Asosiy tayanch tushunchalar:
Ishchi kuchi – insonning mehnat qilishga bo‘lgan aqliy va jismoniy qobiliyatlari yig‘indisi.
Mehnat qurollari – insonning tabiatga, mehnat predmetlariga ta’sir qilishda vosita bo‘lib xizmat qiladigan narsalar: mashinalar, stanoklar, traktorlar, pluglar, qurulmalar, uskunalar va boshqalar.
Mehnat predmetlari – bevosita mehnat ta’sir qiladigan, ya’ni mahsulot tayyorlanadigan narsalar (er – suv, xom ashyo, materiallar va boshqalar).
Kapital – ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatishda ishlatilib, o‘z egalariga daromad keltiradigan ishlab chiqarish vositalari, tovarlar va pul mablag‘laridir.
Yer-suv – tuproq unumdorligi, o‘tloqlar, suvlar, o‘rmon, qazilma boyliklardan iborat bo‘lgan va foydalanishga tortilgan tabiiy resurslar.
Tadbirkorlik qobiliyati – insonda bo‘lgan tashabbuskorlik, tashkilotchilik, novatorlik, iqtisodiy xavfdan, javobgarlikdan cho‘chimaslik hislatlarining birligi.
Ishlab chiqarish jarayoni – kishilarning maqsadni ko‘zlab amalga oshiriladigan faoliyati bo‘lib, iste’moli uchun zarur bo‘lgan moddiy va ma’naviy ne’matlarni yaratishga qaratilgan jarayon. Ishlab chiqarish jarayoni bir tomondan iste’mol qiymatlarini (naflilikni) yaratish jarayoni bo‘lsa, ikkinchi tomondan qiymatning o‘sishi jarayonidir.
Ijtimoiy ishlab chiqarish – o‘zaro bog‘liqlikda va doimiy aloqada bo‘lgan barcha individual ishlab chiqarishlarning birligidan iboratdar.
Ishlab chiqarishning umumiy samarasi – ishlab chiqarishning pirovard natijasi bilan unga sarflangan resurs xarajatlari o‘rtasidagi nisbat.
Zaruriy mahsulot – ishchi va xizmatchilarning zaruriy ish vaqtida yaratilgan va ishchi kuchini normal holatda saqlash va qayta tiklash uchun zarur bo‘lgan mahsulot.
Qo‘shimcha mahsulot – ishchi va xizmatchilarning qo‘shimcha ish vaqtida yaratilgan mahsulot bo‘lib, sof mahsulotning zaruriy mahsulotdan oshiqcha qismidir. Qo‘shimcha mahsulot tadbirkorlarga, mulkdorlarga va davlatga tegishlidir.
Ishlab chiqarish funksiyasi – ishlab chiqarish omillari bilan uning samaralari o‘rtasidagi bog‘liqlikni bildiradi.
Qo‘shilgan kapital – ishlab chiqarishda mavjud band bo‘lgan kapital miqdori ustiga yangi qo‘shimcha ravishda sarflangan kapital, boshqacha qilib aytganda kapital miqdorining o‘sgan qismi.
O‘rtacha mahsulot – jalb qilingan ishchi kuchi va kapitalning bir — birligiga to‘g‘ri keladigan mahsulot miqdori.
So‘nggi qo‘shilgan mahsulot – so‘nggi qo‘shilgan omil (kapital yoki ishchi kuchi) evaziga o‘sgan mahsulot.
Dostları ilə paylaş: |