1.3 Xatolarni hisobga olish va ular ustida ishlash Tekshirish o’quvchilarning bilim sifatlarini, shakllantirilgan malakalardan qanchalik foydalanishini aniqlashni ta’minlaydi. Bu, o’z navbatida, o’quvchilarning yangi materialni o’rganishga tayyorligini aniqlash, shuningdek, qo’llanilgan metod va usullarning samaradorligini baholashga, ish metodlariga ayrim o’zgartirishlar kiritishga imkon beradi. Tekshirish o’quvchilar uchun, birinchidan, to’g’ri shakllantirilgan bilimlarni mustahkamlashga xizmat qiladi, ikkinchidan, ish sifatini yaxshilaydi, o’z-o’zini tekshirishni o’stiradi.
Maktab tajribasida tekshirish og’zaki va yozma shaklda amalga oshiriladi; bilimlarni kundalik mavzuga oid va yakuniy tekshirish tatbiq etiladi.
Boshlang’ich sinflarda ona tilidan bilim, ko’nikma, malakalar og’zaki va yozma shaklda tekshirilsa-da, bir umumiy baho qo’yiladi. Bunda o’quvchilarning grammatik aniqlik, imlo qoidalarini bilishlari, so’zni va gapni tahlil qila olishlari, bilimni yozma nutqqa (diktant, bayon, inshoga) tatbiq eta olishlari hisobga olinadi. O’quvchilar yozma ishlarni qanday bajarganliklari muntazam tekshirib boriladi. O’qituvchi 1-sinfda o’quvchilarning barcha yozma ishlari (uy va sinf ishlari)ni tekshiradi. Boshqa sinflarda yangi mavzu o’rganilgan davrdagi yozma ishlarni tekshiradi, boshqa vaqtda tanlab tekshiradi.
Ona tilidan yozma tekshirish uchun asosan diktant, bayon, insho, shuningdek, grammatik, so’z yasashga oid, leksik va imloga oid topshiriqlarni bajarish, tekshiruv ko’chirib yozishdan foydalaniladi. Yakunlovchi tekshirish uchun har bir chorakda bir marta tekshiruv ishi o’tkaziladi. Bulardan tashqari, o’quv yili davomida bir necha martadan diktant, grammatik topshiriqli yozma ishlar, test, bayon va insho o’tkaziladi.
Diktantning o‘ziga xos sharti o‘z lug‘aviy ma’nosidagi diktovka — aytib turib yozdirish degan tushunchadan ko‘ra muhimroqdir. Diktant — bu eshitganinigina yozish emas, balki aytilayotgan so‘zning ongda, shuurda muhrlangan suratini nusxalash. Shuning uchun ham aytib turish — diktovka qanday bo‘lishidan qat’i nazar, o‘quvchining to‘g‘ri yoza olishiga erishish bosh masaladir. O‘quvchi aql, fahm kabi bir bo‘g‘inli so‘zlarda qator kelgan undoshlar orasida qisqa i unlisi eshitilsa-da, yozilmasligini; zidlov, sabab va aniqlov bog‘lovchilaridan oldin vergul qo‘yilishini ongli idrok etmasa, bahosi “yaxshi” yoki “a’lo” bo‘lishidan umidvor bo‘lmaslik kerak. Demak, diktant uchun ham faqat diktant yozayotgan paytni muhim deb belgilamaslik zarur.
Bayon diktantdan o‘z ijodiyligi bilan farqlanadi. Unda o‘quvchining ijodkorligi matnni tinglash jarayonida ko‘z oldiga keltirgan, eslab qolgan manzara, holat, voqealar rivojini tasavvurida tiklagani holda individuallashtirishi — o‘z tilida o‘ziga xos ifoda tanlashida namoyon bo‘ladi. O‘quvchi bu o‘rinda matnni boyitishi, jonlantirishi, tasviriy ifodalardan o‘rinli foydalanishi yoki, aksincha, borini buzib, uslubiy xatoliklarga yo‘l qo‘yishi mumkin. Bunday paytlarda muayyan o‘quvchining har bir gapi, jumlasi, so‘zlarni bir-biriga bog‘lashi, umuman olganda, ifoda texnikasi haqida fikr yuritishga, yo‘l qo‘yilgan xatolikni bartaraf etib, qo‘lga kiritilgan muvaffaqiyatni rag‘batlantirishga to‘g‘ri keladi.