So`zning leksik va grammatik ma’nolari So`z nutq tovushlarining muayyan tartibda birikishidan hosil bo`lib, ma’no anglatuvchi til birligidir.
So`zning tovush tomoni fonetikada, grammatik tomoni grammatikada, ma’no tomoni leksikologiyada o`rganiladi. So`zning barcha tomonlari nazarda tutilsa, u til va nutqning eng muhim elementlaridan biri ekanligi anglashiladi.
So`z til birligi sifatida ma’no ifodalash xususiyatiga ega. So`zning ma’nosi narsa-hodisalar bilan bog`lanishidan kelib chiqadi, bu bevosita bog`lanish bo`lmay, borliqning inson ongida aks etishi orqali yuzaga keladi. Insonning borliqni anglashi, ongida aks ettirishi so`z ma’nosida o`z aksini topadi. Borliqni bilish narsa-hodisa haqida tushunchaga ega bo`lishdir. Tushunchada so`zning umumiy va muhim belgilari mujassamlashadi. Bu belgilar uni boshqa predmetlardan ajratib turadi.
Inson ma’lum bir predmet, belgi, harakat, holat kabilarning umumiy va o`ziga xos muhim xususiyati asosida ularni boshqa shu kabi predmet, belgi, harakatlardan ajratadi. Demak, so`z tushunchaning nomi, tushunchaga ega so`z ma’nosining asosini tashkil etadi. So`z asosida yotgan tushuncha so`zning leksik ma’nosi sanaladi. Demak, so`zning leksik ma’nosi uning material ma’nosi bo`lib, so`z ifoda etgan aniq bir predmet belgi, harakat, miqdor kabilardan iborat bo`ladi: anor, daraxt – predmet tushunchasini, ekdi - harakat, qizil – belgi, o`nta, ko`p - miqdorga ko`ra belgi, men, sen – shaxs tushunchasini ifodalaydi.
Demak, ot, sifat, son, olmosh, fe’l, ravish so`z turkumlari lug`aviy ma’no bildiradi. So`zlarning lug`aviy ma’nodan tashqari, grammatik ma’nolarga ham ega bo`ladi. So`zning lug`aviy ma’nosi leksikologiyada o`rganiladi. Grammatik ma’no grammatikada o`rganiladi. Yordamchi so`z turkumlari lug`aviy ma’no ifodalamaydi, ular grammatik ma’no ifodalashga xizmat qiladi.
So`z lug`aviy ma’no-tushunchadan tashqari, insonning narsa va hodisaga bo`lgan ijobiy yoki salbiy munosabatini ham bildiradi. Insonning ijobiy va salbiy munosabati so`z hissiy-ta’siriy bo`yog`i deb yuritiladi. Masalan, yuz, aft, bashara, turq, chehra, oraz, chiroy kabi sinonimlar qatorida yuz so`zi odam a’zosining biri haqidagi tushunchani anglatadi, bu ijobiy yoki salbiy ma’no ottenkasiga ega bo`lmagan betaraf so`z. Aft, bashara, turq so`zlarida so`zlovchining asosiy-bosh tushunchaga qo`shimcha salbiy munosabatini ifoda etuvchi ma’no ham mavjud. CHiroy, chehra, oraz, ruxsor so`zlariga so`zlovchining ijobiy (hayrixoxligi, yoqimli, go`zal kabi ma’no) munosabati ham yuklatilgan. Bunday qo`shimcha ma’no ottenkalar kishilarning hissiyotiga o`z ta’sirini o`tkazadi. So`zdagi salbiy hissiy-ta’siriy bo`yoq muayyan matn tarkibida oydinlashadi. Bet so`zi «Beti qursin» gapida salbiy ma’no, «Beti-betiga tushsa nima deydi» gapida bu salbiy ma’no kuchsizlanadi. Kitobning beti birikmasidagi beti so`zida salbiy ma’no umuman yo`q.
Hissiy-ta’siriy bo`yoq tildagi hamma so`zlarda bo`lavermaydi. Masalan, ilm-fan, texnikaga oid atamalarda hissiy-ta’siriy bo`yoq bo`lmaydi.
So`zlar og`zaki va yozma nutqda qo`llanishiga ko`ra ham farq qiladi. Aft, bashara, turq so`zlari ko`proq og`zaki nutqda, chiroy, oraz, ruxsor ko`proq yozma nutqda, yuz so`zi har ikkala nutqda qo`llanadi. Ko`rinib turibdiki, so`zlar biror nutq uslubida qo`llanishga moslashgan bo`ladi, bu ulardagi uslubiy belgi deb yuritiladi. Uslubiy belgi-so`zning ma’lum uslubga mansubligini ko`rsatuvchi belgi. Masalan, metro – so`zlashuv uslubida metropoliten kitobiy uslubda qo`llaniladi.
Leksik ma’no deganda so`z ifoda etadigan tushuncha, hissiy-ta’siriy bo`yoq va uslubiy belgilar yig`indisi tushuniladi. Demak, tushuncha, hissiy-ta’siriy bo`yoq, uslubiy belgi leksik ma’no komponentlari deyiladi