3. G`ARBIY VA MARKAZIY AFRIKA XALQLARI Birlashgan Millatlar Tashkilotining Afrika bo`yicha iqtisodiy komissiyasi taklifiga binoan G`arbiy va Markaziy Afrikaga tabiati, etnik tuzilishi, tarixi va ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotining umumiy xarakteriga qarab 24 ta mamlakat kiritilgan. Etnik jihatdan bu yerda yashovchi xalqlarning ko`pchiligi G`arbiy Sudan va Bantu xalqlari degan nom bilan atalgan. Bularning ko`pchiligi XX asr o`rtalariga qadar Yevropa davlatlarining mustamlakasi bo`lib kelgan. Ayniqsa, ikkinchi jahon urushidan keyin butun Afrikani larzaga keltirgan milliy-ozodlik harakati juda ko`p xalqlarning mustaqil rivojlanishiga yo`l ochib berdi. Tarixiy «Afrika yili» nomi bilan kirgan 1960-yilda G`arbiy va Markaziy Afrikaning 15 ta mamlakati siyosiy mustaqillikni qo`lga kiritgan edi. Shulardan eng kattalari Nigeriya va Zoir, keyin Senegal va Mali, Mavritaniya va Benin (ilgarigi Dagomeya), Niger va Yuqori Volta, Fil suyagi sohili va Togo, Chad va Gobon, Markaziy Afrika va Kongo xalq respublikasi, Kamerun va S`erra-Leone. 1965-yilda Gambiya, 1968-yili Ekvatorial Gvineya, 1973-yilda Gvineya-Bisau, 1975-yil Yashil orollar buruni va Angola mustaqil respublika deb e`lon qilindi. Bu mamlakatlarda hozir muhim etnik jarayon ro`y bermoqda.
G`arbiy va Markaziy Afrika aholisi turli antropologik va lingvistik guruhlardan iborat bo`lib, o`zlarining xo`jalik faoliyati, madaniyati va dinlari bilan biroz ajralib turadilar. G`arbiy Afrikaning shimolida Mali va Niger hududida yashovchi tuareglar kalta yevropoid irqining O`rta yer dengizi tipiga mansub. Yevropoid belgilari Markaziy Afrikaning shimoliy hududlaridagi tubi kanuri kabi elatlarda ham biroz seziladi. Qolgan barcha xalqlar katta negroid irqiga tegishli. Ammo ular ayrim tiplarga bo`lingan. Masalan, badanining rangi, labining qalinligi, prognatizm, bo`yi va boshqa belgilari bilan senegal tipi (volof xalqi), niger tipi (mandingo xalqi), chad tipi (xausa xalqi), saxara tipi (sara xalqi), pakana bo`yli negeril tipi (pigmeylar) bir-biridan ajralib turadilar.
G`arbiy Afrikaning etnolingvistik qiyofasi juda rang-barang. Bu yerda hozir bir necha til oilalari va juda ko`p turkumlarga mansub etnoslar yashaydi. Afroosiyo til oilasiga kiradigan bar-bar va tuareglar hamda chad turkumiga mansub xausalar bilan birga niger-kordofa, nil-saxara, benue-kongolez til oilalariga tegishli juda ko`p xalq va elatlar keng hududda joylashgan. Markaziy Afrikaning etnolingvistik xaritasi ancha yaxlit, umumiylikka ega, asosan, bantu tillarida gapiradigan xalqlardan iborat. Bantu xalqlari miloddan avvalgi I ming yillikning o`rtalarida Markaziy Afrikada paydo bo`lib, bu yerda qadimdan yashab kelgan pigmey va bushmenlarni siqib chiqarganlar. Hozir Markaziy Afrikada 32 mln. bantu xalqlari yashaydi. Shulardan eng yirigi baluba (4,4 mln., kishi), bakongo (4,4 mln.), ovim bundu (2,3 mln.), bambundu (1,7 mln.) va hk. G`arbiy Afrikada xausa va unga yaqin tilda gapiradigan xalqlar 10 mln. kishi, benue-kongolez tilida ham 7 mln., volt tilida 8 mln. g`arbiy atlantik tilida 10 mln.dan ortiq xalq gaplashadi.
Xo`jalik jihatdan mazkur mintaqa Shimoliy Afrikadan keyin ancha rivojlangan. Bu yerda ham qishloq xo`jaligi iqtisodiyotning negizini hosil qiladi. Okeandan uzoqda magistral transport yo`llaridan chekkada joylashgan Markaziy Afrika xalqlarining arfanaviy mashg`uloti dehqonchilik va cborvachilik bo`lib, 80 foiz aholining hozirgacha asosiy tirikchilik manbai hisoblanadi. Qishloq xo`jaligida jamoachilik munosabatlari saqlanib kelmoqda.
Mahalliy dehqonchilik tropik iqlimga moslashgan, o`rmonlarni chopib, ochilgan yerga kul aralash yerga chopqi (butali yog`och xodaga temir tish kiygizilgan) bilan ishlov berib ekin ekiladi. Bo`z yerga ckin 5-6 yil, ba`zan yer ko`p bo`lsa 10-12 yildan keyin qayta ekiladi. Asosiy ekinlardan sholi, makka, suli, batuta, shakarqamish, lobiyo ckiladi, tropik o`rmonlardayams, manioka, taru, yeryong`oq (araxis), non daraxti, banan, qovun, qovoq, sitrus va meva daraxtlari o`stiriladi. Muhim an`anaviy «etnik»mahalliy ekinlardan sholi gvineya-liberiya zonasida yashovchi xalqlarga xos bo`lib, odatda sug`orilmay ekiladi. Sholikorlik Niger va Gambiya daryolarining sohillarida 3,5 ming yillar muqaddam paydo bo`lib, boshqa joylarga tarqalgan. Uni daryo yoqasidagi pastlik suv toshqini serob yerlarda yoki ko`pincha ekvatorial iqlimli namli seryomg`ir tropik o`rmonlarda ekadilar. G`arbiy Afrikada sholidan yiliga 400 ming tonnaga yaqin hosil olinadi.
Mustamlakachilik siyosati natijasida ayrim mamlakatlar eksport uchun maxsus ekinlarni ekishga ixtisoslashtirilgan edi. Doimiy nam iqlimli o`lkalarda, asosan, shimoliy kenglikning 8 gradus janubida joylashgan o`lkalarda eng foydali eksport ekinlari madaniylashtirilgan. Ayniqsa, Gvineya bo`g`oziga yaqin joylashgan mamlakatlarda kakao, kofe, banan, geveya, ananas, kokos palmasi kabi o`simliklar o`stiriladi. G`arbiy Afrikada jahonda yetishtiriladigan kokosning 3|2 qismi, butun qit`adagi kokosning 90 % i o`stiriladi. Gambiyada yeryong`oq, Nigeriya va Dagomeyada xurmo, Fil Suyagi sohilida kofe (jahonda uchinchi o`rinda, qit`aning 90 % hosili), Liberiya va Nigeriya xurmo moyi ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Markaziy Afrikada ham yirik plantatsiya xo`jaliklarida eksport uchun xurmo yog`i, kauchuk, banan, shakarqamish, kofe, kakao, tamaki, yeryong`oq (araxis) va paxta yetishtiriladi. Bu yerda o`rmon ko`p bo`lganligi tufayli qimmat-baho daraxt turlari ham eksport qilinadi (butun qit`aning 3|1 qismi Markaziy Afrikada tayyorlanadi). Jahon bozojrida okume, maxo-gani, iroko kabi daraxtlar yuqori baholanadi. Yuqori Gvineyaning tropik o`rmonlarida yashovchi yoruba, ibo, oshanti kabi xalqlar don ekinlariga uncha e`tibor bermaganlar, asosan, yams, manioka, taro, araxis, banan, sitrus va boshqa meva daraxtlari yetishtirganlar. Bolof, serer, mandingo, xausa kabi qadimiy dehqonchilik kasbiga ega xalqlar esa asosan, don ekinlari – jo`xori, suli, makka, bug`doy, suv serob joylarda sholi ekkanlar. Chorvachilik sust taraqqiy etgan. Faqat Xausa, Mandingo sohillarida yashovchi ayrim etnik guruhlarda uy hayvonlari saqlangan. Ular ovchilik va baliqchilik bilan ham shug`ullanganlar.
Chorvachilik faqat shimoliy va janubiy hududlarda fulbe, tuareg xalqlarida keng tarqalgan. Ko`chmanchi va yarim ko`chmanchi turmush tarzida yashovchi bu xalqlar asosan, zebu, kichkina ho`kiz – ndama, ot, tuya, qo`y va echki boqib kun kechiradilar. Janubiy kenglikning 10 daraja pastida Gvineya savannasida yirik shohli mol boqish mumkin emas, chunki sese pashshasi molga qirg`in keltiradi. Shuning uchun fulbe xalqlarining ko`chish hududi ham mazkur kenglikning shimolida cheklangan. Yirik shoxli mollar, asosan, Sudan, sohil mamlakatlari – Mali, Yuqori Volta va Nigeriyada mavjud. Dehqonchilik xo`jaliklarida ham qisman mol saqlanadi, uni faqat bayramlarda va diniy marosimlarda so`yadilar.
G`arbiy va Markaziy Afrika qishloq aholisining ko`pchiligi qadimiy davrlardan to hozirgacha barcha ishlab chiqarish qurollari, uy-ro`zg`or buyumlari, kiyim-kechak va boshqa zarur mahsiilotlarni uyda ishlab chiqarganlar. Ayniqsa, G`arbiy Afrikada hunarmandchilik nihoyatda rivojlangan. To`qimachilik va ko`nchilikda xausa xalqi juda yuksak san’atga ega bo`lgan. Turli gazlamalar, ajoyib teri mahsulotlari, har xil qop va idishlar, poyabzal, egar, kamar va hk.lar Zo`r mahorat bilan yaratilgan va uzoq yurtlarga chiqarilgan. Fulbe, Mandigo, Xausa xalqlarining temirchi va misgarlari omoch tishi, bolta, bel, ketmon, o`roq, pichoq, qilich, xanjar, nayza va har xil bezaklar ishlab chiqarganlar. Temirchilik eng hurmatli kasb hisoblangan. Gvineya xalqlari, Ganadagi ashanti, Nigeriyadagi yoruba, Kamerundagi bamuma kabi xalqlarda badiiy hunarmandchilik nihoyatda rivojlangan. Ular sopoldan, jez va fil suyagidan juda ajoyib haykallar yasaganlar. Benin hunarmandlari hayvonlarning kichkina, podsholar va ajdodlarining yirik hajmdagi haykallarini jezdan quyish malakasiga ega bo`lganlar. Ular hatto ko`shk va saroylarni bezaydigan turli rasm, bezak va haykallar yasay olganlar. Bantu xalqlari turli xildagi chipta va savatlar to`qishda katta mahoratga erishganlar. Yog’och o’ymakorligida G’arbiy Afrika xalqlaridan oldinga chiqadigani yo`q.
Hozir G`arbiy va Markaziy Afrikaning iqtisodiy taraqqiyotida qazilma boyliklarning ko`pligi muhim ahamiyatga ega. Yaqin davrgacha bu yerda og`ir sanoat bo`lmagan. Mustaqillikka erishilgandan keyin, ayniqsa, yirik port shaharlarida asta-sekin sanoat korxonalari paydo bo`la boshlaydi. Masalan, Dakara, Abidjon, Jantil, Luanda, Port-Xarkorte va Zarrida neft ishlab chiqarish zavodlari, Gvineyada alyumin uchun zarur loy tuproq zavodi, Nigeriyada simob eritish zavodi, Gana va Kamerunda alyumin zavodi, Zoirda tog` koni sanoati va olmos kavlab olish korxonalari (jahonda eng katta olmos koni), Kongoda qo`rg`oshin va oltin konlari, Gabonda marganes va uran konlari, Kamerunda boksit, Gobon va Kongoda yuqori sifatli temir ishlab chiqarish korxonalari paydo bo`ldi. Nihoyatda boy va rang-barang mineral resurslarning topilishi mazkur mintaqada eng muhim sanoat tarmoqlarining rivojini ta`min qilmoqda. Markaziy Afrikada yog`och ishlab chiqarish, to`qimachilik, oziq-ovqat sanoati sohalari ham rivojlangan. Og`ir sanoatning asosiy mahsulotlari eksportga ishlaydi.
G`arbiy va Markaziy Afrika aholisi turmush tarzi va tabiiy sharoitga moslashgan uylarda yashaydilar. Barcha mamlakatlar asosan, agrar xo`jalikka ega bo`lganligi tufayli aholining ko`pchilik qismi qishloqlarga joylashgan. Ammo G`arbiy Afrika qadimiy shahar madaniyatiga ega bo`lib, bu yerda o`rta asrlardayoq 70 ga yaqin shahar mavjud bo`lgan mintaqada keyingi davrlarda shaharlar ko`payib migratsion jarayon ancha kuchaygan. Markaziy Afrikada, aksincha, shaharlar asosan, so`nggi vaqtlarda paydo bo`la boshlagan, aholi migratsiyasi juda past. Umuman mintaqaning 70-80 foiz aholisi qishloqda joylashgan, ayrim mamlakatlarda undan ham ko`p (Chadda 93 %, Angola va Zairda 80-90 %, Niger, Liberiya, Mali, Gvineya-Bisau va Yuqori Voltada 90-95 % aholi qishloqlarda yashaydi).
Turli shakldagi uylar asosan, loy va yog`ochdan quriladi. Mande, xausa va g`arbiy bantu xalqlari loydan doirasimon, oynasiz konus shakldagi somon bilan yopilgan tomli uylarda yashaydilar. Mali va Gvineyada yashovchi mandingo xalqi 30-40 kishilik ikki-uch avloddan iborat katta oilalarga birikib, yog`och devorlar bilan o`ralgan bir necha uylarda istiqomat qiladilar. Bunday uy shamoyili sukala deb ataladi. Hozir ham ko`chmanchi fulbe qabilalari doira qilib joylashgan, o`rtasida mol saqlaydigan qo`raga aylangan uylarda qonu qarindoshlar jamlanib, bir oila bo`lib yashaydilar. Bunday qurilgan uylarga vuro deb nom berilgan. Qishloq o`rtasida odatda jamoa majlislari uchun katta uy tiklangan. Ko`pincha tropik o`rmonlarda uchraydigan bunday jamoa uylarida erkaklar savat, bo`yra va boshqa buyumlar to`qiganlar, o`ymakorlik va haykaltaroshlik qilganlar, jamoa sudi va boshqa muhim masalalarni hal qilganlar. Qishloqlarda 200-300 kishi yashagan. Niger vohasida mingga yaqin kishilik qishloqlar ham mavjud.
Gvineya sohilida yashovchi xalqlar yog`ochdan qurilib, loydan urilgan to`rtburchak shaklidagi tekis somon tomli uylarda yashaydilar. Masalan, yorubalarda uylari ichkariga qaratilgan bir necha hovlilar mavjud. Uylarning devorlari bezatilgan, ustunlarga o`yma naqshlar berilgan. Gana xalqining uylari ichkari va tashqariga bo`lingan, hovlilar devor bilan o`ralgan. Ko`chmanchi fulbe va tuareglar ko`chishga qulay teri yoki chipta yopilgan chodirlar tiklaganlar. Malidagi songai xalqlari o`ziga xos somon chiptalar bilan egilgan chiviqlarga birkitilgan uylarda yashaydilar. Bunday uylar toshqin kelganda ko`chirishga qulay bo`lgan.
Mahalliy aholining kiyimlari ham tabiiy sharoitga moslashgan. Sudan sohilliklarining erkaklari keng ko`ylak va sharovar (cholvir), ayollari yubkaga o`xshash beldan pasti to`piqqacha bir necha marta o`ralgan rangli chitdan iborat kiyim kiyadilar. Tog` etaklarida yashovchi fulbe qabilalari sovuqdan ko`ylak-ishton, ustiga jun matodan tikilgan plash yopinganlar. Tropik o`rmonlarda yashovchi aholining ko`pchiligi oddiy belbog` bilan cheklangan. Poyafzal deyarli kiyilmaydi, faqat sahroda issiq qumdagi qabilalar sandal kiyganlar. Tuareglarning erkaklari boshdan oyoq qora matoga o`ranadilar. Shaharlarda Yevropa kiyimlari tarqalgan.
Dehqonchilik bilan shug`ullanuvchi aholining taomlari, asosan, guruch, suli, manioka va sabzavotlar, guruch, qo`ziqorin, sabzavot, go`sht yoki baliq bilan pishiriladi, sulidan atala, maniokadan non pishiradilar. Chorvador fulbe, asosan, sut mahsulotlarini iste`mol qiladilar, suli yoki makkadan atala pishirib, yog` qo`shib yeyiladi.
Ijtimoiy-iqtisodiy tuzumi xilma-xil. Hatto eng rivojlangan Gvineya turkumiga kiradigan xalqlarda ham urug`chilik tuzumi qoldiqlari saqlangan. Masalan, XVI asrlarda paydo bo`lgan keyin ingliz mustamlakachilari tomonidan yemirilgan Ashanti davlati bir necha viloyatlarga bo`linib ularni podsho tomonidan tayinlangan urug`-jamoa boshqarib turgan. Jamoa qon-qarindoshlik prinsipi asosida tuzilgan, taxt va oqsoqollar vazifasi ona urug`i tomonidan belgilangan, meros ham patriarxal tipda bo`lgan. Boshliq (rais) vafot etsa, uning o`rniga opasining katta o`g`li tayinlangan. Diniy e`tiqodga binoan har bir kishiga otadan jon, onadan qon: nasl-nasab o`tar emish.
Yoruba mamlakatida davlat ishlarida ayollar ishtirok qilgan. Bosh hokim qoshida saroyda oliy maslahatchi bo`lib, ayol kishi tayinlangan. U «podshoning onasi» deb e`lon qilingan, hokimning chinakam asl onasi esa o`g`li taxtga chiqishi bilan qatl etilgan. XVII asrda Dagomeyada hatto ayollar gvardiyasi mavjud bo`lgan. Ayrim olimlarning fikricha, sudan-sohil xalqlarining ancha qismi sinfiy jamiyatga patriarxatni chetlab, to`g`ri matriarxatdan o`tgan. Chunki Atlantik okean sohillari va o`rmon chekkalaridagi ayrim qabilalarda to XIX asrgacha urug`-qabilaviy tuzumda matriarxat belgilari aniq namoyon bo`lgan. Patriarxal munosabatlarining tipik shakllari esa XVII asr boshlarida yirik siyosiy birikma — imomat tashkil qilgan ko`chmanchi fulbe qabilalarida saqlangan.
Ibtidoiy tuzum qoldiqlaridan mintaqada eng ko`p tarqalgan shakllaridan biri Okeaniyadagi maxfiy ittifoqlardir. Erkaklardan tashkil topgan mazkur ittifoqlar dastlab matriarxat urug`iga qarama-qarshi tarzda paydo bo`lib, yangi jamiyatga kelib murakkab funksiyani bajaradi. Maxfiy ittifoqlar jamiyat hayotiga ta`sir ko`rsatib kelgan. Masalan, Liberiyada paydo bo`lgan Poro nomli erkaklar ittifoqi, Kamerundagi Egba va Ngua ittifoqlari asosan, zodagonlardan tashkil topgan va uning boshida mahalliy qirol turgan. Sinfiy jamiyat sharoitida erkaklar ittifoqi davlat vakolatidagi (sud qilish, politsiya) ayrim vazifalarni bajarganlar. Ular qo`pol kuchga tayanib, din bilan niqoblangan holda har xil hurofiy animistik va sehrgarlik bilan to`la marosimlar o`tkazib aholini vahimaga solib turganlar, hokimlarga soliq to`plash, boylik orttirish, siyosiy dushmanlarni yo`qotishda tayanch bo`lganlar. Vahimali niqob va kiyimlarda dahshatli arvohlar shaklida kutilmagan paytda paydo bo`lib, qora niyatlarini amalga oshirganlar.
Maxfiy ittifoqlarga kirish murakkab, avvalo, maxsus maktablarni tugatish zarur. Masalan, Liberiyadagi Poro ittifoqiga 12-14 yoshli bolalar qabul qilingan, maxsus ta`lim-tarbiya berilib, og`ir sinovlardan keyingina a`zolikka o`tkazilgan. Bola bir necha oy o`qitilgan, unga jasorat ko`rsatish, sabr-toqat qilish va boshqa har xil hunarlarni o`rgatganlar, turli sinovlardan o`tkazganlar. Qurol ishlatish, ov qilish, baliq tutishni egallaganlaridan so`ng o`rmonning eng qalin joyida maxsus marosimlar o`tkazib fotiha berganlar. Onda-sonda vahimali niqoblangan ittifoq a`zolari shovqin-suron bilan qishloqlarda paydo bo`lib ajdodlarning arvohlariga bag`ishlab diniy marosimlar o`tkazganlar. Liberiya va Sudanda ayollarning ham maxfiy ittifoqi borligi aniqlangan. Unda ham maxsus maktablarda keksa ayollar ta`lim-tarbiya berganlar, marosimlar o`tkazganlar.
Odatda, Afrikani ajdodlar ibodatining klassik namunasi deb hisoblaydilar. Bu bejiz emas, chunki butun Afrikada, ayniqsa, uning g`arbiy va janubiy qismida ajdodlarga sig`inish nihoyatda keng tarqalgan. Ammo bu yerda islom va nasroniy dinlari ham muhim o`rinni egallaydi. G`arbiy Afrikaga islom IX-X asrlarda kela boshlagan va mahalliy dinlarni siqib chiqara boshlaydi. Hozir bu yerdagi aholining 32 % i (61 mln.dan ortiq kishi) musulmon, taxminan 18 % (21,4 mln. kishi) nasroniy dinida (XIX asrda tarqala boshlagan), qolgani mahalliy diniy e`tiqodlarga rioya qiladi. Masalan, Liberiyada aholining 4/3 qismi, Fil Suyagi sohilida 3|2 qismi, yuqori Volta va Ganada 4/3 qismi, Nigeriya va Gvineya-Bisauda yarmiga yaqini mahalliy an’anaviy dinlarga, ayniqsa, ajdodlar arvohiga sig`inadilar. Sunna mazhabidagi islom G`arbiy Afrikaning asosan, shimolida va sohil zonasida, ayniqsa, Senegal, Gambiya, Gvineya, Mali, Niger kabi mamlakatlarda hukmron dinga aylangan. Masalan, Nigerda 96 % aholi, Senegal va Gambiyada 80 % aholi musulmon. Mahalliy a`anaviy diniy e`tiqod va ibodatlarga rioya qiluvchilar G`arbiy Afrikada 38 % (52,3 mln.dan ortiq kishi)ni tashkil qiladi. Markaziy Afrikada esa mahalliy dindagilar 14 % dan ortiq aholi (19,2 mln.kishi)ni tashkil qiladi. Ammo islomga nisbatan nasroniylik ko`proq tarqalgan va ancha mustahkam saqlangan. Markaziy Afrika aholisining 20 foizdan ortig`i (23,7 mln.kishi) nasroniy dinida. Bulardan tashqari mintaqada nasroniy-afrika aralashma diniy e`tiqodlar ham keng tarqalgan. Bunday sinkretik dinlar ta`siriga G`arbiy Afrikaning 26 foiz aholisi, Markaziy Afrikaning 17 foiz aholisi o’tgan.
G`arbiy va Markaziy Afrika xalqlarining badiiy hunarmandchilik san`ati naqadar yuksak bo`lsa, uning og`zaki ijodi, o`yin va musiqa san`ati ham shunchalik rivojlangan. Ajoyib arxitektura namunalari, go`zal ko`shk va saroylar, afsonaviy obrazlar tasviri berilgan haykal va ustunlar, quyma metall va o`yma yog`och san`ati namunalari bilan bir qatorda, beqiyos og`zaki adabiy merosni avlodma-avlod saqlab kelgan baxshi (griot)lar, ashulachi va raqqosalar jahon madaniyatiga munosib hissa qo`shib kelmoqdalar. Hozir ham xalq ijodi zaminida paydo bo`lgan professional arxitektorlar va adabiyotchilar, aktyor va raqqosalar, musiqachi va ashulachilar, rassom va haykaltaroshlar o`zlarining go`zal san`atlarini Xalqaro festivallarda, konsert dasturlarida namoyish qilmoqdalar, olqishlarga, hurmat-e`tiborga sazovor bo`lmoqdalar.