RASUL HAMZATOV (1923-2003) She'riyat, mazlumga homiylik qilding,
Qaroli bo'lmading zo'ravonlarning.
Olding panohingga nolavonlarni,
Zolimlarni esa dushman deb bilding.
Rasul Hamzatov.
XX asr jahon she'riyatining yirik vakili Rasul Hamzatov - Dog'istondagi kichkinagina avar elining farzandi. U o'zining yoniq she'riyati bilan mag'rur va donishmand xalqini katta olamga tanitdi va mashhur qildi. R. Hamzatov 1923-yilda tug'ildi. O'n uch-o'n to'rt yoshlaridan she'rlar yoza boshlagan. O'n olti yoshida O'z yurtining taniqli shoiri edi. Rasul Hamzatov mustaqil hayotga barcha tog'lik yigitlar singari erta qadam qo'ydi. O'n sakkiz yoshidan o'qituvchi, artist va muxbir sifatida turli jabhalarda mehnat qildi. Shu jarayonda ona xalqining turmush tarzi va o'ziga xos ruhiy dunyosi bilan yaqindan tanishib bordi. Otasi - Dog'istonning mashhur shoiri Hamzat Sadasa uni ijodga jiddiy qarashga, hamisha haqiqatni ta'sirchan yo'sinda kuylashga o'rgatdi. Rasul Hamzatovga Alloh tomonidan berilgan buyuk iste'dod ajoyib ustozlarning maslahatlari bilan qo'shilgan holda yosh shoirning nomini tez orada butun dunyoga mashhur qildi. Uning birinchi kitobi 1943-yilda chop etildi. 1945-yilda Moskvadagi Jahon adabiyoti institutida tahsil olishga kirishdi. Iste'dodli shoirning dastlabki yozganlariyoq she'riyat shinavandalarining sevimli asarlariga aylandi. Uni qo'ldan qo'ymaydigan bo'lishdi. Deyarli barcha asarlari yozilishi bilan rus tiliga o'girila boshlandi. Rus tili orqali jahonning turli tillariga tarjima qilindi.. Jahonga taniqli shoir 2003-yilda dunyodan o'tdi. R. Hamzatovning «Tog' qo'shig'i”, «Mening qalbim tog'larda», «Tog' qizi”, «Dog'istonim», «Yuksak yulduzlar»«Tug'ilgan kunim», «Tog'likning vatani”, «Ovuldan xat» singari o'nlab she'riy kitoblari, qator poemalari shoirning nomini jahon she'riyatining eng ilg'or vakillari qatoriga olib chiqdi. Uning she'rlari o'z xalqining milliy odatlarini juda yorqin aks ettirishi bilan, bo'ysunmas, erksevar tog' xalqiga xos ruhiy holatlarni haqqoniy tasvirlashi bilan diqqatga sazovordir. Rasul Hamzatov o'z millatini madh etar ekan, uni boshqa millatlarga qarshi qo'ymaydi. Ayni vaqtda jahonni hech narsasi bilan qoyil qoldirmagan, lekin o'ziga xos tarzda yashab, o'ziga xos mehnat qilayotgan avar xalqiga mansub ekanligi bilan g'ururlanadi. O'z sha'ni yo'lida sovuq yiltirayotgan xanjar tig'iga qarshi bora oladigan er yigitlari, go'zal va sadoqatli qizlari uchun faxr tuyg'ularini sevib kuylaydi. Shoir asl tuyg'ularni aks ettirgani sababli ham uning yozgan asarlari juda she'riyat ixlosmandlarining dilini rom etgan. O'zbekistonda Rasul Hamzatov she'rlari gazeta va jurnallarda, alohida kitob tarzida chop etilgan. Darslikda taniqli shoir Erkin Vohidov tarjimalaridan namunalar berildi.