Blackcurse



Yüklə 1,46 Mb.
səhifə43/74
tarix17.05.2022
ölçüsü1,46 Mb.
#115947
1   ...   39   40   41   42   43   44   45   46   ...   74
2 5215525430601193042

X U L O S A
Ta’lim-tarbiyani tubdan isloh qilish, Kadrlar tayyorlashning Milliy dasturini amalga oshirish Davlatchiligimiz uchun strategik ahamiyatga molik zaruratdir. SHu bois mamlakatimizda “O‘zbek xalqining yuksak qadr-qimmati, or-nomusi, shon-sharafi, o‘ta mehribonligi va sof vijdonligiga asoslangan milliy g‘ururni ma’naviy yuksaltirish va shu bilan birga umumiy Vatanimizda biz bilan birga yashovchi va O‘zbekiston Respublikasiga sadoqatli bo‘lgan barcha xalqlar bilan birodarlikka yo‘naltirilgan(I.A.Karimov) milliy istiqloliy tamoyil ijtimoiy-ma’naviy hayotning turli jabhalariga jadal kirib bormoqda. O‘zbekiston mustaqillikni qo‘lga kiritgach, uning tarixida birinchi bor milliy tuyg‘uning inson uchun tabiiyligi, uning tabiiy ravishda ota-onadan meros qilib olinishi va uning butun dunyoga aytgan birinchi so‘zida ifodalanishi; o‘z xalqiga, uning an’analariga, tili va madaniyatiga muhabbat va hurmat tarbiyalamasdan turib, o‘z xalqini millatlarning butun jahon hamjamiyatida tenglardan biri sifatida idrok qiluvchi haqiqiy insonni, o‘z Vatanining jonkuyarini tarbiyalash mumkin emasligi Davlat rahbari – Prezident tomonidan yuksak minbardan turib e’tirof qilindi.

Bu yangi O‘zbekistonda jahon pedagogika fani nazariyoti va amaliyoti nuqtai nazaridan yangi, zamonaviy va ilmiy-eksperimental pedagogik texnologiya – milliy tarbiyaning mafkuraviy, siyosiy, madaniy, ma’naviy, ilmiy asoslarini yaratish kabi dolzarb vazifani kun tartibiga qo‘ydi. Ana shu jihatlardan ham milliy mustaqillik qo‘lga kiritilgach, O‘zbekiston maktablarida o‘quvchilarni milliy tarbiyalash ham nazariy (pedagogika nazariyoti nuqtai-nazaridan), ham amaliy (O‘zbekiston maktablarida milliy tarbiya jarayonini ilmiy asosda tashkil qilish nuqtai-nazaridan) ehtiyojga aylandi. Mazkur tadqiqotimiz ana shu ehtiyoj – mustaqillikni mustahkamlash va rivojlantirishnining pedagogik kafolatlarini yaratishga qaratilgan ilmiy izlanishlarning ilk natijalaridan biridir.

“Milliy tarbiya”ni ilmiy-pedagogik muomalaga kiritish, uning har bir tushunchasi, tarkibiy qismlarining etimologiyasi, mohiyati, uyg‘unlanish shartini, chegaralarini, maqsad, vazifalari, uslub va vositalar tizimini chuqur, atroflicha tahlil qilishni talab qiladi. Antropologik bilimlar tizimi, jahon pedagogik tajribasi va xalq pedagogikasi erishgan ilmiy yutuqlarga tayangan holda “milliy tarbiya”ning mohiyati asoslandi. Xulosa o‘laroq, “milliy tarbiya” tushunchasi – har bir xalqda betakror mavjud bo‘lgan “yaxshi inson”, “yaxshi bola” siymosi va oila, ijtimoiy hayotda yosh avlodni ana shu “siymo”ga yaqinlashtirishga qaratilgan pedagogik ta’sir tizimini amalga oshirishning tarixiy, zamonaviy va uzluksiz jarayonidir.

Mustaqil O‘zbekistonda amalga oshiriluvchi milliy tarbiyaning maqsadi – O‘zbekiston xalqining milliy istiqlol, mafkuramiz, Prezidentimiz va maktabning yosh o‘zbekistonliklarda muayyan fazilatlarni shakllantirishga qaratilgan ijtimoiy buyurtmani o‘rganish, aniqlash va amalga oshirishni ilmiy ta’minlashdir. Milliy istiqlol sharoitida ijtimoiy hayotni, mafkuraviy pedagogik zaruratlarni, O‘zbekiston hukumati, Prezidenti, milliy taraqqiyot uchun dolzarbligi e’tirof qilinayotgan insoniy fazilatlarni o‘rganish, umumlashtirish milliy tarbiyaning asosiy yo‘nalishlarini belgilash imkonini berdi. Natijada O‘zbekiston maktablarida o‘quvchilarning milliy tuyg‘ulariga bevosita bog‘liq bo‘lgan milliy g‘ururni, millatlararo muloqot madaniyatini, O‘zbekiston vatanparvarligini, vijdoniylikni, milliy odobni va milliy mafkuraviy onglilikni shakllantirish etakchi vazifalar sifatida belgilandi. Bu fazilatlarni maqsadga yo‘naltirilgan ravishda shakllantirish sobiq sovet pedagogikasi fanida ilmiy muammo sifatida kun tartibiga qo‘yish mumkin emas edi. Prezidentimizning yuqoridagi fazilatlarning hozirgi avlodlarda etarli darajada shakllanmaganligi islohot sifati va sur’atiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganligi haqidagi qator fikrlari va ta’lim-tarbiyani tubdan isloh qilish, kadrlar tayyorlashning Milliy dasturi haqidagi Farmon va qarorlari buni tasdiqlaydi. Vaziyat milliy mustaqillikning pedagogik kafolatini ta’minlash uchun milliy, ilmiy pedagogikaning barcha yutuqlarini yosh avlodlarda istiqloliy fazilatlarni shakllantirishga safarbar qilishni taqozo qildi. YUqoridagi fazilatlarni tarbiyalash, ularga muxolif bo‘lgan millatchilik, mafkurasizlik, beg‘ururlik, Vatan muammolariga e’tiborsizlik, odobsizlik, vijdonsizlik va h.k.) kabi milliy xavfsizligimizga tahdid soluvchi ichki tahdidlarning oldini olish barcha O‘zbekiston maktablarida maxsus, ilmiy asoslangan, maqsadga yo‘naltirilgan, maktab va oila, mahalla, maktabdan tashqari muassasalarning uzviy hamkorligiga asoslanuvchi jarayonga aylantirilmog‘i kerak.

Milliy tarbiyaning ob’ektiv ijtimoiy jarayonligi va bu jarayonning umuminsoniylikni muayyanlashgan shakli sifatida milliy g‘ururni yaratuvchilik maqsadlariga yo‘naltirishda, sobiq sovet jamiyatida uchragan millatchilik, mahalliychilik, milliy biqiqlik, manqurtlik kabi illatlarga barham berishning oqilona shakli sifatidagi imkoniyatlari nazariy, amaliy darajalarda asoslandi.

Ijtimoiy tarbiyaning ob’ektiv milliyligi qonuniyatidan kelib chiqib uning uch darajasi belgilandi. YA’ni, umuminsoniy daraja – insoniyat – xalqlardir; xalqlar, millatlar mavjud tarbiyaning o‘ziga xosligi – milliyligining mahsulidir. Demak, umuminsoniy tarbiya milliy tarbiya shaklida muayyanlashgan. Umuminsoniy daraja-muayyan davlatning yoshlar tarbiyasiga qaratilgan ma’naviy, ma’rifiy, pedagogik siyosati sifatida; xususiy darajada - ingliz, gruzin, rus, o‘zbek, hind, yapon va h.k. xalqlariga xos betakror tarbiya tizimi sifatida belgilandi. SHu tariqa mustaqil O‘zbekiston maktablarida milliy tarbiya tizimining amalga oshirilishi 1) umuminsoniy; 2) umummilliy; va 3)O‘zbekistonda yashovchi barcha millatlar manfaatlarini qondirishning va o‘zbekistonlik o‘zbek, rus, turkman, tojik, arman va h.k. bolalarini O‘zbekistonning yosh vatanparvarlariga aylantirishning pedagogik sharti ekanligi asoslanadi.

O‘tkazilgan tadqiqot quyidagi muayyan nazariy va uslubiy pedagogik xulosalarni yasashga asos bo‘ldi:

-Insoniyat – turli millatlardan iborat va har bir millat – umuminsoniy qadriyatdir. Demak, har bir millatning ma’naviy taraqqiysi – umuminsoniy taraqqiyot shartidir.

-Millatlarning qadimiyligi – milliy tarbiyaning qadimiyligini, millatlarning mavjudligi – milliy tarbiyaning mavjudligini; millatlarning bundan keyin ham mavjud bo‘lishi- milliy tarbiyaning bundan keyin ham mavjud bo‘lishini, abadiyligini ko‘rsatadi.

-Umuminsoniy antropologik halokatning bosh sabablaridan biri(London-Nyu Jersi, 1989) turli sabablarga (texnokratik tafakkur; mustamlakachilik siyosati; kosmopolitizm; “g‘arbiylashuv”; “proletar internatsionalizmi” va h.k) ko‘ra milliylik va zamonaviylikning uyg‘unligi ta’minlanmaganligida; ilmiy-pedagogikaning shu paytgacha milliy tarbiyaning o‘z predmetiga aylantira olmaganligida; va buning natijasi o‘laroq, “sivilizatsiyalashganlik va milliylik” tushunchalarining bir-biriga qarshi qo‘yib kelinganligidir.

-Mustaqil O‘zbekiston – milliy Davlat sifatida o‘z yo‘liga, mafkurasiga, ma’naviyat sohasida ustuvor siyosatiga ega. U bozor iqtisodiyotiga o‘tishda davlatimiz tomonidan asoslangan: milliy tarixiy turmush tarzimiz, xalq urf-odatlari, an’analar, kishilarning fikrlash tarzini, Islom axloqiy qadriyatlarning, psixologiyaning milliyligini, ko‘pmillatlilik kabi ijtimoiy xususiyatlarini o‘zida mujassam qildi. YA’ni, jahon taraqqiyoti tizimida O‘zbekistonning nafaqat bozor iqtisodiyotiga o‘tishda, balki uning tarbiyaviy siyosatida betakror va boy an’analarga to‘la o‘z yo‘li borligini va uni ishga tushirish zaruratini belgiladi.

-Har bir xalqqa, demak o‘zbek xalqiga ham xos bo‘lgan milliy tarbiya insonparvarona maqsad va mohiyatga ega. Hech bir xalq millatchi emas. Millatchilik yoki manqurtlik o‘z va o‘zga xalqlarning milliy ma’naviy qadriyatlaridan begona, milliy tuyg‘ulari stixiyali shakllangan – milliy tarbiyalanmagan kishilardagina namoyon bo‘ladi.

-Milliy tarbiya jarayoni har bir ota-onaning, mahallaning, mustaqil O‘zbekiston va uning hukumatining har bir o‘zbekistonlik maktab o‘quvchisidan kutayotgan ijobiy fazilatlar majmuasini shakllantiradi. Milliy g‘urur, O‘zbekiston vatanparvarligi, milliy odob, millatlararo muloqot madaniyati, vijdoniylik, milliy mafkuraviy onglilik fazilatlari mustaqillikni mustahkamlashning doimiy zarurati sifatida belgilandi.

-Mazkur fazilatlar hozir va kelajakda o‘zining ishonchli samaralarini berishi uchun milliy-istiqloliy tarbiya O‘zbekiston umumta’lim maktablarida maqsadga yo‘naltirilgan ustuvor tarbiya yo‘nalishiga aylantirilishi kerak.

-Milliy tarbiyaning samaradorligi bo‘lajak o‘qituvchilar va o‘qituvchilarning mazkur faoliyatiga rahbarlikka maxsus yo‘naltirilganligiga bog‘liqdir.

-Maktab, oila, mahalla, turar joylar, maktabdan tashqari muassasalarning milliy tarbiyaviy hamkorligi, milliy tarbiya samaradorligi shartlaridan biridir.

-Umumiy o‘rta ta’lim maktablarining milliy tarbiyaviy muvaffaqiyatlari bu maktablardagi tobora milliylashayotgan ta’lim mazmunidan milliy tarbiyaviy maqsadlarda foydalanishni takomillashtirishga bog‘liq.

-Har qanday tarbiyaviy yo‘nalish kabi milliy tarbiyaning muvaffaqiyati bu jarayonning ilmiy asosida tashkil qilinishiga – maqsad, vazifa, uslub, vosita, natajaga sistemali yondashuv, ularni o‘rganish, qayd qila borish va milliy istiqlolning har bir bosqichi talablari asosida boyita borilishiga bog‘liq.

-O‘quvchilarning yosh, milliy, mahalliy, ruhiy, jinsiy, shaxsiy xususiyatlarini hisobga olish va tarbiyalanganlik mezonlari, darajalarining amaliyotga joriy qilinishi milliy tarbiya samaradorligini belgilaydi.

-O‘quvchilarning darsdan tashqari faoliyatini milliy tarbiyaviy maqsadlarga yo‘naltirilishi o‘quvchilarda milliy istiqloliy fazilatlar haqida tushuncha, bilimlarni amalda qo‘llash, “mashq qildirish”, ko‘nikma, malaka va odatlarga aylantirishning shartidir.

-Amalga oshirilgan tadqiqot milliy tarbiyaning ilmiy-pedagogik, metodologik, nazariy, uslubiy, amaliy asoslarini ishlab chiqish va ishga tushirish orqali umuminsoniy ahamiyatga molik O‘zbekiston maktablari faoliyatida tashkil qilishning samaradorligini asosladi. Bu esa mazkur yo‘nalishda olib borilajak ilmiy-tadqiqotlar sarchashmasining ochilishiga turtki bo‘ldi. YA’ni, pedagog-psixolog olimlar tomonidan maxsus o‘rganilishi kerak bo‘lgan: Davlat va jamiyat qurilishida ijtimoiy milliy tarbiyaning roli; -maktab, oila va mahallaning milliy tarbiyaviy hamkorligini takomillashtirish; zamonaviy o‘zbek qizlarida ijtimoiy faollik, tadbirkorlik sifatlarini shakllantirish; bo‘lajak o‘qituvchilarni milliy tarbiyaviy faoliyatiga tayyorlashni takomillashtirish; oliy o‘quv yurtlari talabalarini milliy tarbiyaviyning mazmuni, uslub, vositalarini takomillashtirish; kollejlarning milliy tarbiya tizimi; mahallaning qo‘shimcha milliy tarbiyaviy imkoniyatlarini takomillashtirish; ijtimoiy-milliy tarbiyaviyning mehnat, axloqiy, nafosat, gigienik, kasbga yo‘naltirish, ekologik, iqtisodiy, badiiy tarbiya yo‘nalishlari bilan uzviy aloqasini ta’minlash; O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatayotgan milliy markazlar va ularning milliy istiqloliy imkoniyatlarini o‘rganish va takomillashtirish; O‘zbekistonning ta’lim qozoq, rus, turkman, tojik va boshqa tillarda olib borilayotgan maktablarida milliy tarbiyaning xususiyatlari va ularni milliy istiqlol maqsadlari bilan uyg‘unlashtirish; milliy tarbiyaning diagnostik, texnologik, prognostik tizimini takomillashtirish; milliy tarbiya jarayonini tadqiqot qilishda kibernetik uslublarni joriy qilish; maktabdan tashqari muassasalarda milliy tarbiya tizimini ishlab chiqish; milliy tarbiya uslublarini takomillashtirish; ota-onalarning milliy tarbiyaviy bilimlari, ko‘nikma va malakalarini takomillashtirish; milliy tarbiyaning harbiy pedagogik mohiyati; o‘quvchilarning bo‘sh vaqti va milliy qadriyatlar tizimini sotsiologik o‘rganish; milliy tarbiya bo‘yicha tarixiy tadqiqotlarni rivojlantirish; -milliy tarbiyani amalga oshirishning mintaqaviy xususiyatlari va ularni takomillashtirish masalalari; o‘quvchilarning milliy qadriyatlar tizimiga munosabatlari dialektikasini o‘rganish; milliy tarbiyaga qiyosiy-pedagogik yondashuv va uning samaradorligini oshirish; maktabgacha tarbiya yoshdagi bolalarni milliy tarbiyalashning nazariy va uslubiy pedagogik asoslari; milliy tarbiyaga gerontopedagogik yondashuv; xorijda istiqomat qilayotgan o‘zbek oilalarida milliy tarbiyaning xususiyatlari; litsey, gimnaziyalarda milliy tarbiya jarayonini tashkil qilishning pedagogik xususiyatlari kabi istiqbolli yo‘nalishlar o‘z tadqiqotchilarni kutmoqda.


Yüklə 1,46 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   39   40   41   42   43   44   45   46   ...   74




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©muhaz.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin