Andijon davlat universiteti jismoniy madaniyat fakulteti jismoniy madaniyat nazariyasi va metodikasi kafedrasi



Yüklə 459 Kb.
səhifə7/25
tarix16.12.2022
ölçüsü459 Kb.
#121200
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   ...   25
401-27

Og‘zaki uslub shakllari: Tushuntirish uslubi Ta’lim muassasalarining barcha sinflarida qo‘llaniladi. U mashqning mohiyatini ochib beradi, talabalarda harakat haqida tasavvur hosil qiladi. Hikoya bolalarni mashqlarning yangi turlari bilan tanishtirishda; mazmun va shaklga ega bo‘lgan yangi o‘yinni o‘rganishda qo‘llaniladi.


Suhbat savol-javob shaklida o‘tkaziladi. O‘qituvchi yo‘llovchi savollar yordamida materialni o‘zlashtirish darajasini aniqlaydi, shuningdek, talabalarda o‘z fikrlarini aytish istagini qo‘zg‘aydi. Buyruq va qaror. Talabalar jismoniy mashqlarni bajarayotganlarida va darsni o‘tish jarayonida o‘qituvchi rahbarlik qilish uchun buyruq va qarorlaridan foydalanadi.
Ko‘rsatmalar Ta’lim muassasalarining barcha sinflarida mashqlarni bajarishda qo‘llaniladi. Ko‘rsatmalar butun guruhga yoki bir talabaga tegishli bo‘lishi mumkin.
Ko‘rgazmali uslub shakllari: Mashqni ko‘rsatish. Ta’lim uslublari ichida eng tushunarlisi ko‘rsatish uslubi hisoblanadi. Ko‘rgazmali uslublarda mashqlarni ko‘rsatish yetakchi o‘rinni egallaydi. Umuman ko‘rgazmalilikni qo‘llanish, xususan ko‘rsatish kichik yoshdagi talabalarni o‘qitishda zarurdir. Ko‘rsatish juda samarali bo‘lish uchun bolalarni yaxshi uyushtirish va ular kuzatishlari uchun sharoit yaratilishi lozim. Mashqlar barcha talabalarga yaxshi ko‘rinadigan joydan turib namoyish etilishi kerak. Ko‘rsatish va tushuntirish turli variantlarda birga qo‘shib olib boriladi:
1) dastlab mashq namoyish etiladi, so‘ng tushuntiriladi;
2) dastlab mashq tushuntiriladi, so‘ng namoyish qilinadi;
3) namoyish tushuntirish bilan birga olib boriladi.
Ko‘rgazmali qurollardan foydalanish. Hàrakatlar haqida to‘g‘ri tasavvur hosil qildirish uchun ko‘pincha ko‘rgazmali qurollardan foydalaniladi. Ko‘rgazmali qurollar suratlar, jadvallar, rasmlar, fotosuratlar bo‘lishi mumkin. Ularni darsda o‘qituvchi rahbarligida yoki, agar ular sinfda yoki zalda osib qo‘yilsa, darsdan tashqari vaqtda mustaqil ravishda ko‘rib chiqish mumkin.
Amaliy uslub shakllari: Amaliy uslubda talabalar har bir harakatni amalda bajaradilar, ko‘rsatadilar, takrorlaydilar. Ta’limning asosiy vazifasi shug‘ullanuvchilarda mustahkam harakatlanish ko‘nikmalarini shakllantirishdan iborat. Bu vazifani hal etish uchun o‘rganiladigan harakatlarni ko‘p martalab takrorlash zarur. O‘rganiladigan harakatlarni rejali ravishda mashq qilish bolalarga jismoniy tayyorgarlikning eng yuqori natijalariga erishishlarda yordam beradi, ularni sog‘lom qiladi, bilimini oshiradi.
Musobaqa takomillashtirish uslubi sifatida talabalarda bir qadar malaka hosil bo‘lganidan keyingina qo‘llaniladi. Musobaqada o‘quv materialini o‘tish davomida eng yaxshi jamoalar, guruhlar yoki ayrim talabalar aniqlanadi.
Shug‘ullanuvchilarga individual yondoshish: Bolalar bilan ishlashda o‘qituvchilarning o‘z talabalari individual xususiyatlarini yaxshi bilishi katta ahamiyatga ega, chunki, hàr bir sinfda zukko va parishonxotir, faol va sust: jismoniy madaniyat va sportga qiziquvchi va qiziqmaydigan talabalar bo‘ladi. O‘qituvchi har bir talabaning sog‘ligini va jismoniy rivojlanganlik darajasini yaxshi bilish kerak. Har bir sinfda o‘z sinfdoshlaridan jismoniy tayyorgarligiga ko‘ra yaqqol ajralib turadigan talabalari bor. Ulardan ba’zilari mashqlarni bajara olmaydilar, boshqalari esa, aksincha, jismoniy mashqlarni bajarishda yuqori natijalar ko‘rsatadilar. Shuningdek yaxshi tayyorgarlikka ega bo‘lgan bolalar ham o‘zlariga individual yondoshishga ehtiyoj sezadilar. Bolalarga individual yondoshishda ularning sog‘ligini, yoshini, jinsini va jismoniy tayyorgarligi hamda jismoniy qobiliyatini albatta hisobga olish kerak.
Ma’ruza. Jismoniy tarbiya sohasida ma’ruzalar sport turlari va jismoniy tarbiyaning nazariy asoslari hamda jismoniy tarbiya uslubiyoti fanlaridan olib boriladi. Xususan jismoniy tarbiya va sportning tarixi, jismoniy tarbiyaning nazariy asoslari va jismoniy tarbiya uslubiyoti hamda sport trenirovkasi jarayonining qonuniyatlari, jismoniy tarbiyada ta’lim va tarbiya, harakatlarga o‘rgatish, umumiy va maxsus tayyorgarlik jarayonlari tahlil etilai.
Oliy ta’limda ma’ruzani quyidagi turlaridan foydalaniladi: akademik ma’ruza, ma’ruza-hikoya, ma’ruza-suhbat, ma’ruza-munozara, ommaviy ma’ruza va muammoli ma’ruza. Bu ma’ruzalar yozma shaklda ifoda etiladi. Buning uchun ma’ruzachida reja va bayonnoma bo‘lishi lozim. Ayniqsa, ma’ruzada ishlatiladigan izohlar, ko‘chirmalar, ma’lumotlar, misollar uchun yozma ravishda alohida kartochkalar tayyorlangan bo‘ladi. O‘qituvchi ma’ruza o‘qir ekan, talabalarga mavjud materiallarni yetkazish bilan birga, ularga ba’zi vazifalarni berib, kutubxona, laboratoriya va arxivlarda ishlash uchun yo‘llanma berishi ham kerak. Talabalarga ma’ruza o‘qish va amaliy mashg‘ulotlarni o‘tkazishda Oliy ta’lim hayotidagi tajriba ham nazariy, ham amaliy jihatdan umumlashtirib borilmoqda.
Seminarlar o‘zlashtirilayotgan yangi materiallarning bir qismi talabalar tomonidan qanday o‘zlashtirilishini tekshirib ko‘rish maqsadida o‘tkaziladigan dars shaklidir. Seminar mashg‘ulotlari ma’ruza uslubi orqali berilgan ma’lumotlarni umumlashtirish va mustahkamlash maqsadida barcha ijtimoiy fanlar uchun tadbiq etiladi. Seminar mashg‘ulotlari, odatda maxsus mavzuga bag‘ishlangan bo‘lib, uning rejasi ilgariroq e’lon qilinadi va seminar mavzusiga bog‘liq adabiyotlar ko‘rsatiladi. Talabalar seminar mashg‘ulotlariga tayyorlanayotganlarida ko‘rsatilgan adabiyotlarni olib o‘qiydilar, zarur xronologik materiallardagi qoida-qonunlarni atroflicha ishlab chiqib, uni bir umumiy bayonnoma holiga keltiradilar. Talabalarga seminar uchun tayyorgarlik ko‘rganlarida ma’ruza yozish tavsiya etiladi. Bu ma’ruzada talaba mavzu bo‘yicha o‘zining shaxsiy mulohazalarini ham aytishi kerak.
Amaliy va tajriba mashg‘ulotlari ma’ruza kursida olingan bilimlarni amalda tadbiq qilish maqsadida o‘tkaziladigan dars shakllaridan biridir. Bu ikki mashg‘ulot o‘zining xususiyatiga ko‘ra bir-biri bilan chambarchas bog‘liqdir. Amaliy va tajriba darslarida talabalar ikki guruhga bo‘linadilar. Har bir kichik guruhga alohida o‘qituvchi rahbarlik qiladi. Jismoniy tarbiya jarayonida amaliy mashg‘ulotlar sport turiga muvofiq bo‘lgan mashqlar texnikasi va taktikasini egallashga, jismoniy fazilatlarni rivojlantirishga, musobaqalar o‘tkazish malaka va ko‘nikmalarini egallashga, umumiy jismoniy tayyorgarlik ko‘rishga yordam berishi kerak.
Maslahatlar oliy va o‘rta maktabda o‘qitishning keng qo‘llaniladigan bir shakli bo‘lib, ko‘pincha ma’lum kurs materiallari o‘tib bo‘lingach, undan olinadigan reyting sinov va attesstatsiyalardan oldin yoki o‘zlashtirmovchi talabalar bilan yokka holda yoki guruh bo‘lib o‘tkaziladi. Maslahatlarda odatda bir yoki bir necha guruh talabalari o‘zlashtirgan bilimlar yuzasidan o‘qituvchi yakuniy suhbat o‘tkazadi va talabalarning tushunmagan savollariga javob beradi.
Kollekviumlar o‘qitish jarayonida keng qo‘llaniladigan dars shakllaridan biri bo‘lib, ayniqsa, tabiiy fanlarni to‘laroq o‘zlashtirishda juda qulaylik tug‘diradi. Kollekviumda fanning bir bo‘limi o‘tib bo‘lgach, shu bo‘limni talabalar qanday o‘zlashtirganliklari sinab ko‘riladi. Unda o‘qituvchi talabalarga vazifalar beradi. Talabalar savollarga birin-ketin javob beradilar. Javoblar o‘qituvchi tomonidan yakunlanib, umumlashtiriladi va faol ishtirok qilgan talabalar rag‘batlantiriladi.
Kurs ishlari oliy o‘quv yurtlarida oxirgi kurs talabalarini ilmiy tadqiqot ishlari olib borish malakasini hosil qilishga, ma’lum ilmiy xarakterga ega bo‘lgan qisqacha ma’ruza yozishga o‘rganishga chorlaydi. Odatda, kurs ishlari yozishda o‘qituvchi rahbarligida mavzu tanlab olinadi va mavzuga doir reja tuziladi, rejaga asosan kurs ishi yozilib, taqriz qilinadi va o‘qituvchiga topshiriladi. Kurs ishini bajarish jarayonida o‘qituvchi rahbardan muntazam ravishda maslahatlar olib turiladi. Kurs ishlarida talabalar aniq mavzu bo‘yicha mustaqil ravishda tegishli adabiyotlarni o‘qib chiqib, mustaqil fikr yuritadi va kichik muammolarni yechib berishga o‘zining hissasini qo‘shadi. Kurs ishlari talabalarning o‘quv-tadqiqot ishlarining asosiy shakllaridan birini tashkil etadi.
Bitiruv malakaviy ishlari muaxasislik fanlari bo‘yicha barcha talabalar yozish shart bo‘ladi. Talabalar oliy o‘quv yurtini tamomlayotganlarida tanlangan maxsus kurslari yuzasidan ilmiy-tadqiqot olib boradilar. Ular shu soha bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan adabiyotlarni ishlab chiqib, o‘z ishlarining boshqa ishlardan farqini, uning ishlab chiqarishga keltiradigan foydasini ko‘rsata bilishlari kerak. Bitiruv malakaviy ishi o‘qituvchi rahbarligida yoziladi. Bitiruv malakaviy ishlarining hajmi fanlar va mavzularga qarab, belgilanadi.
Talabalar tomonidan bajariladigan bitiruv malakaviy ishlari haqiqiy ilmiy ishlarning boshlanishidir. Bu munozarani talab etmaydi. Bitiruv malakaviy ishi talabaga ilmiy izlanish, ma’lum muammolarni o‘rganish va uning mohiyatini tahlil qilishda yordam beradi. Zotan, talabalar o‘qish jarayonida ma’lum doirada ilmiy-tekshirish ishlari olib borgan bo‘ladilar. Talabalarning ilmiy ishlari talabalar ilmiy jamiyatlari anjumanida tinglanadi, muhokama qilinadi, baholanadi. Bu jarayon talabaning ilmiy qobiliyatini charxlab boradi.
Bakalavr bajargan Bitiruv malakaviy ish mavzusi uning magistrlik ishi bo‘lib davom ettirilishi mumkin.
Reyting nazorati, maslahat, yozma ishlar nazorati ham o‘qitish jarayonining ajralmas tarkibiy qismlaridir. Ularning har biri o‘ziga xos tomonlari bilan ajralib turadi.
Talabalarga ma’ruza o‘qishda, amaliy tajriba mashg‘ulotlarini o‘tkazishda, seminarlar tashkil etishda, fanlar bo‘yicha “tayanch ibora” yozma ishlari yozishda, kurs va bitiruv malakaviy ishlariga rahbarlik qilishda Oliy ta’lim Kadrlar tayyorlash Davlat standartlari ham nazariy, ham amaliy jihatdan to‘la amal qilingan holda ish ko‘riladi.
Jismoniy tarbiyada me’riy hujjatlar: O‘quv rejasi davlat hujjati bo‘lib, o‘quv ishlari tartibi, mazmuni, shakllarini aniq belgilab berishda, shuningdek, talabalarning bilimini nazorat qilish hamda baholashda alohida ahamiyatga egadir. O‘quv rejasida ma’ruza va amaliy mashg‘ulotlar, attestatsiya sessiyalari, bitiruv malakaviy ishlari, ta’til singarilarni olib borish va o‘tkazishning muddatlari aniq ko‘rsatiladi. O‘quv rejasiga muvofiq boshlang‘ich kurslarda ko‘proq umumiy fanlar o‘qitiladi, yuqori kurslarda esa mutaxassislik bo‘yicha ma’ruza va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkaziladi. O‘quv rejalari hamma o‘quv yurtlari uchun bir hilda emas, chunki ularning har biri o‘ziga xos xususiyatlarga ega bo‘lib, o‘quv muddatini belgilashda hisobga olinadi. Shunga muvofiq o‘qiladigan fanlar, attestatsiyalar, kurs ishlari miqdori semestrlar bo‘yicha aniq belgilab chiqiladi.
Har bir fakultet uchun o‘quv rejalari tuziladi. Bakalavr va Magistr o‘quv rejasida o‘qiladigan fanlar bo‘yicha ma’ruzalar, amaliy mashg‘ulotlar, maxsus kurslar, maxsus seminarlar, kurs va bitiruv malakaviy ishlari, pedagogik va ishlab chiqarish tajribalari, attestatsiya va reyting sinovlar muntazam ravishda aniqlab beriladi, o‘quv rejasi tuzib bo‘lingach, muhokama etiladi va tasdiqlanadi. Tasdiqlangan o‘quv reja uzoq yillargacha amalda qo‘llanib boriladi. Lekin o‘qish jarayonida ba’zi o‘zgartirishlar kiritish mumkin va bu o‘zgartirishlar kafedra va fakultetning tavsiyasi bilan universitet ilmiy kengashida tasdiqlangandan so‘ng kuchga kiradi. O‘quv rejasidagi har bir fan o‘zining o‘quv dasturiga ega bo‘ladi. Dasturlarni olimlar va tajriba o‘tkazuvchi o‘qituvchilar tuzishi mumkin. Dasturlar ma’ruza va amaliy mashg‘ulotlarni olib boruvchi olim-pedagoglar tomonidan tayyorlangani ma’qul. Chunki o‘quv rejasining mohiyatini faqat auditoriya bilan muloqotda bo‘lgan mutaxassisgina to‘la ochib bera olishi mumkin. Dastur qisqagina so‘z bilan boshlanib, so‘ngra bir necha boblar yoki bo‘limlarga ajraladi. Har bir bob yoki bo‘limda alohida o‘tiladigan mavzular va kichik mavzular berilib, oxirida zaruriy va qo‘shimcha adabiyotlar ro‘yxati keltiriladi. Dasturda fanlar bob, qism va bo‘limlarga ajratilib, har bir mavzu bo‘limlarga bo‘linadi, har bir bob, bo‘lim yoki qismdan so‘ng foydalanishi lozim bo‘lgan adabiyotlar alfavit tartibida keltiriladi. Bu o‘qituvchining ma’ruzalarga va amaliy mashg‘ulotlarga tayyorgarlik ko‘rishini osonlashtiradi. Shuning uchun o‘qituvchilar dasturdagi adabiyotlarning bir qisminigina talabalarga mustaqil ishlash uchun tavsiya etishlari lozim.

Yüklə 459 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   ...   25




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©muhaz.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin