BADIIY ADABIYOTNING TURLARI Badiiy asarlar uch turga bo'linadi: epik asarlar, lirik asarlar, dramatik asarlar. Shunday badiiy asarlar bo'ladiki, ularda yozuvchi odamlarning hayoti, munosabatlari, ularni o'rab turgan voqelikka doir hodisalar haqida hikoya qiladi. Boshqa bir xil asarlarda odamlarning hayoti, taqdirlari va o'zaro munosabatlari hikoya qilinmaydi, balki ko'rsatib beriladi. Yana bir tur asarlar borki, ularda hayot hodisalari ta'sirida muallifning qalbida paydo bo'lgan kechinmalar aks ettiriladi. Siz o'qishni o'rganganingizdan beri juda ko'p ertak, hikoya, qissa va romanlar ham o'qib chiqqansiz. Xususan, Abdulla Qodiriyning «Uloqda», «Qo'rqinch bir jasorat», Abdulla Qahhorning «Bemor», «Dahshat», «O'g'ri» singari asarlari sizda chuqur taassurot qoldirgan bo'lishi kerak. Ularda bir yoki bir necha obrazning hayoti, taqdiri, ularning atrofida yashayotgan, ular bilan aloqada bo'lib turgan boshqa kishilarning hayoti, tabiati haqida muallif hikoya qilib bergan. Xuddi shu xildagi asarlar epik asarlardir. Bir yoki bir necha odamning hayoti, taqdiri, ularning boshqa odamlar bilan munosabati haqida hikoya qiluvchi, obrazlarning xarakter xususiyatlarini aks ettiruvchi badiiy asarlar epik turdagi asarlar deyiladi. Epik turdagi asarlarning o'zi ertak, masal, roman, qissa, hikoya singari by qator janrlarga bo'linadi. Siz hali bog'chaga ham bormagan paytingizda, beshikda yotganingizda onangiz sizni alla aytib ovutgan. Biroz ulg'ayib, bog'chaga borganingizda turli qo'shiqlar aytishni, she'r yodlashni o'rgangansiz. Yana ham o'sib, olti-yetti yoshga yetgach, ramazon oylarida “Yoramazon» deb nomlanuvchi, mart oyida yilboshi kirgach, «Boychechak» deb ataluvchi qo'shiqlarni kuylab yurgansiz. Maktabda o'qiy boshlaganingizdan beri hazrati Alisher Navoiydan tortib Cho'lpongacha bo'lgan ko'plab shoirlarning she'rlari bilan tanishgansiz. Anchagina she'rlarni yod ham olgansiz. O'sha siz qo'shiq qilib kuylagan, yod olib aytib yurgan asarlar lirik asarlardir. Shoirning tuyg'ulari, kechinmalari aks ettirilgan badiiy asarlar lirik asarlar deyiladi. Muallifning tuyg'ulari u yoki bu hayot hodisasi natijasida tug'iladi. Cho'lponning «Binafsha» she'rini eslab ko'ring. Unda binafshaning qayerdan paydo bo'lib qolganligi, qanday o'sganligi, kim tomonidan, qachon yulib tashlanganligi hikoya qilinmaydi. Balki shoir toptalgan binafshani ko'rgandan so'ng o'zida paydo bo'lgan kechinmalarni, hissiyotlarni aks ettiradi. Lirik asarlarning o'ziga xosligi shundaki, ular o'quvchilarni tezda o'ziga rom qiladi. Ularni shoir tushgan holatga yaqin ahvolga solib qo'yadi. Lirik turdagi asarlarning ham ruboiy, tuyuq, to'rtlik, muxammas, g'azal, murabba, musaddas, musamman, muashshah, sonet va hokazo janrlari mavjuddir. Siz o'zingizni bir qadar tanib, atrofdagilarning gapini tushunadigan bo'lganingizdan buyon juda ko'p tele va kinofilmlar tomosha qilgansiz. Avval bog'changizdagi sahnada, endilikda maktab sahnasida katta-kichik intermediyalar, spektakllar ko'rgansiz va ko'rmoqdasiz. Ayrimlaringiz teatrlarda spektakl ko'rgan yoki radio orqali pyesalar tinglagan bo'lishingiz mumkin. Mana shu siz ko'rgan va eshitgan tomoshalaringiz asosida ham badiiy adabiyot yotadi. Qizig'i shundaki, bu xildagi asarlarda muallif mutlaqo ishtirok etmaydi. U na hikoya qilib beradi, na o'z kechinmalarini, tuyg'ularini bildira oladi. U obrazlar o'rtasidagi munosabatlarni, ularning taqdiri, fe'l-atvorlarini xolisona ko'rsatib bera oladi, xolos. Bu xildagi asarlar dramatik asarlar deb yuritiladi. Sahnada qo'yish uchun yaratilib, harakat, monolog va dialoglardan iborat bo'lgan, muallif asarda tasvirlangan voqealarga ham, unda ishtirok etayotgan obrazlarga ham o'z munosabatini bevosita ifodalamaydigan badiiy asarlar dramatik asarlardir. Dramatik turdagi asarlarning o'zi ham fojia (tragediya), komediya, drama singari janrlarga bo'linadi. Epik tur yunoncha epos so'zidan olingan bo'lib, rivoya, hikoya ma'nolarini anglatadi. Lirika yunonlarning rubobga o'xshab ketadigan cholg'u asbobi (lira) nomidan olingan va lira jo'rligida aytiladigan ijrochining kechinma va tuyg'ularini tasvirlovchi qo'shiqlar ma'nosini bildiradi. Drama yunoncha harakat degan ma'noni ifodalaydigan so'zdir. Bunday nomlanishda adabiy turning eng asosiy xususiyati - sahna asaridagi ifoda obrazlarning harakatlari orqaligina yuzaga kelishi, bildirilishi hisobga olingan.