Andijon viloyatining 2021 yilgi makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi eksperti tomonidan Andijon viloyatining 2021 yilgi makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari tahlil qilindi.
Yil yakuniga ko‘ra, Andijon viloyati bo‘yicha yalpi hududiy mahsulot (YaHM) hajmi joriy narxlarda 43 790,8 mlrd.so‘mni tashkil etdi va 2020 yilga nisbatan 4,7%ga o‘sish qayd etildi. O‘zbekiston Respublikasi bo‘yicha YaIMni shakllantirishda Andijon viloyatining qo‘shgan hissasi 6,0 % ni tashkil etdi.
O‘tgan yilda yangi tashkil etilgan kichik tadbirkorlik sub’yektlari soni 2020 yilga nisbatan 7,5% pasayib, 7 111 tani tashkil etdi. YaHMda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning ulushi 71,8% (2020 yilda 69,9%)ni tashkil qilgan.
Jon boshiga to‘g‘ri keladigan YaHM hajmi 13 596,2 ming so‘mni tashkil qilgan holda, 2020 yilga nisbatan 2,7%ga oshgan.
Asosiy kapitalga investitsiyalar hajmi 12143,7 mlrd.so‘mni tashkil etib, 2020 yilga nisbatan 15,3%ga o‘sish qayd etildi.
YaHM tarkibida sanoat ulushi qurilishni qo‘shgan holda 26,5% (2020 yilda 28,7), qishloq xo‘jaligi ulushi 43,3% (2020 yilda 42,6%) va xizmat ko‘rsatish ulushi 30,2% (2020 yilda 28,7%) ni tashkil qilgan.
Sanoat
Viloyatda o‘tgan yili ishlab chiqarilgan sanoat mahsulotlari 35 916,2 mlrd.so‘mni tashkil etib, 2020 yilga nisbatan 1,4%ga pasayish kuzatilgan. Viloyatda ishlab chiqarilgan sanoat mahsulotlarining respublika sanoatidagi ulushi 8%ni tashkil qilgan. Jon boshiga to‘g‘ri keladigan sanoat mahsulotlari hajmi 11 151,3 ming so‘mni tashkil etib, 2020 yilga nisbatan pasayish kuzatilgan.
Iste’mol tovarlari
Viloyatda 25 311,1 mlrd.so‘mlik iste’mol tovarlari ishlab chiqarilgan bo‘lib, 2020 yilga nisbatan 7,5%ga pasaygan. Respublika iste’mol tovarlarida viloyatning ulushi sezilarli darajada yuqori bo‘lib, 16,6%ni tashkil qilgan.