Jinsiy tarbiya – bolalar, oʻsmirlar va yoshlarda jins masalalariga nisbatan toʻgʻri munosabatni shakllantirib borishga qaratilgan tibbiy va pedagogik tadbirlar tizimi; tarbiya jarayonining muhim qismi.
Jinsiy tarbiya shaxsning jismoniy, aqliy, maʼnaviy va estetik rivojlanishi bilan bevosita bogʻliq. Jinsiy tarbiyaning asosiy vazifasi yosh avlodning yaxshi oʻsib-unshiga, zurriyot berish faoliyatini bekamu koʻst qilib shakllantirishga, nikoh va oilani mustahkamlashga yordam berishdan iborat. Jinsiy tarbiyani bolalarning yoshi, jinsi va malakasiz mos tushadigan qilib olib borish zarur
O`smirlik - bolalikdan yigitlikka o`tish davri bo`lib, 15-18 yoshlarni o`z ichiga oladi. Bu davr anatomik-fizologik, psixologik va tibbiy jihatdan o`ziga xos xususiyatlarga ega.Odam hayotining mazkur bosqichida yoshlarning jismoniy va psixik rivoji sezilarli darajada tezlashadi, hayotdagi turli masalalarga e`tibori, qiziqishi kuchayadi, fikrlash doirasi kengayadi, fe`l-atvori shakllana boshlaydi.
O`smirlik-balog`atga yetish davri bo`lib, o`ziga xos sezgilar, xislar, tuyg`ular va oilaviy hayotga taaluqli chigal masalalar uning fikru-hayolini, vaqtini talaygina qismini band etadi.
O`smir jinsiy tarbiyasi.
Oilaviy hayot qurishga taaluqli muammolar o`smir fikru-hayolining talaygina qismini egallaydi. U mazkur masalalar bo`yicha o`zini qoniqtiradigan mazmunda ma`lumot olishga intiladi, lekin bu haqda ota-ona, o`qituvchi va yoshi ulug`larga murojaat qilishga jur`at qilmaydi. Shuning uchun bunday ma`lumotlarni u o`zidan sal yoshi kattaroq o`rtoqlaridan so`rab bilishga majbur bo`ladi.Afsuski, ulardan olingan ma`lumotlar o`smirda noto`g`ri tasavvurlar va yanglish fikrlarni yuzaga keltiradi. Oqibatda o`smir qaltis, zararli harakatga yo`l qo`yishi mumkin.Ba`zan bu xato, adashuv o`smir uchun juda qimmatga tushadi, hayotini izidan chiqaradi.
Shuning uchun jinsiy tarbiya, oilaviy hayot, ro`zg`or yumishlari masalalari bo`yicha tarbiyaviy ishlar bolalarning yoshligidan, ya`ni o`smirlik davridan ancha oldinroq boshlanishi lozim.
Ushbu tarbiyaviy ishlar taxminan quyidagi tartibda olib borilishi mumkin:
1.O`gil va qiz bolalar o`rtasida jinsiy-ahloqiy munosabatlarni shakllantirish;
2.Ularda o`zaro hurmat, beg`araz do`stlik, samimiy hamkorlik, his-tuyg`ularini vujudga keltirish;
3.O`gil va qiz bolalar organizmining o`sish-rivojlanish xususiyatlari to`g`risida, har ikkala jinsdagi bolalarda ilmiy tushuncha hosil qilish;
4.Oilaviy hayotning ijtimoiy-psixologik jihatlari, ro`zg`or yumishlari bo`yicha bolalarda to`liq tasavvur hosil qilish kabilar.
Jinsiy tarbiyaning mazmuni bolaning yoshiga qarab o`zgarib boradi.
Jumladan:
- boshlang`ich sinflarda jinsiy tarbiyaning asosiy maqsadi qiz va o`g`il bola organizmining o`ziga xos xususiyatlari, uning normal rivojlanishini ta`minlash va shaxsiy gigiyenaga doir tushunchalar, ya`ni kun tartibiga rioya qilish, ovqatlanish qoidalari, pokizalik, parta-stol va stulda to`g`ri o`tirish, o`qish va yozish gigiyenasi kabi masalalar bo`yicha bolalarda tushuncha hosil qilish;
- o`rta sinflarda 11-13 yoshlik qiz bolalarga xotin-qizlar gigiyenasi bo`yicha maxsus bilim berish talab etiladi.Shu yoshdagi o`g`il bolalarga popiros chekish, nos otish, spirtli ichimliklarning odam organizmiga hamda kelajak avlod sog`lig`iga zarari to`g`risida ma`lumot beriladi;
- yuqori sinf o`quvchilariga o`smirlik davrida organizmda yuzaga keladigan fiziologik va psixologik o`zgarishlar, qiz va yigit o`zaro munosabatlarining madaniy shakllanishi (samimiy sevgi, do`stlik, o`zaro hurmat), oilaviy turmush qurish yoshi, oilaviy hayotning mazmuni va maqsadi, oilaviy turmushning iqtisodiy, ijtimoiy-gigiyenik muammolari va murakkabliklar to`g`risida batafsil tushuncha beriladi. Bunda suhbat o`g`il va qiz o`smirlar bilan alohida o`tkazilishi lozim.