Innovatsion faoliyatning maqsadi – birinchidan, kutilgan natijaga erishish vaqtini aniqlash, ikkinchidan, belgilangan muddatda uni qo‘lga kiritish imkoniyatlari, uchinchidan, maqsadga erishishdagi subyektining yo‘nalganliligi, to‘rtinchidan, olingan natijani kutilayotgan bilan taqqoslash imkonini beruvchi yangilikning ta’lim jarayonining innovatsiyalanayotgan qismini o‘zgartirishga qaratilishidir.
Innovatsion faoliyatning vazifasi – kutilgan natijaga imkon beruvchi ta’lim jarayonining innovatsiyalanayotgan qismining avvalgi va uni o‘zgartirishga qaratilgan yangi modelining holatini o‘zida aks ettirishidadir.
Innovatsion faoliyat shakli deganda mazkur jarayon subyektlarning maqsadga erishish uchun tashkil etilgan faoliyati tuzilishini o‘zaro muvofiqlashtirish, innovatsion faoliyat metodi deganda esa, uning maqsadga erishish yo‘lidagi, ma’lum bir ma’nodagi tizim faoliyatini tartibga solinishi tushuniladi.
Innovatsion faoliyat natijasi obyektning yangilanishidagi aniq o‘zgarishlarni o‘zida aks ettirib, erishilgan natijalarni baholashda uch guruh mezonlaridan foydalaniladi: 1) sifat mezonlari 2) samaradorlik mezonlari 3) motivatsiya mezonlari
Innovatsion faoliyatning tarkibiy qismlari sifatida aks etuvchi motiv–maqsad–vazifa–shakl–metod–natija kabi tarkibiy qismlar tahlilidan kelib chiqqan holda, mazkur tushunchaga quyidagicha ta’rif berish mumkin:
Innovatsion faoliyat – pedagogik jamoani harakatga keltiruvchi, olg‘a boshlovchi, taraqqiy ettiruvchi kuchdir.
“Innovatsion faoliyat – bu yangi ijtimoiy talablar bilan an’anaviy me’yorlarning mos kelmasligi, yoxud amaliyotning yangi shakllanayotgan me’yorining mavjud me’yor bilan to‘qnashuvi natijasida vujudga kelgan majmuali muammolarni hal yechishga qaratilgan faoliyatdir”, - deb ta’kidlaydi V.I.Slobadchikov.
Innovatsion faoliyat bu amaliyot va nazariyaning muhim qismi bo‘lib, ijtimoiy-madaniy obyekt sifatlarini yaxshilashga qaratilgan ijtimoiy subyektlarning harakat tizimi bo‘lib, u ma’lum doiradagi muammolarni yechish uchun motivatsion tayyorgarlikka ega bo‘lishdir. O‘qituvchi innovatsion faoliyatining markaziy masalasi o‘quv jarayonini samarali tashkil etishdir.