MARKAZIY BANKNING PUL-KREDIT OPERATSIYALARI Markaziy bank kelgusi yil uchun O‘zbekiston Respublikasi monetar siyosatining asosiy yo‘nalishlarini ishlab chiqadi va har yili keyingi moliya yili boshlanishidan kamida o‘ttiz kun oldin Oliy Majlisning Senatiga bu haqda axborot beradi.
Monetar siyosatning asosiy yo‘nalishlari:
iqtisodiy konyunkturaning tahlili va istiqbol ko‘rsatkichlarini;
muomalada bo‘lgan pul massasining iqtisodiy jihatdan asoslangan chegaralarini;
pul massasi yillik o‘sish sur’atining aniq maqsadli ko‘rsatkichlarini, shu jumladan Markaziy bank ichki aktivlarining o‘zgarishini;
valyuta hamda foiz siyosatining asosiy yo‘nalishlarini;
pul-kredit sohasini tartibga solishga doir harakatlarning aniq maqsadli asosiy ko‘rsatkichlarini o‘z ichiga olishi lozim.
Markaziy bank O‘zbekiston Respublikasidagi pul-kredit, moliya, valyuta va narx munosabatlari holatidan kelib chiqib, bitta yoki bir qancha monetar ko‘rsatkichlar o‘zgarishlarining aniq maqsadli mo‘ljallarini belgilashi mumkin.
Markaziy bank davlatning qimmatli qog‘ozlari, shuningdek Markaziy bankning o‘zi chiqargan qarz majburiyatlarini xarid qilishi va ochiq bozorda sotishi mumkin.
Markaziy bank har qanday darajadagi budjetlarni moliyaviy ta’minlash uchun ochiq bozordagi operatsiyalardan foydalanishi, shuningdek davlat qimmatli qog‘ozlari birlamchi joylashtirilganda ularni sotib olishi mumkin emas.
Ochiq bozordagi operatsiyalar limitini boshqaruv tasdiqlaydi.
Markaziy bank qiymati to‘lanishini banklar kafolatlagan qisqa muddatli xazina veksellari, shuningdek tijorat veksellari hisobini yuritishi mumkin.
Hisob operatsiyalarini o‘tkazish shartlarini, shu jumladan hisob stavkasi miqdorlarini Markaziy bank belgilaydi.
Markaziy bank o‘z operatsiyalari bo‘yicha foiz stavkalarini mustaqil belgilaydi.
Markaziy bank o‘zi belgilagan eng kam miqdorda rezervlar saqlash to‘g‘risida banklarga ko‘rsatma beradi. Markaziy bankda depozitga o‘tkaziladigan majburiy rezervlarning eng kam miqdori Markaziy bankning normativ hujjatlari bilan belgilanib, u omonatlarning hajmi, turi, muddatiga, banklarning boshqa majburiyatlariga bog‘liq bo‘ladi. Majburiy rezervlarning miqdorlari jalb etilgan mablag‘lar va omonatlarning har bir toifasi bo‘yicha barcha banklar uchun bir xildir.
Majburiy rezervlar Markaziy bankda naqd pul yoki omonatlar ko‘rinishida, Markaziy bank belgilaydigan tartibda depozitga o‘tkaziladi.
Majburiy rezerv talablarining normativlari yoki tarkibi belgilangani yoki o‘zgartirilgani to‘g‘risidagi ko‘rsatmalarda kamida bir oylik muddat ko‘rsatiladi, rezervlarning tarkibi yoki miqdoriga doir yangi normativlarni banklar ana shu muddatgacha bajarishlari shart.
Markaziy bank majburiy rezervlar bo‘yicha foizlarni to‘lash to‘g‘risida qaror qabul qiladi.
Bank majburiy rezerv talablarining eng kam miqdorini saqlab turish to‘g‘risidagi 28-modda qoidalarini bajarmagan taqdirda Markaziy bank qat’iy tartibda bu bankdan yetishmayotgan mablag‘ summasini, shuningdek qayta moliyaviy ta’minlashning ikki stavkasidan oshmaydigan miqdorda jarima undirib oladi.
Markaziy bank o‘zi belgilagan shartlarda banklarga kredit berishga haqli, bunda quyidagi aktivlar garovga qo‘yilishi mumkin:
oltin, chet el valyutasi, xalqaro rezervlar toifasiga kiruvchi valyuta boyliklari va boshqa boyliklar;
davlat qarz majburiyatlari va hukumat kafolatlagan boshqa qarz vositalari;
Markaziy bankda depozitga o‘tkazilgan va uning depozitariysi uchun maqbul bo‘lgan, xarid qilinishi va sotilishiga ruxsat berilgan yoki Markaziy bank ular bilan ushbu Qonun doirasida boshqa xil operatsiyalar o‘tkazishi mumkin bo‘lgan aktivlar;
to‘lanishiga banklar kafolat bergan tijorat veksellari.
Banklarda likvidlilik tanqisligi yuzaga kelgan va ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan garov aktivlari mavjud bo‘lmagan hollarda, Markaziy bank banklarga Markaziy bank tomonidan belgilanadigan tartibda va shartlarda qisqa muddatli ta’minotsiz kreditlar berishga haqli.
Markaziy bank banklarni kreditlash shartlarini ommaviy axborot vositalarida va o‘z rasmiy veb-saytida e’lon qiladi.
Markaziy bank qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda va shartlarda davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, ularning muassasalari va tashkilotlari, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiyasi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat bojxona qo‘mitasi, shuningdek Markaziy bankka qarashli korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning asosiy hisobvaraqlariga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha bank operatsiyalarini amalga oshirishi mumkin.