36.Psixologiyaning asosiy prinsiplari
T.I. Determinizm prinsipi, Ong va faoliyat birligi, Ongning faoliyatda rivojlanishi
Hozirgi zamon psixologiya fanining quyidagi prinsiplarini ko‘rsatib o‘tish mumkin: determinizm printsipi, ong va faoliyat birligi printsipi, psixikaning faoliyatda rivojalanish printsipi.Determinizm printsipiga ko‘ra, psixika yashash sharoiti bilan belgilanadi va yashash sharoiti o‘zgarishi bilan o‘zgaradi. Agar, hayvon psixikasi haqida gapiradigan bo‘lsak, uning taraqqiyoti biologik qonuniyatlar asosida ro‘y beradi. Inson psixikasining taraqqiyotiga esa ishlab chiqarish usullari, ijtimoiy tarixiy omillar ta’sir qiladi. Ong va faoliyat birligi - ong va faoliyat bir-biriga qarama-qarshi emas, ular bir butunlikni tashkil qiladilar. Ong faoliyatning ichki rejasini uning programmasini tashkil etadi. Psixikaning faoliyatda rivojlanishi prinsipiga ko‘ra psixika taraqqiyot mahsuli, faoliyat natijasi deb qaraladi. Faoliyat jarayonida (o‘qish, o‘yin, mehnat) odam ijtimoiy tajribani o‘zlashtiradi, bu esa psixik taraqqiyotning faqat insongagina xos shaklini tarkib toptiradi.
Determinizm (lotincha determinata) belgilayman ma’nosini bildiradi) prinsipi tabiat va jamiyat hodisalari, shu jumladan, psixik hodisalarning ob’ektiv sabablar bilan belgilanishi haqidagi ta’limotdir. Shu boisdan psixika, ongning ob’ektiv borliq va nerv sistemasi bilan belgilanishi ilmiy psixologiyaning buyuk yutug‘i hisoblanadi. Shuning uchun determinizm psixikaning turmush tarzi bilan belgilanishini va turmush tarzi o‘zgarishiga mutanosib ravishda u ham o‘zgarishini anglatadi. Shuni alohida ta’kidlash joizki, hayvonlar psixikasining rivojlanishini biologik qonun tarzidagi tabiiy tanlash mezoni bilan o‘lchanadi. Hayvonlardan farqli o‘laroq insonda ong shakllanishining paydo bo‘lishi muayyan bosqichlar orqali rivojlanishi moddiy ishlab chiqarilish vositalarini yaratish hamda takomillashtirish, mahsulotlarni qayta ishlash qonunlari bilan belgilanadi. Inson ongining ijtimoiy-tarixiy taraqqiyot xususiyatiga ega ekanligini anglashi (tushunish) shaxs ongining ijtimoiy borliqqa (makro, mikro, mize muhitiga) bog‘liqligi xaqidagi ham tabiatshunoslik, ham insonshunoslik umumiy prinsipga asoslangan buyuk xulosa kishilik jamiyatining olamshumul tantanasidir. Hozirgi davrda determinizmning teskari aloqa, sistemalilik, statiklik ko‘rinishlari mavjud.
2. Ong bilan faoliyat birligi prinsipini psixologiya fanida qabul qilinishi shunday ma’noni anglatadi: a)ong bilan faoliyat bir-biriga qarama-qarshi voqelik emas; b) ong bilan faoliyat aynan biror-biriga o‘xshashi ham emas; v) ong bilan faoliyatning birligi ularning hukm surishi mexanizmidir (kursiv E.g‘.). Faoliyat o‘zining tuzilishi bo‘yicha ichki va tashqi tarkiblariga ega bo‘lsa–da, voqelik tashqi ifodasi bilan ajralib turadi. Ong bo‘lsa faoliyatning ichki rejasini, uning dasturiy jabhasini aks ettiradi. Real vaqtlarning o‘zgaruvchan (rivojlanishini anglatuvchi) modeli ongda yuzaga keladi, odam atrofmuhit bilan munosabatga kirishganda undan mo‘ljal oladi, natijada nuqsonlarga yo‘l qo‘ymaydi. Faoliyat ong yordamida amalga oshadi va o‘z navbatida ong mazkur jarayonda takomillashadi (muammo va uning yechimi variatsiyalar, invariantlar turtki vazifasini o‘ynaydi).
Ilmiy tadqiqot nuqtai nazaridan ong bilan faoliyat birligi prinsipi, birinchidan, xulq-atvor, faoliyatni maqsadga muvofiq amalga oshirishga kafolat beradi; ikkinchidan, harakat, sa’i-harakatlarni muvaffaqiyatlarga erishishni ta’minlovchi ichki psixologik mexanizmni aniqlashga imkon beradi; ularning birligi psixikaning ob’ektiv qonuniyatlarini ochishga muhim imkoniyati, puxta shart-sharoit yaratadi.
Agarda psixika faoliyat samarasi va mahsuli sifatida talqin qilinsa, u taqdirda psixika va ongning faoliyatda rivojlanish prinsipi to‘g‘ri tushunilgan bo‘ladi. Mazkur prinsip rus psixologlari L.S.Vigotskiy, P.P.Blonskiy, S.L.Rubinshteyn, A.N.Leontev, B.M.Teplov, B.G.Ananev va boshqalarning ilmiy tadqiqotlarida o‘z ifodasini topgan.
Dostları ilə paylaş: |