11- mavzu: Gap bo’laklarining o’rni. Ajratilgan vaqt : 2 soat Mavzu bo’yicha asosiy masala(savol)lar 1. Gap bo’laklari tartibini o’rganishning ahamiyati
2. Gap bo’laklarning odatdagi tartibi.
3. Gap bo’laklari odatdagi tartibining o’zgarishi.
Tayanch tushunchalar. Gaplarda so’z tartibi va gap tartibi, odatdagi tartib, tipik tartib, bosh bo’laklarning tartibi, ikkinchi darajali bo’laklarning tartibi, odatdagi tartibning o’zgarishi,inversiya.
Mavzuga oid muammoli savollar 1.O’zbek tilida gap bo’laklarining odatdagi tartibida ega kesimdan oldin joylashadi. Rus tilida buning aksi. Buning sabablari nimada deb o’ylaysiz?
2.Badiiy uslubda, xususan, she’riyatda gap bo’laklarining odatdagi tartibi o’zgartirilgan bo’ladi. Ba’zilar buni she’riy uslub bilan izohlashadi. Bu holatning sabablari haqida siz nima deysiz?
1-masala: Gap bo’laklarining tartibini o’rganishning ahamiyati Darsning maqsadi: Gap bo’laklarining tartibini o’rganish mantiqiy va aniq fikr yuritishda muhim rol o’ynashini ko’rsatib berish. 1-masala bayoni Ona tili sintaktik kursini o’rganish jarayonida talabalarni nutqini o’stira borib, o’z fikrini to’g’ri, aniq, ravon, ta’sirli bayon qila olish malakasini xosil qilishlariga erishish ko’zda tutiladi. To’g’ri, aniq, ravon, ta’sirli so’zlash uchun fikrni mantiqiy izchil bayon qilish, adabiy til normalariga rioya qilish zarur. Fikrni aniq bayon qilish uchun tilning xilma-xil ifoda vositalaridan zarurini-zarur so’zni, so’z birikmasini tanlash, bulardan tashqari, gap bo’laklarini maqsadga muvofiq tartiblashga, ma’no urg’usiga rioya qilish kerak. Gap bo’laklarining tartibi gapning mazmuni, undagi bo’laklarning ma’nosini aniq ifodalash hamda nutqning ma’lum bir uslubini hosil qilish uchun xizmat qiladi. Tinch, sokin nutqda ma’no jihatidan muhim bo’lgan bo’lak gapning oxirida keladi. Emotsional, hayajonli nutqda ma’no jihatidan muhim bo’lgan bo’lak gapning boshida yoki o’rtasida kelib, uni aytishda ovoz ko’tariladi. Bunday gaplarda voqea – hodisalarni tasvirlash bilan birga emotsional munosabat ham ifodalanadi.