BANKLAR, MIKROKREDIT TAShKILOTLARI LOMBARDLAR VA KREDIT BYuROLARI FAOLIYATINI, ShUNINGDEK QIMMATLI QOG‘OZLAR BLANKALARI IShLAB ChIQARIShNI TARTIBGA SOLISh HAMDA NAZORAT QILISh Markaziy bank moliya-bank tizimi barqarorligini saqlab turish, omonatchilar, qarz oluvchilar va kreditorlarning manfaatlari himoya qilinishini ta’minlash maqsadida banklar, mikrokredit tashkilotlari lombardlar va kredit byurolari faoliyatini tartibga soladi hamda nazorat qiladi, shuningdek ular tomonidan ichki nazorat qoidalariga hamda jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish bilan bog‘liq axborotni maxsus vakolatli davlat organiga taqdim etish tartibiga rioya etilishi ustidan monitoring hamda nazorat qiladi.
Markaziy bank banklarni, kredit byurolarini ro‘yxatga oladi, shuningdek bank operatsiyalarini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyalar beradi, mikrokredit tashkilotlari, lombardlar, kredit byurolari faoliyatini va qimmatli qog‘ozlar blankalari ishlab chiqarishni litsenziyalaydi.
Banklarni, kredit byurolarini ro‘yxatga olish, banklarga, mikrokredit tashkilotlari va lombardlarga litsenziyalar berish Markaziy bank tomonidan belgilangan tartibda haq evaziga amalga oshiriladi. Qimmatli qog‘ozlar blankalari ishlab chiqarishga litsenziya berish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda haq evaziga amalga oshiriladi. Berilgan litsenziyalar to‘g‘risidagi axborot e’lon qilinishi, shuningdek Markaziy bankning rasmiy veb-saytiga joylashtirilishi kerak hamda tanishib chiqish uchun ochiqdir.
Markaziy bank Banklarni davlat ro‘yxatiga olish daftari, banklar, mikrokredit tashkilotlari, lombardlar, kredit byurolariga hamda qimmatli qog‘ozlar blankalari ishlab chiqarishga berilgan litsenziyalar reyestrini yuritadi.
Markaziy bank:
bank operatsiyalarini amalga oshirish, buxgalteriya hisobi va bank statistika hisobotini yuritish, yillik hisobotlar tuzish yuzasidan banklar uchun majburiy bo‘lgan qoidalarni;
moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirish, buxgalteriya hisobi va hisobotini yuritish yuzasidan mikrokredit tashkilotlari uchun majburiy bo‘lgan qoidalarni;
faoliyat va operatsiyalarni amalga oshirish yuzasidan lombardlar va kredit byurolari uchun majburiy bo‘lgan qoidalarni belgilaydi.
Markaziy bank:
banklar, mikrokredit tashkilotlari lombardlar va kredit byurolarining hisoboti va boshqa hujjatlarini olish va tekshirish, ularning faoliyati, shu jumladan operatsiyalari to‘g‘risida axborot so‘rash hamda olish;
olingan axborot yuzasidan izoh talab qilish;
banklar va mikrokredit tashkilotlarining, ularning filiallari va ular bilan uzviy bog‘langan shaxslarning, shuningdek lombardlar va kredit byurolarining faoliyatini tekshirish, qoidabuzarlarga nisbatan sanksiyalar qo‘llash;
banklar va kredit byurolarining ichki auditiga doir talablarni belgilash;
bank aktivlari sifatini tasnif qilish va aktivlar bo‘yicha ko‘rilishi mumkin bo‘lgan zararlar o‘rnini qoplash uchun shunga monand rezervlar yaratishga doir talablarni belgilash;
ishonchsiz aktivlarni hisobdan chiqarish shartlari va taomilini aniqlash;
banklar, mikrokredit tashkilotlari lombardlar va kredit byurolariga ularning faoliyatida aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf qilish to‘g‘risida ijro etilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar yuborish;
bank aksiyadorlari ustav kapitalining qonun hujjatlarida belgilangan miqdordan ortiqroq qismini sotib olgan taqdirda ularning moliyaviy ahvoli hamda obro‘-e’tibori haqida axborot so‘rash va olish;
banklarning va ular filiallarining rahbarlari, boshqaruv a’zolari hamda bosh buxgaltyerlariga, mikrokredit tashkilotlari va kredit byurolari ijro organlarining rahbarlariga nisbatan malaka talablarini qo‘yish huquqiga ega.
Tekshirishlar Markaziy bankning vakolatli vakillari va Markaziy bank belgilaydigan auditorlar tomonidan amalga oshiriladi.
Qonun hujjatlarida belgilangan hollarda bank aksiyalarini sotib olish uchun oldindan Markaziy bankning roziligini olish talab qilinadi. Markaziy bank aksiya sotib oluvchilarning moliyaviy ahvoli qoniqarsizligi aniqlangan taqdirda bank aksiyalari xarid qilinishi va sotilishiga rozilik bermaslik huquqiga ega. Markaziy bank o‘z qarori to‘g‘risida ariza beruvchiga iltimosnoma olingan kundan boshlab o‘ttiz kundan kechiktirmay yozma ravishda xabar beradi.
Markaziy bank auditorlardan Markaziy bankning normativ hujjatlariga, shu jumladan tartib va uslubiyotlariga rioya etishlarini talab qilishga, shuningdek ulardan bank auditi bilan bog‘liq har qanday ma’lumotlarni bevosita olishga haqli.
Markaziy bank maxsus vakolatli davlat organi bilan birgalikda banklar, mikrokredit tashkilotlari va lombardlar uchun majburiy bo‘lgan ichki nazorat qoidalarini tasdiqlaydi.
Markaziy bank banklar uchun majburiy bo‘lgan iqtisodiy normativlarni, shu jumladan:
kapitalning monandlik koeffitsiyentini;
bir qarz oluvchi yoki bir-biriga daxldor qarz oluvchilar guruhiga tavakkalchilikning eng ko‘p miqdorini;
yirik kredit tavakkalchilik va investitsiyalarning eng ko‘p miqdorini;
likvidlilik koeffitsiyentlarini;
aktivlarni tasniflash va baholashga doir talablarni, shuningdek bunday tasniflar asosida bankning operatsiya xarajatlari jumlasiga kiritiladigan chegirmalardan shubhali va harakatsiz qarzlarga qarshi tashkil etiladigan zaxiralarni shakllantirishni;
qarzlarga doir foizlarni hisoblab chiqarish va ularni bank daromadlari hisobvarag‘iga kiritishga doir talablarni;
ochiq valyuta mavqeyi limitlarini belgilaydi.
Markaziy bank mikrokredit tashkilotlari va lombardlar uchun majburiy iqtisodiy normativlarni belgilaydi.
Markaziy bank iqtisodiy normativlarning o‘zgarishi to‘g‘risida kamida bir oy oldin e’lon qiladi.
Banklar va ularning filiallari iqtisodiy normativlarni belgilovchi banklarga oid qonun hujjatlarini buzgan taqdirda, Markaziy bank ustav kapitalining eng kam miqdoridan 0,1 foizgacha jarima undirish yoxud ayrim operatsiyalarni o‘tkazishni olti oygacha bo‘lgan muddatga cheklab qo‘yish huquqiga ega.
Agar yo‘l qo‘yilgan tartib buzilishlar yoki bank o‘tkazayotgan operatsiyalar omonatchilar va kreditorlarning manfaatlariga aniq xavf tug‘dirgan bo‘lsa, Markaziy bank:
banklardan ustav kapitali eng kam miqdorining bir foizidan oshmagan summada jarima undirishga;
bankdan bankni moliyaviy sog‘lomlashtirish, shu jumladan aktivlar tuzilmasini o‘zgartirish, bank xarajatlarini kamaytirish va aksiyadorlarga dividendlar to‘lashni to‘xtatish tadbirlarini ko‘rishni, bank yoki uning filiali rahbarlarini, shu jumladan bank kengashi rahbarlari va a’zolarini almashtirishni, bankni qayta tashkil etishni, filialni tugatishni talab qilishga;
bank uchun iqtisodiy normativlarni olti oylik muddatgacha o‘zgartirishga;
bankning ayrim bank operatsiyalarini amalga oshirishini bir yilgacha bo‘lgan muddatga, shuningdek filiallar ochishni ham shuncha muddatga taqiqlab qo‘yishga;
bankni moliyaviy sog‘lomlashtirish yoki Markaziy bank ko‘rsatmalarini bajarish uchun zarur bo‘lgan davrda mansabdor shaxslar va aksiyadorlar ega bo‘lgan barcha vakolatlarni vasiyga berib, bankka vasiylik qilish tartibini belgilash to‘g‘risida qaror qabul qilishga;
bank operatsiyalarini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyani qaytarib olishga haqlidir.
Bank filiallari to‘lovlarni o‘z vaqtida o‘tkazmagan va ularning vakillik hisobvaraqlari qoniqarsiz ahvolda bo‘lgan hollarda Markaziy bank bank filiali ushbu harakat natijasida olgan daromadini qat’iy tartibda undirib oladi, shuningdek shunday miqdorda jarima soladi.
Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonun hujjatlari banklar, mikrokredit tashkilotlari va lombardlar tomonidan buzilganligi aniqlangan taqdirda, Markaziy bank ularga nisbatan qonun hujjatlariga muvofiq choralar hamda sanksiyalar qo‘llashga haqli.
Mikrokredit tashkilotlari, ularning filiallari, shuningdek lombardlar tomonidan mikrokredit tashkilotlari va lombardlar to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablari, belgilangan iqtisodiy normativlar buzilgan taqdirda, Markaziy bank:
mikrokredit tashkilotidan ustav fondining belgilangan eng kam miqdoridan bir foizgacha jarima undirishga;
lombarddan belgilangan eng kam ish haqining ellik baravarigacha miqdorda jarima undirishga haqlidir.
Banklarga, mikrokredit tashkilotlariga, lombardlarga va kredit byurolariga, shuningdek qimmatli qog‘ozlar blankalari ishlab chiqaruvchilarga nisbatan choralar hamda sanksiyalar qo‘llash tartibi qonun hujjatlarida belgilanadi.
Markaziy bank xalqaro tashkilotlar, chet davlatlarning markaziy banklari hamda bank nazoratining boshqa organlari bilan hamkorlik qiladi va axborot ayirboshlaydi.