5. MIKRONEZIYA XALQLARI ETNOLOGIYASI «Mayda orollar» nomi bilan atalgan Mikroneziya asosan, marjon va vulqonlardan paydo bo`lgan juda ko`p kichik orollardan iborat. Bunga Tinch okeanining g`arbiy qismida joylashgan Marshall, Karolin, Marian orollari va Gilbert arxipelagi kiradi. Nihoyatda keng hudud (14 mln. km2)da tarqoq joylashgan mazkur orollarning umumiymaydoni 3,5 ming km2 ga ham yetmaydi. Ammo geografik mavqei nuqtayi nazardan Mikroneziya Janubi-sharqiy Osiyo mamlakatlari bilan Polineziya va Melaneziya orolligida joylashganligi juda qulay.
Antropologik jihatdan Mikroneziya aholisi melaneziyalik va polineziyaliklarga yaqin mongoloid va negroid irqining aralashmasidan paydo bo`lgan tipdir. Ular o`rta bo`yli, jigarrang tanli va bir oz jingalak sochli. G`arbiy Mikroneziyada mongoloid qo`shimchasi borligi seziladi.
Mikroneziya xalqlarining tillari kam o`rganilgan, ammo so`nggi - klassifikatsiya ma`lumotlari malayya-polineziya turkumi avstroneziya til oilasiga oid ekanligini tasdiqladi. Mikroneziyaliklarning ko`p qismi mazkur til oilasining sharqiy yoki okeaniya shoxobchasiga kiradi. Shulardan eng kattalari Gilbert arxipelagidagi tungaru (64 ming kishi)dir. Sof okeaniya tilida so`zlashadigan Sharqiy Mikroneziyada 10 ta xalq yashaydi. G`arbiy shoxobchasiga oid belau xalqi (15 ming kishi) G`arbiy Mikroneziyada yashaydi. Bulardan tashqari ko`p sonli metislar va immigrantlar ham mavjud.
Mikroneziyaliklarning xo`jaligida serunum yerlar kam bo`lganligi tufayli faqat kokos palmasi, shakarqamish, non daraxti o`stiriladi. Aholisi asosan, baliqchilik bilan kun ko`radi. Mayda orollarda qisman o`ziga xos madaniyatga ega bo`lgan dengiz ko`chmanchilari deb nom olgan qabilalar ham yashaydi. Baliq ovi ashyolarini tayyorlash ancha rivojlangan: 30-40 metr keladigan yog`och tola-lardan to`qilgan to`rlar, bambukdan po`pak va hinjilardan qarmoqlar, xivichdan yasalgan har xil to`rlar, sanchqi va hokazo. Palau orollarida sholikorlik va kulolchilik bilan shug`ullanganlar. G`arbiy Mikroneziyada sug`orish dehqonchiligi asosiy rolni o`ynasa, sharqiy qismida baliqchilik eng muhim soha hisoblangan.
G`arbning moddiy madaniyati yuksak kulolchilik, tosh ustunlarga uy qurish va boshqa kasb xususiyatlari bilan ham ajralib turadi. Tosh yoki yog`och ustunlariga sinch qilib qurilgan uylari palma yaprog`i bilan yopilgan. Kiyimlari o`simlik tolalaridan to`qilgan har xil belbog` va etaklardan iborat, ayollar asosan, xashak va yaproqlardan tikilgan yubka kiyadilar.
Ayrim orollar ijtimoiy tuzumida va ma`naviy madaniyatida ibtidoiy an`anaviy munosabatlar saqlangan. Ammo sotsial tabaqalanish ham paydo bo`lgan. Harbiylar, dengizchilar va kemasozlar zodagonlar tabaqasiga kirgan, dehqonchilik va baliqchilik bilan shug`ullanuvchilar esa kambag`al hisoblanganlar. Ayrim Palau kabi orollarda urug` va qabilaviy munosabatlar kuchli bo`lgan.
Ayniqsa, ona urug`i tartib qoldiqlari saqlangan, qizlar erkin nikoh huquqiga, umuman ayollar erlar bilan teng huquqqa ega bo`lganlar. Katta oila xo`jalik hujayrasi bo`lib yetishgan. Karolin va Marshall orollarida qabila boshliqlarining hukmronligi va an`anaviy ijtimoiy tartiblari hozirgacha ham saqlangan. Dini qadimiy animistik tasav-vurlar bilan bog`liq o`liklar va ajdodlar ibodatidan iborat. Folbin va kohinlar ham bo`lgan. Hozir ko`p orollarda nasroniy dini ayniqsa, katolitsizm tarqalgan. Ammo «muqaddas homiylar»ga bag`ishlan-gan bayramlar («Fiyesta»)ni nihoyatda tantanali nishonlaganlar. Juda boy va hashamatli nikoh to`ylari ham o`ziga xos xarakterga ega bo`lgan.
Mikroneziya hozirgi davrda butunlay AQSH ta`sirida. Ular orollardagi qulay yerlarining ko`p qismini o`z tasarruflariga olganlar, tub aholiga esa 40 foizgina yer tekkan, xolos. Marian va Marshall orollarining ko`p qismida amerikaliklarning harbiy bazalari joylashgan.
Mikroneziyaning hozirgi iqtisodiyoti asosan, kokos palmasini o`stirish va kokos yong`og`ini ishlab chiqarishdan iborat. Ayrim orollarda shakarqamish, kakao va sabzavot yetishtiriladi. Gilbert orollarida fosforit qazib olinadi. Maorif tizimi nihoyatda past darajada rivojlangan.