Badiiy so’z qudrati



Yüklə 0,84 Mb.
səhifə65/70
tarix03.05.2023
ölçüsü0,84 Mb.
#126290
1   ...   62   63   64   65   66   67   68   69   70
56 7-ADABIYOT

CHO’LPON
(1897 -1938)
Haq yo'li, albatta, bir o’tilgusi...
Cho'lpon.
Abdulhamid Sulaymon o'g'li Cho'lpon 1897-yilda Andijon shahrining Qatorterak mahallasida tug'ildi. Uning otasi Sulaymonqul mulla Muhammad Yunus o'g'li Andijonning obro'li kishilaridan bo'lib, savdogarchilik bilan shug'ulla­nar edi. U zamonasining o'qimishli kishilaridan hisoblanar, o'zi ham she'rlar yozib turardi. O'sha davrda bo'lajak shoirning otasi o'zi yozgan hajviy she'rlardan devon tuzganligi haqida ma'lumotlar bor. Cho'lponning onasi Oysha aya, garchi unchalik o'qimish­li bo'lmasa-da, o'g'lining ijodiga katta ta'sir ko'rsatgan. Negaki, u xalq qo'shiqlari va ertaklarining bitmas xazinasidan yaxshigina bahramand bo'lgan. Abdulhamid avval eski maktabda o'qidi. Vaqti yetgach, Andijon va Toshkent madrasalarida tahsil ko'rdi. Zamonning talabini ilg'agan Sulaymonqul o'g'lini rus-tuzem maktabida ham o'qitdi. Bo'lajak shoir muntazam shug'ullanishi va tabiiy iste'dodi tufayli o'zbek, turk, fors, arab, rus tillarini va bu tillardagi adabiyotlarni puxta biladigan o'qimishli kishi bo'lib yetishdi. Tinimsiz o'qish-o'rganish va kuchli iste'dod tufayli Abdulhamid o'n olti yoshlarga yetib-yetmay ijod qila boshladi. Uning shu davrda yaratgan hikoya va she'rlari Turkiston o'lkasi gazetalarida chop etilardi. Ijodkorning iste'dodi ko'lami uning o'z xalqiga bo'lgan muhabbati ko'lami bilan o'lchanadi. Katta iste'dod ko'pincha katta muhabbatdan iborat bo'ladi. Cho'lponning dastlabki asarlaridayoq bosqinchilar zulmi ostida ezilayotgan Turkiston xalqiga bo'lgan cheksiz muhabbat yorqin ko'rinib turardi. U xalqini ozod va baxtli ko'rishni istardi. Buning uchun odamlarni jaholat uyqusidan uyg'otish, ma'rifatdan, ilm-u fan­dan bahramand qilish kerak deb hisoblardi. Ayni paytda, rus bosqinchilari millatning ma'rifatli bo'lishiga keng yo'l bermasligini ham bilardi. Erksiz ma'rifatning, ma'rifatsiz esa erkning bo'lmasligi shoirga ayon edi. Shu bois Cho'lpon 1917 -yilning fevralida Rossiya impe­riyasida sodir bo'lgan inqilobga katta umid bilan qaradi. Lekin bu inqilob Turkiston o'lkasiga chin ozodlik bermadi. Chunki ozodlik o'zga kishi yoki tabaqa, yoxud millat tomonidan beri­ladigan sadaqa emas, balki kurashlarda qo'lga kiritiladigan ne'matdir. O'sha yilning oktabrida ro'y bergan to'ntarish esa shoirning so'nggi umidlarini ham so'ndirdi. Milliy zulm ostida ezilayotgan xalqning zabun holini aks ettirish va xalqni bunday holatdan qutqarish istagi Cho'lpon ijodining bosh yo'nalishi bo'lib qoldi. Minglab yillik an'analarga ega qadimiy o'zbek she'riyatida Cho'lpon o'z yo'lini izladi va hech kimnikiga o'xshamagan, samimiyligi, jozibadorligi, ta'sirchanligi, tuyg'ularning rangin­ligi bilan o'zgalarnikidan ajralib turadigan she'riy olam yarata bildi. Bugungi o'zbek adabiy tili ko'p jihatdan Cho'lpon she'r­lari ta'sirida shakllangan tildir. Cho'lpon mislsiz she'riy kashfiyotlardan tashqari «Kecha va kunduz» deb ataluvchi birinchi o'zbek roman-dilogiyasi­ning muallifi hamdir. Afsuski, zamondoshlarining xotirlash­laricha, romanning ikkinchi kitobi Cho'lpon qamalgan paytda yo'q qilingan va hozirgacha topilgan emas. Birinchi kitobi «Kecha” egamanlik yillarida qaytadan nashr etildi va ko'pchi­lik o'quvchilar tomonidan Abdulla Qodiriyning «O'tkan kun­lar” romani darajasidagi asar sifatida baho oldi. Cho'lponning 1921-yilda yaratgan «Yorqinoy” dramasi
1 Dilogiya – ikki kitobdan iborat asar.
badiiy jozibasi jihatidan hozirgacha ham o'z ta'sir kuchini yo'qotmay kelmoqda. Abdulhamid Cho'lpon o'zbek o'quvchilarini jahon adabiyotining durdona asarlari bilan tanishtirish borasida ham salmoqli ishlarni amalga oshirdi. Shekspir, Blok, Gorkiy, Thakur singari mashhur adiblar ijodidan qilgan tarjimalari xalqimiz ma'naviyatining shakllanishida muhim ahamiyatga ega bo'ldi. Cho'lpon haqiqat va hurlikni e'tiqodiga aylantirgan ijod­kor edi. Shu sababli ham milliy zulmni milliy tenglik deb e'lon qilgan hukmron tabaqalarga, hukmron millatlarga uning ijodi yoqmas edi. Ular shoirdan xalq baxtiyor, erkin va ozod yashamoqda deb kuylashni talab qilishdi. Haqiqat kuychisi va erk farzandi - Cho'lpon buni qilolmasdi. Shu bois uni o'zi sevgan, hayotini baxshida qilgan xalqqa dushman deb, millatchi deb e'lon qilishdi. Shoirni 1937 -yilning l3-iyulida qamoqqa olishdi. Uzoq qiynoqlar va tahqirlardan keyin 1938­ -yilning 4-oktabrida Toshkent yaqinidagi xilvat joylarning birida o'zbekning buyuk shoiri otib tashlandi. Dahshatlisi shundaki, Cho'lponni o'limga hukm qilgan sud qarori 1938-yilning 5-oktabrida chiqarilgan edi. Dushmanlarimiz xalqimizning asl farzandlarini tezroq yo'q qilishga, odamlarimizni ma'naviyat buloqlaridan bebahra qoldirishga shoshilardi. Cho'lpon ijodi namunalari uzoq vaqt mobaynida o'quvchilardan berkitib kelindi. Chunki o'sha vaqtlardagi davlat tuzumi haq gapni aytadigan jasoratli shoir ijodini o'rganishdan manfaatdor emas edi. Lekin haqiqatni umrbod berkitib bo'lmaydi. Quyoshni yashirib qo'yishning imkoni yo'q. Cho'lpon o'zbek she'riyatining yorqin siymolaridan edi va shu bois o'tkinchi bulutlar pardasini yirtib tashlab, milliy she'riyatimiz osmonida qayta porlay boshladi.
GO'ZAL
Qorong'u kechada ko'kka ko'z tikib,
Eng yorug' yulduzdan seni so'raymen,
Ul yulduz uyalib, boshini bukub,
Aytadir: men uni tushda ko'ramen.
Tushimda ko'ramen - shunchalar go'zal,
Bizdan-da go'zaldir, oydan-da go'zal!
Ko'zimni olamen oy chiqqan yoqqa,
Boshlaymen oydan-da seni so'rmoqqa,
Ul-da aytadir: bir qizil yanoqqa
Uchradim tushimda, ko'milgan oqqa.
Oqqa ko'milganda shunchalar go'zal,
Mendan-da?go'zaldir, kundan-da go'zal!
Erta tong shamoli sochlarin yoyib,
Yonimdan o'tganda so'rab ko'ramen.
Aytadir: bir ko'rib, yo'limdan ozib,
Tog'u toshlar ichra istab yuramen!
Bir ko'rdim men uni - shunchalar go'zal,
Oydan-da go'zaldir, kundan-da go'zal!
Ul ketgach, kun chiqar yorug'lik sochib,
Undan-da so'raymen sening to'g'ringda.
Ul-da o'z o'tidan bekinib, qochib
Aytadir: bir ko'rdim, tushdamas, o'ngda.
Men o'ngda ko'rganda shunchalar go'zal,
Oydan-da go'zaldir, kundan-da go'zal!
Men yo'qsil na bo'lib uni suyibmen,
Uningchun yonibmen, yonib-kuyibmen,
Boshimni zo'r ishga berib qo'yibmen,
Men suyib... men suyib, kimni suyibmen?
Men suygan suyukli shunchalar go'zal,
Oydan-da go'zaldir, kundan-da go'zal!
XALQ
Xalq dengizdir, xalq to'lqindir, xalq kuchdir,
Xalq isyondir, xalq olovdir, xalq o'chdir...
Xalq qo'zg'alsa kuch yo'qdirkim, to'xtatsin,
Quvvat yo'qkim, xalq istagin yo'q etsin.
Xalq isyoni saltanatni yo'q qildi,
Xalq istadi, toj va taxtlar yiqildi...
Xalq istagi - ozod bo'lsin bu o'lka,
Ketsin uning boshidagi ko'lanka.
Bir qo'zg'alur, bir ko'pirar, bir qaynar,
Bir intilur, bir hovliqar, bir o'ynar.
Yo'qlikni-da, ochlikni-da yo'q etar,
O'z yurtini har narsaga to'q etar...
Butun kuchni xalq ichidan olaylik,
Quchoq ochib xalq ichiga boraylik!

Yüklə 0,84 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   62   63   64   65   66   67   68   69   70




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©muhaz.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin