Beshikdan to qabrgacha ilm izla



Yüklə 19,65 Kb.
tarix24.11.2023
ölçüsü19,65 Kb.
#133817
Beshikdan to qabrgacha ilm izla


Beshikdan to qabrgacha ilm izla
Inson tug‘ilib esini tanir ekan, o‘z hayoti davomida ko‘plab qiyinchiliklarni boshidan o‘tkazadi. Bu qiyinchiliklarni yengishi, bu qiyinchiliklardan to‘g‘ri yo‘l bilan o‘tishi uchun, har bir inson yaqin maslahatgo‘y do‘stga ehtiyoj sezadi. Inson hayotida chinakam va beminnat do‘st bu kitobdir. Har bir inson hayot yo‘lidagi qiyinchiliklarini yengishda o‘z bilimi va tafakkuriga tayanadi. Bilim va tafakkurni esa birinchi navbatda kitobdan olamiz.
Kitob- bu insoniyatning qadim tarix mobaynida yaratgan eng buyuk mo‘jizasi va ixtirosidir , u insonni aqlan yetuk darajaga erishishiga va ma’naviy kamolotiga yordam beradi , kitobdan joy olgan ilm sarchashmalari orqali har birimiz ruhiy ozuqa olamiz .
Kitob bilim mambai. U insonni har qanday qabih ishdan, qabih niyatdan asrashi mumkin. Shuning uchun ham kitob insonga eng yaxshi do‘st hisoblanadi. Kitob o‘z do‘stining dilini og‘ritmaydi. Kitobning suhbatidan inson foyda topadi.Bunday fayzli foydani boshqa hech nimadan, hech kimdan topib bo‘lmaydi. Kitob o‘qigan inson o‘tmishdan boxabar bo‘ladi va kelajakka teran nigoh bilan qaraydi.
Kitob o‘tmishni bugun va kelajakka bog‘laydigan o‘ziga xos ko‘prikdir . Kitobni ma’naviy meros, tuganmas xazina deyishlari ham bejiz emas , haqiqiy kitobni qadrlaydigan insonlargina uning bu kabi qimmatini anglab yetishgan .
Darhaqiqat, inson o‘z kelajagini o‘zi yaratadi. Kelajagining poydevori mustahkam bo‘lishi uchun esa, yoshlikdan ilm olishga intilish kerak. Zero, yoshlikda olgan bilim toshga o‘yilgan naqsh demakdir. Kitob aqlni charxlaydi. Kitobsiz bilimli, madanyatli kishi bo‘lib yetishish mumkin emas. Aynan shu sabab “Kitob aql qal’asidir” deganlar.
Buyuk bobokalonimiz , tabobat ilmining sultoni , mashhur tabib Abu Ali Ibn Sino betob bo‘lgan Buhoro amiri Nuh ibn Mansurni davolagach , amir tomonidan “Senga bu yordaming uchun nima ato qilay?” degan savolga bobokalonimiz saroy kutubxonasidan foydalanish imkoniyatiga ega bo’lishni afzal bilgan edi .
Demak , haqiqiy komil inson kitobning qadriga yetadi , uni har qanday o‘tkinchi narsalardan ustun qo‘yib , o‘zi bilan birga abadiy xazinani saqlab yuradi .
Har bir ziyoli odamning kelajagi ham kitob bilan bog‘liq.Inson o‘z oldiga qo‘ygan orzu-maqsadlariga chuqur bilimi, izlanishi orqali erishadi. Bilimni esa insonga albatta, kitob beradi.
Ko‘p kitob o‘qigan inson hayotga teran nazar bilan qaraydi. Hayotni faqat ko‘ngilxushlikdan iborat emasligini, hayot murakkab ekanligini, shu bilan birga hayot go‘zal ekanligini anglaydi.
Buyuk dramaturg Viliyam Shekspir kitoblar haqida shunday degan edi : “Kitob muqovasi zarhalli bo‘libgina qolmay, ichidagi mazmuni ham oltinga teng bo‘lsa, u alohida ahamiyat kasb etadi.”
Yapon maktablaridan birida jahon tarixidagi eng buyuk kashfiyot nima, degan so‘rovnoma o‘tkazilgan ekan. Bu so‘rovnomada ishtirok etganlar o‘zlari mo‘jiza deb bilgan turli narsalarni tilga olishgan : olov, dvigatel , atom bombasi , elektrotexnika va boshqa bir necha narsalar . Biroq qatnashchilar ichidan 6- sinf o‘quvchisining “Eng zo‘r kashfiyot – kitob” deb bildirgan javobi hay’at a’zolariga ma’qul tushgan ekan . Nima sababdan aynan kitob, degan savoliga u “Qolganlarning fikrlari ham to‘g‘ri, lekin kitob bo‘lmasa, ularning birortasi ham ixtiro qilinmasdi-ku”, deb javob bergan.
Buni qarangki, ko‘pchilikni xayoliga ham kelmagan ushbu javob chinakam haqiqat ekanligi asta – sekin o‘z isbotini topib boryapti . Kitob haqiqatdan ham , mo‘jiza , unda keltirilib o‘tilgan jumlalar beixtiyor kitobxonga yuqish , unga ruhiy ta’sir o‘tkazish , aqliy o‘stirish kabi vazifalarni bajarishga qodir .
Kitobdan shunchaki ermak yoki bo‘lmasa zerikishda qo‘l keladigan bir vosita sifatida foydalanish xatodir. Kitob tafakkur va qalb ehtiyojini qondiruvchi omil sifatida inson ruhini tarbiyalaydi , uning shaxsi shakllanishida asosiy turtki beruvchidir . Kitob mutolaa qilish jarayonida undagi ma’lumotlarni kishi nafaqat ongi va ko’zi , shuningdek ko‘nglini ham birdek uyg‘oq holda tutishi bilan xotirasida saqlab qolishi mumkin . Kitob o‘qishdan maqsad bu – uning mazmunini anglab yetish , unga singdirilgan ma’no-mazmunni qalban tuyish va bu orqali ma’nan ozuqaga ega bo‘lishdir . Kitob mutoalasi insonda ma’naviy bo‘shliq paydo bo‘lishiga zinhor va zinhor yo‘l qo‘ymaydi , shunday ekan kitobni mutolaa qiluvchi har qanday inson yuksak ma’naviyatli shaxs bo‘lib yetishishi mumkin .
Hamma ham kitob o‘qishni yoqtirmaydi. Shu sababli boshiga biror ish tushsa bas, ”hayotning qizig‘i qolmadi” degan fikr bilan yashashga ko‘nikadilar. Kitobga mehr qo‘yib, kitobdan bilim olishga intilgan kishilar esa, aksincha, qanday og‘ir sinov boshiga tushmasin, “hayot hali oldinda, hammasi yaxshi bo‘lishiga ishonaman” degan fikr ila hayot sinovlaridan to‘g‘ri yo‘l bilan o‘tishga intiladilar. Chunki, kishi chorasiz qolganida o‘qigan kitoblari unga yo‘l ko‘rsatadi. Yani inson har bir o‘qigan kitobidan qandaydir bir xulosaga, ma’lum bir mushohadaga ega bo‘ladi. Ma’naviy barkamolligi ortib boradi. Aynan kitoblar orqali insonlar hayot haqiqatlarini anglay oladilar. Kitob insonni ma’naviyatning eng yuqori marrasiga, haqiqat cho‘qqisiga eltadi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Tursunoy Sodiqova o‘zining “Dunyo buyuk uquvxonadir” asarida shunday degan edi : “Qizlarimiz yoshligidan kitobxon bo‘lishiga intilaylik. Kitob uning xayollariga qanot beradi, tafakkuri o‘sadi, inson ruhiyati bilan tanishtiradi. Kitob ko‘rgan kishi odamlar bilan muomalani o‘rganadi. Kitob unga dunyoni ko‘rsatadi. Hayrat beradi, sevinch va qayg‘u qayerdan bino bo‘lishini bildiradi. Axir, bu ulg‘ayish degani. Va qizimizning bu bisoti bir kuni bolasiga bexato o‘tadi.”
Shu o‘rinda nega aynan qizlar deya qaratilib aytilganiga to‘xtaladigan bo‘lsak, qiz- ayol kelajak avlodni dunyoga keltiruvchi yaratiqdir. Qachonki, ona ma’rifatli- ma’naviyatli bo‘lsa , uning farzandi ham o‘z o‘rnida ruhan va aqlan yetuk inson bo’lib yetishishi shubhasizdir .
Bugungi kunda ko‘pchilik ota-onalarimiz o‘z farzandlariga so‘nggi texnologiyalar asosida dasturlashtirilgan turli o‘yinlar , qo‘g‘irchoq-u o‘yinchoqlar olib berishni kanda qilishmaydi . Biroq , ularni kamdan-kam hollarda kitob olib berganliklarini guvohi bo‘lishimiz mumkin . Aslida kattalar tomonidan qilinuvchi ushbu harakat mutlaqo xatodir . Dastlab ular kitob xarid qilar ekan, uni bolalariga ehtiyot qilishini o‘rgatib bir ma’naviy tarbiya berishsa, kitob mazmunidan kelib chiquvchi bunyodkor g‘oyalar tufayli esa eng muhim xulosalarga ega tarbiya bergan bo‘lishadi .
Jamiyatimizda “o‘qigan odam” degan ibora bor . Va aynan “o‘qigan” deb yuritiluvchi shaxslarga nisbatan atrofidagilar alohida hurmat- ehtirom bilan qarashadi . Bu hurmat-e’tiborning sababchisi ham o’sha insoniyatning chin do‘sti bo‘lmish kitobning sharofati bilandir.
Hozirda texnika kundan-kunga rivojlanib , zamonamiz ilgarilab boryapti. Deyarli har besh xonadonning ikkitasida shaxsiy komyuterlar bor , deya shubhalanmay aytish mumkin . Komyuterdagi o‘ziga xos qulayliklar , internet orqali kerakli ma’lumotlarni bir zumda topish imkoniyati bugunning yoshlari orasida kitoblardan foydalanishga bo’lgan ehtiyojni cheklab qo‘ygandek tuyuladi . Shuningdek yoshlar hozir kutubxonalardan ko‘ra internet kafelarga tashrif buyurishni afzal bilishadi . Albatta, har bir yangilik bir vaqtning o‘zida ham ijobiy , ham salbiy xususiyatlarga ega bo’ladi . Texnikaga berilib ketgan zamondoshlarimiz internet orqali o‘zlari uchun hamma narsani topishlari mumkin, lekin haqiqiy kitobni o‘qib bo‘lib oladigan lazzatnigina sezish imkoniyatidan mahrum bo‘lishyapti .
Ilm-fanning, ma’rifatning rivojlanishida buyuk bobokolomlarimiz yaratgan asarlarining o‘rni va ahamyati beqiyosdir. Ayni kunda bu asarlar yangidan nashr qilinib, har bir varaqlari suratlar bilan bezatilgan. Bu esa albatta, har bir kitobxonni o‘ziga jalb qiladi. Buni qarangki, kitob insonga umid bermog‘i ham mumkin ekan.
Bir do‘stim bo‘lardi. Uning boshiga bir musibat tushgandi. U go‘yo hayotdan umidi yo‘q insonga o‘xshab qolgan edi. Bu esa meni qattiq tashvishga soldi. Men unga qayg‘ularidan biroz chalg‘ishi uchun bir kitob sovg‘a qildim. Aleksandr Dyumaning “Graf Monti Kristo” kitobini. Do‘stim bu kitobni uch kunda o‘qib chiqdi. Bir kuni yonimga keldi va menga shu gaplarni aytdi: “Sen menga ajoyib kitob sovg‘a qilibsan. Bu kitob menga juda yoqdi. Ayniqsa, kitobning yakunidagi so‘nggi satrlar: “Umid qilmoq va kutmoq kerak” jumlasi menga shior bo‘lib qoldi”. Shundan keyin do‘stim har ikki kunda kutubxonaga borishni, u yerdan manaviy ozuqa olishni odat qildi.
Shu o‘rinda ko‘ndalang savol tug‘iladi : Yoshlarni kitobga bo‘lgan qiziqishini qay tarzda oshirish mumkin ? Menimcha , kitoblarga ham reklama zarur. Har bir o‘quv muassasasi binosining kirish yo‘lagiga yangi nashr etilgan kitoblardan na’munalar qo‘yib , ularni qayerdan topish mumkinligi , kitob nima haqida ekanligi haqida qisqacha izoh berilish kerak. Albatta, bu o‘quvchilarni qiziqtirmasdan qolmaydi .
Hayot go‘zal. Uni qadrlay bilish lozim. Hatto hayotni qadrlashda ham kitob juda katta ahamyatga ega. Kitobning yomoni bo‘lmaydi. Kitob insonning chinakam do‘sti. Har bir insonni kitob o‘qishga qiziqtirish uning tug‘ilganidanoq boshlanmog‘i lozim. Zero, kitob insonning hayot yo‘lida yo‘ldoshi bo‘lsa, hayot so‘qmoqlaridan ravon va mamnuniyat bilan o‘tadi.
Yüklə 19,65 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©muhaz.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin