HAKIM TUROBIY HAJVI Beshinchi tabibi Turobiy erur,
Salomiga la'nat javobi erur.
Kezar dashtu sahro kasal istabon,
Ajal orqasidan yurar qistabon.
Jahon ichra ul johili nobakor,
Ajal ilkin olganga keldi duchor.
Yozib oldiga ikki ming xaltani,
Yig'ib eski yuz lak tugun lattani.
Terubdur do'koniga to'qson tubak,
Solib har tubak ichra o'n uch sumak…
Kimiki tubakdan talab qilsa no'sh,
Berur no'sh dori debon margimush.
Erur rangi qish chillasidan sovuq,
Haqoratga bopu, so'karga yovuq.
Ko'rarman oni goh do'konida,
Turib ikki shayton ani yonida.
Berar zaharni no'sh dori debon,
Ani o'ldirib beajal shul zamon.
Jahon ichra bul ablahi purfusus,
Qilur o'zini soniyi Jolinus.
Yurar goh hikmat usulida ul,
Gahe muddayi she'r yo'lida ul.
1 Nobakor - yomon. 2 Ilkin - qo'lini. 3 Yovuq - yaqin, 4 No'sh dori - ichadigan dori, ya'ni suyuq dori. 5 Ablahi purfusus - ko'p afsuslantiradigan ahmoq. 6 Jolinus - mashhur yunon tabibi Galen.
MAXMUR HAJVIYOTI HAQIDA Muqaddas hadislarning birida «So'zda sehr bor, she'rda esa hikmat» deyilgan. So'zning bir sehri shundaki, asrlar qatiga yashirilgan yoki bugun yuz berayotgan pinhoniy haqiqatlarni ham yuzaga chiqara oladi. She'r hikmatlaridan biri esa, ana shu haqiqatlarni shaklga solib, insonni goh sehrlovchi, goho hushyor torttiruvchi, yo hayojon, yo g'azabdan junbushga keltiruvchi qurolga aylantiradi. Bu qurolga ega bo'lgan kishi hatto u gado bo'lsin, shohlar bilan yuzma-yuz kela oladi, kezi kelganda ulardan ustun turib so'z aytish qudratiga ega bo'ladi. Rostgo'y shoir haqiqat yalovbardori sanaladi. Adib ijodi qachonlardir kim ezgu ish qilgan bo'lsa, unga sharaf keltiradi. Kim zulm qilgan yoki zulmga yo'l qo'yib bergan bo'lsa, xoh tirik, xoh dunyodan o'tgan bo'lsin, jinoyati uchun ma'naviy javobgar qilaveradi. Shuning uchun zolim hukmdorlar hamma zamonlarda haqiqatgo'y ijod ahlidan qo'rqqanlar, ularni ta'qib ostiga olganlar. Maxmur ham haqiqatning achchiq tili bilan o'z davri voqealarini haqqoniy tasvirladi. Buni uning «Hapalak» she'ri misolida yaqqol ko'rish mumkin. G'azal janrida yozilgan bu she'r orqali Qo'qon xonligida aholi turmush tarzining nihoyatda og'irlashib ketganligi, turli-tuman soliqlar mehnatkash xalqni xonavayron qilganligi, qishloqlar xarobazorga aylanganligi aks ettirilgan. She'r sarlavhasi tagida ta'kidlanganidek, shoir Hapalak qishlog'iga onasi orqali aloqador. Uning o'zi ham umrining so'nggi yillarini shu yerda o'tkazgan. Bu qishloq hozirgi Farg'ona viloyatining Beshariq tumanidagi Qumqishloq hududidadir. She'r xon amaldorlarini Hapalakka «tilla puli» solig'ini undirish uchun kelishlari munosabati bilan yozilgan. G'azal balandparvoz, dabdabali so'zlar bilan ko'tarinki ruhda boshlanadi:
Ey jahondori zafar, kavkabayi davri falak,
Go'sh qil qissayi qishloqi xarobi Hapalak.
Birinchi misrada xonni jahonga g'oliblik bilan egalik qiluvchi, falak doirasining quyoshi deb ulug'lab, ikkinchi misradayoq bunday hashamat va dabdabaga tamoman zid turuvchi xarob bo'lgan Hapalak qishlog'i qissasidan so'z ochadi. Bunday teskarilik orqali xon va amaldorlarning xalq g'amidan, uning ahvolini tushunishdan yiroqligi, ularning hashamatli hayoti qishloqlarni ayanchli darajaga yetkazish hisobiga ekanligi ta'kidlanadi. Go'yo xudoning g'azabiga uchragan bu qishloq turmushi xonadonlardagi parandalardan ham ko'rinib turadi: don yo'qligidan tovuqlari ignachidek, o'rdak va g'ozlari kapalakdek oriqlab ketishgan. Uylariga e'tibor berilsa, qachonlardir ko'p xonadonlardan iborat bu qishloq endilikda tovuq katagiday pastqam, dalada vaqtincha tikiladigan kapaday omonat, devorlari nurab, qirqyamoq chodirday - olachuq, ba'zilari katalak singari, xullas, vayronalardan iborat. Ularning ichiga kirsangiz, har tomondan yuzga ko'rshapalaklar uriladigan yerto'ladan boshqa narsa emasligiga amin bo'lasiz. Bunday sharoitda yashayotgan odamlar-chi? Hammalari «o'lasa-yu qoqi xarob», ochlik tinkalarini quritganligidan qomatlari kamalakday egik. Kundalik turmush tarzlari g'oyat achinarli:
Ajiriq tomirini o'g'irida mayda tuyub,
Qaynatib kunda ichar, otini derlar sumalak.
Gar tahorat qilsa qavmi suv topolmay nochor,
Betini qum bila yuvib ko'ziga surgay guvalak.
Keyingi baytda shoir yana matla'dagidek ko'tarinki uslubga qaytadi. Bundan maqsad bu qadar dabdaba va hasham ichida yashayotgan xonning shunchalik nochor va xorlikda yashayotgan qishloq ahlidan soliq undirishi adolatga, aqlga, mantiqqa qanchalik muvofiqligini ta'kidlashdir. Shuning uchun shoir maqta'da xondan marhamat qilib ularga solinayotgan soliqdan kechib yuborishni so'raydi. G'azal boshdan oyoq mubolag'a asosiga qurilgan. Bu tasvir vositasi fikrni ta'kidlash, holatlarga urg'u berish uchun shoirga qo'l kelgan.