Kaliforniya hindilari. AQSHning Kaliforniya, qisman Nevada ham Yuta shtatlarida yaqin davrlargacha turli tillarda gapiradigan, ammo xo`jalik-madaniy birlikka ega bo`lgan qabilalar yashaganlar. Ular dehqonchilikdan bexabar bo`lsa-da, ovchilik va terimchilikka asoslangan an’anaviy xo`jaligi barcha zarur narsalar bilan ta`min qilib kelgan. Bu yerning tabiati mevali dub daraxtining juda ko`p turlarini, har xil yemishli o`simlik va ildizlarni, yovvoyi lobiyo, piyoz, yong`oq, daryo va dengiz hayvonlari kabi nihoyatda boy oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib bergan.
Mahalliy hindilar, ayniqsa, dub mevalarini tozalab, quritib, yanchib, uning unidan atala pishirganlar. Dub mevasi uni asosiy taom bo`libgina qolmay, qabilalar orasidagi savdo mahsulotlarining muhim sohasi ham hisoblangan. Ular har xil o`rmon o`simliklarining urug`lari, dengiz sohillari va ichki daryolardan molluskalar, qisqichbaqa, baliq va boshqa jonivorlarni hamda suv o`simliklarini iste`mol qilganlar. Barcha qabilalar uchun oziq-ovqat yil bo`yi tabiatda mavjud bo`lsada, ularni yig`ib-terib ishlab chiqarish uchun doimiy mehnat talab qilingan. Asosiy ishlab chiqarish qurollaridan ovchilikda o`q-yoy, baliqchilikda sanchqi, savat, yaxlit daraxtdan o`yib yasalgan kema. Butun Kaliforniyada zo`r mahorat bilan savat to`qish keng tarqalgan. Ildiz va urug`larni yig`ib-terish uchun oddiy uchi yo`nilgan yog`ochdan foydalanilgan. Tosh pichoq, turli chig`anoqlar, munchoqlar boylik hisoblangan. Asosiy kasbi terimchilik bo`lganligi tufayli mehnat taqsim qilinmagan. Lekin ovchilik bilan faqat erkaklar shug`ullanishgan.
Shimoliy Kaliforniya hindilari yarim yerto`lalardan iborat kichik qishloqlarda yashaganlar. Qolganlari ko`chib yurishga qulay bo`lgan daraxt qobig`i bilan yopilgan konus yoki gumbaz shaklidagi chaylalarda istiqomat qilganlar. Deyarli barcha qabilalar kiyimsiz yurganlar, ammo bayramlarda juda ko`p bezaklar taqilgan. Qizlar faqat voyaga yetgandan keyin o`simlik tolasidan yubka yoki teridan etakcha kiyganlar, erkaklar esa bug`u terisidan qilingan belbog` bilan cheklangan. Sovuqda egniga teri yoki ko`rpacha yopinganlar.
Shimoliy va markaziy hindilarning ijtimoiy tuzumida qishloq jamoasi, ko`pchiligida fratrial tuzumi saqlanib kelgan. Ona urug`idan patriarxatga o`tish munosabatlariga xos tartiblar kuchli bo`lgan. Vohalardagi va tog` etaklaridagi hindilar yirik qishloqlarda joylashgan bo`lib, ancha rivojlangan ijtimoiy va siyosiy tuzumga, murakkab diniy tizimga ega bo`lganlar. Totemizm va shomonizm keng tarqalgan. Shomoniylik chuqur o`ylanilgan marosimlar va davolash usullariga ega bo`lgan. Har qishloqda maxfiy jamiyatlar mavjud bo`lib, ommaviy marosimlar (har xil o`yinlar, tantanalar, bezakli kiyimlar bilan) namoyish qilingan. Ibodat marosimlarida ijro etiladigan o`yinlarda har kim o`z boyligini ko`rsatishi mumkin bo`lgan. Janubiy Kaliforniya qabilalarida o`spirinlarni urug` a`zoligiga o`tkazish va boshqa diniy marosimlarda kayf yoki qayt qiladigan o`tlarni iste`mol qilish odat bo`lgan.
Yevropalik istilochilar XVIII asr o`rtalaridan o`z ta`sirlarini kuchaytiradilar. Ular dastlab sohiiga yaqin vodiylarda missionerlik makonlarini o`rnatganlar, hindilar bilan aloqani mustahkamlab, o`z makonlariga jalb qilib nasroniylashtira boshlaganlar. Mazkur alo-qalar hindilarning turmush tarzini yemirib, og`ir kasalliklarning ta-rqalishiga sabab bo`lgan. Ayniqsa, yuqumli kasalliklar minglab hindilarning yostig`ini quritgan.
1848-yilda Kaliforniyada oltin topilgandan keyin, mahalliy aholining hayotida eng qorong`u kunlar boshlanadi. Ko`plab kela boshlagan oltin izlovchilar hindilar qishloqlarini talon-taroj qilib ketganlar. 1850-1880-yillar ichida bo`lib o`tgan urushlar natijasida ojiz, begunoh hindilarga qarshi chinakam ov boshlangan va ularni vahshiyona qirib tashlaganlar. Agar 1770-yilda 138 mingdan ortiq hindilar mavjud bo`lgan bo`lsa, XIX asrning oxirlariga kelib deyarli o`n hissa kamaygan. Rasmiy ma`lumotlarga binoan, hozir Kaliforniya shtatida 40 mingga yaqin mahalliy hindilar (butun shtatda 18 mln. aholi) yashaydi.