1. Markazlashtirish tamoyili texnologik jarayonda talabalar faoliyati modelini loyihalashning bosh elementi sifatida ifodalanadi. Ta’lim jarayoni tuzilmasida asosiy tizimlashtiriluvchi ta’lim mazmuni va talaba faoliyati texnologik jarayon hisoblanib, uning mazmunini talabalarning ijtimoiy tajriba asoslarini o‘zlashtirib olishga yo‘naltirilgan o‘quv faoliyati tashkil etadi. Har bir o‘quv fani bo‘yicha ta’lim mazmuni umumiy ta’lim maqsadi va vazifalariga muvofiq belgilanadi. Faoliyatli yondashuv nuqtai nazaridan umumiy o‘rta ta’lim mazmunini tashkil etuvchi har bir element (element) subyekt faoliyatining turlaridan biriga muvofiq kelishi kerak. Subyekt faoliyatining turlari, o‘z navbatida, aniq modellar yig‘indisi sifatida umumlashgan faoliyat modellari orqali ifodalanishi zarur. Talabalar faoliyati modeli tizimlashtiriluvchi element bo‘lib, talabaning yaxlit faoliyati mazmunini aniqlashga xizmat qiladi. Markazlashtirish tamoyili loyihalashni quyidagi tartibda amalga oshirishni talab etadi: faoliyat modellarini maqsadga muvofiq yaratish, ularni talabalar tomonidan o‘zlashtirish usullari, vositalarini tanlash (texnologik operatsiyalar), o‘quv faoliyatini boshqarish usullari (pedagog faoliyati)ni asoslash.
2. Refleksivlik tamoyili subyektning o‘ziga, shaxsiy faoliyatiga va bilimiga baho berishi, o‘zgalarning u haqidagi fikrlari va ular o‘rtasidagi hamkorlik faoliyatiga oid munosabatlarni tavsiflaydi. Loyihalash jarayonida pedagogga doimo ta’lim jarayoni, uning aniq va ideal sharoitlari, talabalarning bilishga bo‘lgan ehtiyojlari, ularni to‘ldirish imkoniyatlari, shaxsiy sifat va qobiliyatlari, pedagogik faoliyatni samarali tashkil etish imkoniyatlarini inobatga olish maqsadga muvofiq. Refleksivlik tamoyili yaratiladigan ta’lim jarayonining loyihasini ta’lim jarayoni ishtirokchisi - subyektning ehtiyojlari va imkoniyatlarini tahlil qilish asosida uzluksiz tuzatib, to‘ldirib borishni talab etadi.
3. Natijaviylik tamoyili - pedagogik shart-sharoitlarning qulayligi, oz vaqt va kuch sarflash evaziga samarali natijalarga erishishni tavsiflaydi. Natijaviylik ijtimoiy tajriba faoliyat modellari mazmuni, texnologik operatsiyalar, ularni o‘zlashtirish, boshqarish uslublarini tanlash, o‘quv faoliyatining muvofiqligi, ta’lim-tarbiya vositalari, texnologik jarayonda subyektning qisqa vaqt va kuch sarflashi vositasida belgilangan maqsadga erishishni nazarda tutishi lozim.