– 186 –
– 187 –
yosh bilan bog‘lanishi qat’iy bo‘lib, bu xususiyat faqat
beshik qo‘shiqlarigagina xosdir. Shu sababli allalarni ona
suti bilan bog‘lashlari bejiz emas. Ha, allada ona sutining
tiniqligi, pokizaligi bor. Uning mo‘tabarligi shundan. Bunga
chaqaloqning ma’sumligi, pokligi, begunohligi, bezavolligi,
musaffoligi va norastaligi qo‘shilib, allalar yana bir qadar
muqaddaslashtirilgan. Natijada allalar bora-bora «Haq
qo‘shig‘i» sifatida ilohiylashtirilgan:
1. Ayollar allalari.
Bular asosiy ko‘pchilikni tashkil etadi
va janr tabiatini tahlil qilishga oid barcha namunalar shu tipga
mansub.
2. Erkaklar allalari.
Bular huyalar deb yuritiladi. Bu
haqda dastlab G‘ozi Olim Yunusov 1926-yilda «Maorif
va o‘qitg‘uvchi» jurnalining 4-sonida bosilgan «Allalar
haqida so‘z» maqolasida eslatgan edi. Hodi Zarif esa,
G‘.O.Yunusovning o‘sha davrlardayoq huyalarning bir
necha yaxshi namunalarini yozib olganligi haqida guvohlik
bersa-da, bu matnlar taqdiri hanuzgacha noma’lumligicha
qolib kelayotir. Oqibatda bugunga qadar huyalarning
allalardan farqli xususiyatlarini muayyanlashtirish e’tibordan
chetda qolayotir. Buning yana boshqa bir sababi shundaki,
allalar Xorazmda «hey», qoraqalpoqlarda «heyya-heyya»
va turkmanlarda «huvdi» tarzida atalganidan istilohlar
o‘xshashligi yuzaga kelganligi tufayli folklorshunoslikda
o‘zbeklardagi allalarga iqrorlik va huyalarga ishtiboh bilan
qarash oyinga aylangan.
Holbuki, allalar ham, huyalar ham o‘zbeklar orasida
qadimdan kuylanib keladi. Endilikda motam allalari silsilasida
ayollar ijrochiligida kuylanadigan huyalar borligi aniqlandi.
Rost, huyalarni, asosan, otalar va bobolar kuylaydilar. Ular
chorvachilik bilan shug‘ullanuvchi o‘zbeklar orasida keng
tarqalgan. Buni ularning mazmuni ham tasdiqlaydi:
– 187 –
Huya, bolam, huyang qani?
Buvang bergan tuyang qani,
Buvang bergan tuyang bo‘lsa,
Boqib yurganlaring qani?
Boqib yurgan tuyang bo‘lsa,
Adiring-cho‘llaring qani?
Huya, bolam, huya!
Chindan-da, ayollar uy-ro‘zg‘or yumushlari bilan
band bo‘lgan paytda chaqaloqni ovutish, uxlatish erkaklar
zimmasiga tushgan. Shunday kezlarda ular bolani tizzalariga
olib, tebratish marosimiga mos ohangda huya kuylab, bolaga
uyqu chorlaganlar
1
.
Allalar poetik pafosiga ko‘ra, lirik va yumoristik ruhda
bo‘ladi. Lirik allalar asosiy ko‘pchilikni tashkil etadi. Ular
mavzu-motiv mohiyatiga ko‘ra avaylovchi, maishiy va tarixiy
yo‘nalishga ega. Ularning marosimga aloqador namunalari
ham mavjud. Asosan, motam allalari deb yuritiluvchi bu
turkumning o‘lim allalari – marhum tilidan aytiladigan allalar,
chaqaloq o‘lganda sadr tushib aytiladigan allalar singari yig‘i
tiplari va yo‘qlov allalaridan iborat ichki xillari aniqlangan
2.
Avaylovchi allalar ancha keng tarqalgan bo‘lib, asosan,
bolalarni erkalash, ularni o‘rab olgan muhit bilan tanishtirish,
faqat o‘zlarigagina bog‘liq bo‘lgan narsalarni poetik ta’riflay
turib, bola taqdirini orzular silsilasida ko‘rish motivlariga
limmo-lim. Bu jihatdan, ayniqsa, bola beshigining poetik
ta’rifiga alohida e’tibor berilganini qayd etish lozim. Axir
beshik-go‘dakning uyi-da, u shu beshikdagina orom olishi,
1
Bu xususda batafsilroq qarang: Safarov O. Huyalar-otalar allasi // «Maktabgacha
tarbiya»jurnali, 1994,5-6-sonlar, 20-bet. Maqolada huyalar namunalari ham ilova
qilingan.
2
Safarov O., O‘rayeva D, Narzullayeva D. Motam allalari haqida mulohazalar.
// O‘TA, 5-son, 30-34-betlar. Yana: O‘rayeva D. O‘zbek motam marosimi folklori.
Toshkent: «Fan», 2004, 36-44-betlar. Yana: Bo‘zlardan uchgan g‘azal-ay. Buxoro,
2004, 98-110-betlar.
|