladi. Bunga sporalarni
Gramm usulida bo‘yashni keltirish mumkin.
Mikrobiologiya texnikasida mikroorganizmlarni bo‘yash uchun quyidagi anilin
bo‘yoqlari ishlatiladi: qizil bo‘yoqlardan - asosan fuksin, eritrozin; ko‘k bo‘yoqlardan-
metilen ko‘ki, tionin; binafsha bo‘yoqlardan - gensian violet, metil violet va boshqa
bo‘yoqlar ishlatiladi. Mikroblar quyidagi usullarda bo‘yaladi:
1.
Oddiy usul. Bunda fiksatsiya qilingan preparatlar faqat bir xil fuksin, metilin
ko‘ki, gensian violet kabi bo‘yoqlar bilan bo‘yaladi.
2.
Murakkab usul. Bunda fiksatsiya qilingan preparat bir necha xil bo‘yoq bilan
bo‘yaladi. Masalan: bakteriyalarni Gramm va bakteriya sporalarini Sil-Nilsen usulida
bo‘yashlarni keltirish mumkin.