Iqtisodiy o‘sishning intensiv turi sharoitida mahsulot chiqarish miqyoslarini kengaytirishga ishlab chiqarish omillarini sifat jihatidan takomillashtirish, yanada ilg‘or ishlab chiqarish vositalarini va yangi texnikani qo‘llash, ishchi kuchi malakasini oshirish, shuningdek mavjud ishlab chiqarish potensialidan yaxshiroq foydalanish yo‘li bilan erishiladi. Intensiv yo‘l ishlab chiqarishga jalb etilgan resurslarning har bir birligidan olinadigan samaraning, pirovard mahsulot miqdorining o‘sishida, mahsulot sifatining oshishida o‘z ifodasini topadi.
Real hayotda ekstensiv va intensiv omillar sof holda, alohida-alohida mavjud bo‘lmaydi, balki muayyan uyg‘unlikda, bir-biri bilan qo‘shilgan tarzda bo‘ladi. Shu sababli ko‘proq ustuvor ekstensiv va ustuvor intensiv iqtisodiy o‘sish turlari haqida so‘z yuritiladi.
Iqtisodiy o‘sishning alohida tomonlarini tavsiflovchi ko‘rsatkichlari ham mavjud bo‘lib, ulardan asosiylari ishlab chiqaruvchi kuchlar rivojlanish darajasi, mehnat unumdorligining o‘sishi va ish vaqtini tejash, shaxsiy daromad va foyda massasi, milliy iqtisodiyotning tarmoq tuzilishi kabilar hisoblanadi.
Ishlab chiqaruvchi kuchlar darajasi quyidagi ko‘rsatkichlar bilan tavsiflanadi:
a) ishlab chiqarish vositalarining rivojlanganlik darajasi;
b) xodimning malakasi va tayyorgarlik darajasi;
v) ishlab chiqarishning moddiy va shaxsiy omili o‘rtasidagi nisbat;
g) mehnat taqsimoti, ishlab chiqarishning tashkil etilishi, ixtisoslashtirilishi va kooperatsiyasi.
Iqtisodiy o‘sishning jahon amaliyotida keng qo‘llaniladigan boshqa ko‘rsatkichi iqtisodiyotning tarmoq tuzilishi hisoblanadi. U tarmoqlar bo‘yicha hisoblab chiqilgan YaIM ko‘rsatkichi asosida tahlil qilinadi. Bunda iqtisodiyotning yirik sohalari, moddiy va nomoddiy ishlab chiqarish tarmoqlari o‘rtasidagi nisbat ham o‘rganiladi.
Dostları ilə paylaş: |