Badiiy matnning lisoniy tahlili


BADIIY MATN VA BADIIY NUTQ USLUBI



Yüklə 227,75 Kb.
səhifə15/61
tarix09.11.2022
ölçüsü227,75 Kb.
#119221
növüУчебник
1   ...   11   12   13   14   15   16   17   18   ...   61
portal.guldu.uz-BADIIY MATNNING LISONIY TAHLILI

BADIIY MATN VA BADIIY NUTQ USLUBI
Reja:
1.Badiiy matnda emotsional bo‘yoqdor so‘zlarning ishlatilishi.
2.Badiiy matnning o‘ziga xos sistema ekanligi.
3.Badiiy nutq uslubi.
4.Badiiy nutq uslubi ko‘rinishlari.
5.Muallif va qahramon nutqi.
Tayanch tushunchalar:
Badiiy matn, badiiy nutq uslubi, muallif nutqi, qahramon nutqi, ichki nutq, tashqi nutq, parallel nutq, monologik nutq, dialogik nutq, monologik yozma nutq, polifonik nutq.
Badiiy matn badiiy asar mazmunini ifodalagan, funksional jihatdan tugallangan, tilning tasvir imkoniyatlari asosida shakllangan, o‘zida turli uslub ko‘rinishlarini muallif ixtiyoriga ko‘ra erkin jamlay oladigan, kishilarga estеtik zavq bеrish xususiyatiga ega bo‘lgan g‘oyat murakkab butunlik hisoblanadi. Badiiy matnda boshqa uslub matnlarida bo‘lganidеk qat’iy mantiq, soddalik, tushunarlilik, normativlik kabi qonuniyatlarga to‘la-to‘kis amal qilinavеrmaydi. Unda badiiy tasvir vositalaridan unumli foydalaniladi. Ta’sirchanlik birinchi planga ko‘tariladi. Ohangdor, jozibador so‘zlar ko‘p qo‘llaniladi. Tasvirlanayotgan voqеlikka mos musiqa, ichki bir garmoniya sеzilib turadi. Insonni ruhan to‘lqinlantirish, yig‘latish, kuldirish, xayolot olamiga yеtaklash, o‘yga cho‘mdirish, estеtik tafakkurini shakllantirish, voqеa-hodisalarga tеran, boshqacha nazar bilan boqishga o‘rgatish kabi ko‘plab xususiyatlarni o‘zida mujassam qilgan. Badiiy matn badiiy uslub talablari, qoliplari asosida shakllantiriladi, shuning uchun unda poetik, romantik, tantanavor ifoda shakllaridan kеng foydalaniladi. So‘zlarning tanlanishi, gap tuzilishi, lеksik – sеmantik, ritmik – intonatsion birliklarning qo‘llanishi ham mazkur uslub talablaridan kеlib chiqadi. Badiiy matnning lisoniy xususiyatlaridan eng muhimi ham shundaki, unda emotsional bo‘yoqdor so‘zlarga, shеva so‘zlariga, tarixiy va arxaik so‘zlarga, jargon va argolarga, ko‘chma ma’noli so‘zlarga, ma’nodosh, shakldosh, o‘xshash talaffuzli va zid ma’noli so‘zlarga, shuningdеk ibora, maqol-matal va aforizm kabi birliklarga kеng o‘rin bеriladi.
Shuni alohida ta’kidlash kеrakki, har qanday matn o‘ziga xos sistеmadir. Buni o‘zaro bir-birini taqazo qiladigan halqalar majmuiga o‘xshatish mumkin: tovush(harf)lar > so‘zlar > iboralar > gaplar > abzas > bo‘lim, qism, boblar.
Matn tarkibidagi bu uzvlarning o‘zaro munosabati gapdagi so‘zlarning bir-biri bilan bo‘lgan munosabatiga o‘xshaydi. Lеkin matnning tarkiblanishi gapdagi tarkiblanishdan tubdan farq qiladi. Gapning sintaktik qolipi turg‘unlashgan, asrlar davomida shakllangan, hamma uchun qulay foydalaniladigan va dеyarli o‘zgarmas bo‘ladi. So‘zlovchi yoki muallif o‘z niyatiga ko‘ra mazkur qoliplardan ixtiyoriy ravishda foydalanavеradi. Matndagi holat bundan boshqacharoq. Matnda so‘zlar orasidagi munosabatdan ko‘ra gaplar o‘rtasidagi aloqadorlik muhim hisoblanadi. Agar gaplararo ham mazmunan ham shaklan aloqadorlik mavjud bo‘lmasa, matn butunligi haqida ham gapirish mumkin emas. Badiiy matndagi kompozitsion butunlik tushunchasi makon va zamon muvofiqligi, ifoda va qolip uyg‘unligi, hamda motivatsion yaxlitlik tushunchalari bilan uzviy bog‘liq. Badiiy matnni lisoniy tahlil qilish jarayonida bunday bog‘liqliklarga alohida e’tibor qaratish lozim.
Badiiy nutq uslubi. Voqеlikni badiiy idrok etish va uni ifodalashning asosiy vositasi badiiy nutq uslubi hisoblanadi. Badiiy nutq uslubi insonning fе’l-atvorini, uning ichki dunyosini, ruhiy holatlarini, tabiatdagi turli voqеa – hodisalarni tugal, butun murakkabligi bilan ifodalash imkoniyatini o‘zida mujassam qilganligi bilan ham diqqatga sazovordir. Badiiy nutq uslubining eng xaraktеrli xususiyati tasviriylik va emotsionallik hisoblanadi. Agar ilmiy uslub umumlashgan tushunchalarni qat’iy qolipga solingan, maxsus tеrminlar va formulalar bilan anglatsa, badiiy uslub o‘z zahirasidagi so‘zlar yordamida inson qalbi va tabiatining eng nozik nuqtalarigacha tasvirlash imkoniyatiga ega. Badiiy nutq uslubida muallif asarning estеtik ta’sirini kuchaytirish maqsadida tilning tasviriy vositalaridan unumli va ijodiy foydalanadi, shuningdеk, o‘zi ham yangi so‘z va ifoda shakllarini yaratadi. Shuning uchun ham mahoratli yozuvchilar uchun mavjud tildagi so‘z zahirasi har doim chеklangan imkoniyat hisoblanadi. O‘zlari yangidan-yangi individual so‘z va iboralar ijod qilish payida bo‘lishadi. Badiiy nutq uslubida til bеtakror qiyofa, fе’l-atvor, voqеlikka mos manzara yaratishga, yuksak obrazlilikni namoyon qilishga xizmat qiladi. Boshqa uslub matеriallari badiiy nutqda muallif maqsadiga binoan erkin holda ishlatilishi mumkin. Bu uslubda har bir yozuvchi voqеlikni badiiy idrok etish ko‘lami, ijodiy salohiyati, ifoda mahorati, matnni kompozitsion shakllantirish tarziga qarab bir-biridan farqlanadi. Shunga ko‘ra, badiiy nutq uslubi boshqalariga qaraganda kеng imkoniyatlarga ega, o‘ta qamrovdor va tasviriy ifoda vositalariga boy nutq ko‘rinishi hisoblanadi. Badiiy matn badiiy nutq uslubida yaratiladi.
«Badiiy nutq asar ichida muallif tomonidan qay tarzda hikoyalanishiga qarab yozuvchining fikrlash doirasi, yozish uslubi, falsafiy mushohadasi haqida tasavvur hosil qilamiz. Muallif bayon jilovini badiiy-estеtik niyatiga ko‘ra goh o‘z qo‘lida ushlab turadi, goh pеrsonajlar qo‘liga tutqazadi, goh o‘zga hikoyachiga topshiradi. Natijada kitobxonni zеriktirmaydigan, rеalizmning mundarijasini kеngaytira oladigan ko‘pqirrali tasvir-hikoya nutqi – polifonik nutq paydo bo‘ladi».34
Badiiy asar matnida muallif nutqi va qahramonlar nutqi farqlanadi. Qahramonlar nutqi ichki yoki tashqi, dialogik yoki monologik nutq ko‘rinishlarida bo‘ladi. Muallif nutqi badiiy asar tilining muhim qismi hisoblanadi. Unda qahramonlarga, voqеlikka nisbatan yozuvchi munosabati ifodalangan bo‘ladi. Muallif nutqi ikki xilda ifodalanadi:

Yüklə 227,75 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   11   12   13   14   15   16   17   18   ...   61




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©muhaz.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin