1. Iqtisodiy rivojlanishning umumjahon tomonlari
va ishlab chiqarishning baynalminallashuvi
Jahon xo‘jaligi – bu xalqaro mehnat taqsimoti, savdo-ishlab chiqarish, moliyaviy va ilmiy-texnikaviy aloqalar orqali birlashgan turli mamlakatlar xo‘jaliklari tizimidir.
Jahon xo‘jaligi sub’ektlari bo‘lib quyidagilar hisoblanadi:
- o‘z ichiga xalq xo‘jaligi majmuini oluvchi davlat;
- transmilliy korporatsiyalar;
- xalqaro tashkilot va institutlar;
- milliy iqtisodiyot chegarasidan chiqqan, xo‘jalik barcha sohalari tarkibidagi firmalar.
Jahon xo‘jaligi milliy xo‘jalikdan yagona jahon bozorining mavjudligi bilan farqlanadi. Jahon bozorining amal qilishiga rivojlangan mamlakatlarning iqtisodiy siyosati ahamiyatli ta’sir ko‘rsatadi. Jahon bozorining o‘ziga xos xususiyati bo‘lib jahon narxlari va xalqaro raqobat tizimining amal qilishi hisoblanadi. Aynan xalqaro raqobatning mavjudligi turli darajadagi milliy qiymatlarni yagona baynalminal qiymatga keltiradi. Jahon narxi jahon bozoriga ne’matlarning asosiy hajmini yetkazib beruvchi mamlakatlardagi shart-sharoitlar orqali aniqlanadi. Mamlakatlar o‘rtasida sotish bozorlarini egallash uchun keskin raqobat kurashi olib boriladi.
Turli mamlakatlarning iqtisodiy rivojlanish ko‘rsatkichlarining turli-tumanligi ular taraqqiyot darajasini qandaydir bitta nuqtai-nazardan baholash imkonini bermaydi. Shunga ko‘ra, mazkur maqsadda bir necha asosiy ko‘rsatkich va mezonlardan foydalaniladi: mutlaq va nisbiy YaIM; milliy daromad va uning aholi jon boshiga to‘g‘ri keluvchi miqdori; milliy iqtisodiyotning tarmoq tuzilmasi; mamlakat eksporti va importi tarkibiy tuzilmasi; aholining turmush darajasi, sifati va boshqalar.
Jahon xo‘jalik aloqalarining tez o‘sishi shunday davrlarga to‘g‘ri keladiki, bu davrda ishlab chiqarish omillarining harakati tezlashadi, kapital milliy chegaradan o‘sib chiqadi, ishchi kuchi migratsiyasi kuchayadi, xalqaro mehnat taqsimotining shakllanish jarayoni tezlashadi. Bu shundan guvohlik beradiki, xo‘jalik aloqalarining baynalminallashuvini ko‘p jihatdan ishlab chiqaruvchi kuchlarning rivojlanish mantiqi taqozo qiladi, ya’ni u milliy chegaradan o‘sib chiqadi va ob’ektiv ravishda ishlab chiqarishning baynalminallashuvini zarur qilib qo‘yadi.
Ishlab chiqarish yoki iqtisodiy hayotning baynalminallashuvi – bu mamlakatlarning jahon miqyosida iqtisodiy aloqalarining kuchayishi hamda iqtisodiy munosabatlarning tobora kengroq jabhalarini qamrab olish jarayoni hisoblanadi.
Barcha iqtisodiy jarayonlarning baynalmillalashuvi natijasida jahon xo‘jaligining quyidagi tarkibi vujudga keldi:
tovar va xizmatlar jahon bozori;
kapitallar jahon bozori;
ishchi kuchi jahon bozori;
xalqaro valyuta tizimi;
xalqaro kredit-moliya tizimi.
Milliy xo‘jaliklar va ular o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalar negizida shakllangan jahon xo‘jaligi asosida xalqaro mehnat taqsimoti yotadi.
Dostları ilə paylaş: |