Resurslarning narxi. Ishlab chiqarish xarajatlari va taklif o‘rtasida mustahkam o‘zaro bog‘liqlik mavjud. Resurs narxlarining pasayishi ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytiradi va taklifni oshiradi. Aksincha, resurslarga narxning oshishi ishlab chiqarish xarajatlarini oshiradi va taklifni qisqartiradi. Masalan, mineral o‘g‘itlar narxining pasayishi bug‘doy taklifini oshiradi, yomg‘irlatib sug‘orish xarajatlarining oshishi makkajo‘xori doni taklifini qisqartiradi.
Ishlab chiqarish texnologiyasi. Texnologiyalarning takomillashuvi mahsulot birligini ancha samarali ishlab chiqarishga imkon beradi. Resurslarning mavjud narxida ishlab chiqarish xarajatlari kamayadi va taklif ko‘payadi. Masalan, paxta zararkunandalariga qarshi ancha samarali biologik usullarning yaratilishi paxta tolasining miqdorini va sifatini, binobarin taklifini oshiradi.