Uy ishlari dars bilan uzviy bogʻlangan boʻlib, u darsda oʻrganilgan mazmunning mantiqiy davomi va oʻquvchilarning mustaqil bilim olish omili sanaladi. Oʻqituvchining topshirigʻi va koʻrsatmasiga binoan, oʻquvchilar uncha murakkab boʻlmagan tajribalarni oʻtkazish, tabiatda kuzatishlar olib borish, qoʻshimcha adabiyotlarni oʻrganish, muayyan mavzularda ma’ruza yoki referat tayyorlash, kolleksiyalar tayyorlash ishlarini amalga oshiradilar. Oʻquvchilar oʻquv topshiriqlarini bajarish orqali bilish faoliyati usullarini egallashga zamin tayyorlanadi.