Аl вukhari university nodavlat oliy ta’lim muassasasi
Materiyaning uchinchi konsepsiyasi XVIII-XIX asrlarda vujudga kelganbo‘lib, bu davrda «materiya» tushunchasi tabiiy fanlarning rivojlanish jarayonida olimlar bilimning muayyan sohalarida aniqlagan belgilar bilan boyib bordi. Masalan, mexanikada makrojismlarning alohida xossasi – massa aniqlandi. U materiyaning eng muhim belgisiga aylandi, materiya massa bilan bir xil, deb hisoblana boshlandi. Kimyoda analiz metodi kimyoviy elementning aniqlanishiga olib keldi va materiyaga ana shu belgi – vaznlilikka ega bo‘lgan elementlar majmui sifatida qarala boshlandi. Mazkur yondashuvlarning kamchiligi shunda ediki, barcha moddiy narsalar alohida modda deb tushunildi, moddaning o‘zi sof mexanik ko‘rinishda tasavvur qilinib, unga o‘lcham, massa, og‘irlikka ega, deb qaraldi. SHu bilan birga, materiyaning maxsus ilmiy va falsafiy talqinlari ayniydir, deb tushunila boshlandi. Materiyaning falsafiy talqiniga sof induktiv yo‘l, oddiy umumlashtirish yo‘li bilan ayrim fanlarning g‘oya va qoidalari kiritildi.
Bu yondashuv noto‘g‘ri edi. Lekin, 1924 yilda B.Rassel, elektromagnit maydonlar va gravitatsiya maydonlari mavjudligini unutib, o‘zidan boshqa narsalarni o‘tkazmaslikni materiyaning asosiy xossasi sifatida tavsifladi. 1964 yilda amerikalik tomist Layten «materiya» tushunchasining massa va energiyaga bog‘langan talqinini taklif qildi. Materiyani uning xossalaridan biriga bog‘lash uni tariflashning ancha keng tarqalgan, lekin imkoniyatlari cheklangan usulidir. Ilmiy bilishda mazkur usul elementarizm vujudga kelishiga sabab bo‘ldi. Bunda hodisani tushunish uchun murakkabni oddiyga, butunni esa elementga bog‘lash lozim.
Ammo yakkalik yoki xususiylik – muayyan modda yoki xossaga asoslanib materiya haqida yaxlit tasavvur hosil qilish mumkin emas. Ushbu asosda materiyaga tarif berib bo‘lmasligi haqida Volter shunday deb yozgan edi: «Biz materiyani o‘lchaymiz, uni tarkibiy qismlarga ajratamiz, lekin bu qo‘pol harakatlar doirasidan chetga bir qadam tashlashga urinsak ham o‘zimizning ojizligimiz va jarlikni sezamiz»54. Materialist faylasuflar materiyaga uni hech narsaga bog‘lamasdan tarif berishga harakat qildilar. Ayni vaqtda XVII-XVIII asrlardayoq materiya haqida ancha keng tasavvur shakllandi. Bu yo‘nalishda F.Bekon, G.Golbax va D.Didro, ayniqsa, jiddiy muvaffaqiyat qozondi. «Bizning sezgi organlarimizga tasir ko‘rsatuvchi hamma narsalar bizga nisbatan materiyadir», deb yozadi G.Golbax55. Uning fikricha, materiyani biron-bir yagona birinchi asosga o‘xshatib bo‘lmaydi, dunyo bundan rang-barangroqdir, shu bois materiya tarifi ham mumkin qadar keng bo‘lishi kerak.
XIX-XX asrlar chegarasida amalga oshirilgan buyuk kashfiyotlar metafizik dunyoqarashga qaqshatqich zarba berdi. XIX asrning ikkinchi yarmida Faradey va
Maksvell tadqiqotlari natijasida materiyaning moddaga qaraganda yangiroq shakli – elektromagnit maydonining o‘zgarish qonunlari aniqlandi. Tadqiqotlar elektromagnit maydon qonunlari klassik mexanika qonunlariga bog‘lanmasligini ko‘rsatdi.
Radioaktivlikning kashf qilinishi atomning noo‘tkazuvchanligi haqidagi talimotni rad etdi, elektronning kashf etilishi, uning bo‘linmasligi haqidagi tezisni kun tartibidan chiqardi, rentgen nurining kashf etilishi bilan modda maydonga aylanishi mumkin emasligi isbotlandi. Jismlar harakatining tezligiga qarab massaning o‘zgaruvchanligi kashf etildi, jismlarning makon va vaqtga oid xossalari ularning harakat tezligiga bog‘liqligi tushunib etildi.
Bu ixtirolar tabiatshunoslikda yangi inqilobni boshlab berdi. Bularning barchasi fizik jismlarning xossalari haqidagi odatdagi tasavvurlarga shu darajada zid ediki, ayrim tabiatshunoslar sarosimaga tushib qoldilar. Shu bois, fizikada materiyaning mexanistik talqini, dunyoning mexanistik manzarasi inqirozga yuz tutdi. Materiya atomga tenglashtirilgan sharoitda va keyinchalik uning parchalanish qobiliyati aniqlanishi munosabati bilan ayrim fiziklar, shu jumladan, E.Max va
A.Puankare («fizik idealistlar») «materiyaning yo‘q bo‘lishi (annigilyasiyasi)» to‘g‘risidagi xulosaga keldilar. Bu xulosaning metodologik jihatdan asossizligi shunda ediki, unda falsafiy kategoriya sifatidagi materiya uning fizik tuzilishi haqidagi talimot bilan tenglashtirildi.
Ular, atomlarning radioaktiv parchalanishini materiyaning «g‘oyib bo‘lishi», uning energiyaga aylanishi sifatida tushuntirishga harakat qildilar. Amalda materiya g‘oyib bo‘lmaydi, u haqdagi tasavvurlar eskira boshlagan edi. Yangi ilmiy kashfiyotlar qarshisida materiyaga uning ayrim turlariga xos bo‘lgan sifatlarni yuklashga urinishlarning yanglishligi ayon bo‘ldi.
Fanning rivojlanishida muhim rol o‘ynagan materiyaning uchinchi konsepsiyasi efir g‘oyasiga tayangan. Efir deganda butun dunyoni to‘ldiruvchi uzluksiz muhit tushuniladi.
Atomlar va efir haqidagi talimotlarning birikuvi natijasida shakllangan atomefir konsepsiyasida materiya atomlar ko‘rinishida ham, efir ko‘rinishida ham mavjud, yani ikkita har xil substansiyadan iborat,degan fikr ilgari suriladi. Bu tasavvurlardan kelib chiquvchi obektning modeli bilishning ikki yoqlama strategiyasini belgilaydi. Bu strategiyaga binoan ayrim (masalan, kimyo yoki molekulyar fizikadagi) hodisalarga izohni moddaning atom tuzilishidan, ayrim (masalan, optika yoki elektrodinamikadagi) hodisalarga izohni esa – efir muhitining holatidan qidirish lozim.
XIX asrdagi tabiatshunoslik bu strategiya yordamida erishgan yutuqlar materiya haqidagi atom-efir tasavvurlarning to‘g‘ri ekanligiga zamondoshlarni ishontirdi. Aynan ularning yordamida fan nihoyat mustahkam zamin kasb etgandek va tabiatning barcha sirlari tagiga etish yo‘lida ishonch bilan harakatlanayotgandek bo‘lib tuyuldi. Ammo XIX-XX asrlar chegarasida tabiatshunoslikda chinakam inqilob yasagan kashfiyotlar qilindi. Bo‘linmas va buzilmas deb hisoblangan atomlar parchalanishi mumkinligi, efir xossalari o‘ta ziddiyatli bo‘lib, uning mavjudligiga shubha bilan qarashga majbur etishi aniqlandi. Materiyaning atom-efir konsepsiyasi asossiz ekanligiga ishonch hosil qilgan olimlar materiya tushunchasining o‘zi eskirgani haqida o‘ylay boshladilar va materializmdan yuz o‘girdilar.
Ammo bu davrda materiya tushunchasi emas, balki uning olimlar tafakkurida qadim zamonlardan boshlab to XX asrgacha hukm surgan substrat sifatidagina talqinigina puchga chiqqan edi. Tabiatshunoslikda yuz bergan o‘zgarishlarning falsafiy mazmuni shundan iborat ediki, ular materiyani tushunishga nisbatan o‘zgacha yondashuv zarurligini ko‘rsatdi