2.2. Moliyaviy tahlilni tashkil etish shakllari. Moliyaviy tahlilni
tashkil etishda korxonaning tarmoq xususiyati, faoliyat ko‘lami,
raqobatdagi o‘rni kabi jihatlarini hisobga olish
Moliyaviy tahlilni tashkil etish yuzasidan rasmiy jihatlarning
belgilanmaganligi sababli uni tashkil etishda an’anaviy yo‘nalishlardan
foydalanish mumkin.
Odatda, buxgalteriya hisobini va auditni (ichki, tashqi) tashkil
etishdagi rasmiy jihatlar bilan belgilangan aniq tartib va qoidalar
moliyaviy tahlilni tashkil etishda asos bo‘lib xizmat qiladi.
Jumladan, yangi tahrirdagi “Buxgalteriya hisobi” to‘g‘risidagi
qonunning “Buxgalteriya hisobi va hisobotini tashkil etish” to‘g‘risidagi
11-moddasi buxgalteriya hisobi va hisobotini buxgalteriya hisobi
subyektining rahbari amalga oshirishi qayd etiladi hamda buxgalteriya
hisobi subyektining rahbari qanday huquqlarga ega ekanligi tarkiblanadi.
Ushbu huquqlar qatorida:
Buxgalteriya hisobi xizmatining rahbari boshchiligida buxgalteriya
hisobi xizmatini tashkil etish yoki shartnoma asosida jalb qilingan
buxgalter xizmatidan foydalanish;
Buxgalteriya hisobini yuritishni ixtisoslashtirilgan tashkilotga
(auditorlik tashkilotlari, soliq maslahatchilari tashkilotlari va ustavida
buxgalteriya hisobini yuritish bo‘yicha xizmat ko‘rsatish nazarda
tutilgan boshqa tashkilotlar) shartnoma asosida yuklashi;
Buxgalteriya hisobini mustaqil yuritishi qayd etiladi.
Buxgalteriya hisobi va hisobotini tashkil etishning ushbu tartiblari
bevosita, moliyaviy tahlilga nisbatan ham to‘la mos deyish mumkin.
Tahlilni tashkil etish shakli sifatida ichki moliyaviy tahlilni tashkil
etilishi va tashqi moliyaviy tahlilni tashkil etilishini tarkiblash maqsadga
muvofiqdir.
111
Tashqi moliyaviy tahlil cheklangan axborotlarni aks ettiruvchi
moliyaviy hisobot shakllari asosida xo‘jalik yurituvchi subyektlarning
moliyaviy holatini o‘rganishni xarakterlaydi va korxona erishgan
natijalarining barcha sirlarini ochib berish imkonini bermaydi. Ushbu
tahlil ichki axborot bazasidan foydalanish imkoniga ega bo‘lmagan,
korxona faoliyati bilan qiziquvchi kontragentlar, mulk egalari yoki
davlat organlari tomonidan amalga oshiriladi.
Tashqi moliyaviy tahlilning ahamiyatli jihatlari quyidagilar bilan
xarakterlanadi:
- tahlil subyektlari va axborot foydalanuvchilarining ko‘pligi;
- tahlilchilarning maqsadi va qiziqishlarining turli tumanligi;
- hisobga olish va hisobotlarning normativ qoidalari, tahlil etishning
rasmiy jihatlarining belgilanganligi;
- tahlilning faqat chop etiladigan moliyaviy hisobot shakllaridagi
axborotlar bazasiga tayangan holda o‘tkalishi;
- qo‘yiladigan analitik masalalarning cheklanganligi;
- axborot foydalanuvchilar uchun korxona faoliyati yuzasidan tahlil
natijalaridan foydalanishning maksimal ochiqligi.
Tashqi moliyaviy tahlilning asosiy jihatlari moliyaviy hisobot
ma’lumotlari asosida korxona aktivlari, o‘z mablag‘lari manbai va
majburiyatlarining o‘zgarishi, to‘lov layoqati va likvidlilik darajasi,
moliyaviy holati va barqarorligi, bozor va ish aktivligi, moliyaviy va
iqtisodiy salohiyati, iqtisodiy mustahkamligi va nochorligi, foyda va
rentabellik darajasi, pul oqimi va xususiy kapitalning o‘zgarishlari,
korxonaning iqtisodiy reytingini aniqlashga qaratiladi.
Ichki moliyaviy tahlil – korxonaning ichki bo‘limlari, xodimlari
tomonidan o‘tkazilib o‘rganiladigan masalalarning ko‘lami bilan tashqi
moliyaviy tahlildan farq etadi. Ichki moliyaviy tahlilning axborotlar
bazasi va o‘rganiladigan masalalarning ko‘lami tashqi moliyaviy tahlilga
nisbatan keng hisoblanadi. Uning axborotlar bazasiga faqat chop
etiladigan moliyaviy hisobotlargina emas‚ balki moliyaviy hisobning
barcha manbalari va hisobdan tashqari manbalarni ham kiritish mumkin.
O‘rganiladigan masalalar ko‘lamini boshqaruvchilar va tahlilchilarning
112
qiziqishlari doirasidan kelib chiqib belgilash mumkin. Ushbu tahlil
turining o‘ziga xos xususiyatlarini quyidagi jihatlar bilan izohlash
mumkin.
Ichki moliyaviy tahlilning o‘ziga xos jihatlari:
- tahlil subyektlarining tor guruhi;
- tahlil natijalari faqat ichki talablarga, korxona boshqaruvi
yuzasidan yo‘naltirilganligi;
- teran moliyaviy tahlilni o‘tkazishda axborotlarning keng
doirasidan foydalanish imkoniyatining yuqoriligi;
- tahlilni o‘tkazish bo‘yicha normativ metodikalar bilan birgalikda
aniq reglamentlari (tartiblari) belgilanmagan usullardan foydalanish
imkoniyatlari;
- aniq boshqaruv qarorlarini tayyorlash yuzasidan chuqur moliyaviy
tahlilni o‘tkazish imkoniyati mavjudligi;
- boshqaruv apparati talablaridan kelib chiqqan holda analitik ishni
tashkil etilishi.
Moliyaviy tahlil mazmuni bo‘yicha to‘liq moliyaviy tahlil va
tematik moliyaviy tahlil turlariga ajratiladi.
To‘liq moliyaviy tahlil korxona moliyaviy faoliyatining barcha
jihatlarini kompleks o‘rganishni xarakterlaydi. Tematik moliyaviy tahlil
korxona moliyaviy faoliyatining alohida jihatlarini va akspektlarini
o‘rganishni xarakterlaydi. Tematik moliyaviy tahlil predmetiga:
aktivlardan samarali foydalanish, aktivlarni moliyalashtirishda alohida
manbalardan optimal foydalanish darajasi, to‘lov layoqati va moliyaviy
barqarorlik holati, optimal investitsion faoliyat, kapitalning moliyaviy
tuzilishi kabi masalalarni kiritish mumkin.
Moliyaviy tahlilda obyektni qamrab olinishi yuzasidan xo‘jalik
yurituvchi subyektlarning to‘liq (bir butunlikdagi) moliyaviy tahlili,
alohida bo‘limlar va birliklar moliyaviy holatining tahlili (iqtisodiy
javobgarlik markazlari bo‘yicha) hamda alohida moliyaviy jarayonlar
tahlilini tarkiblash mumkin.
O‘tkazish davri bo‘yicha moliyaviy tahlil oldingi, joriy va istiqbolli
tahlil turlariga tarkiblanadi.
113
Oldingi moliyaviy tahlil – korxona moliyaviy faoliyatini bir
butunlikda yoki alohida olingan moliyaviy jarayonlar bo‘yicha shart-
sharoitlarni bilish bilan bog‘lanadi (masalan, uzoq va qisqa muddatga
bank kreditlarini olish yuzasidan korxonaning to‘lov layoqatini
baholash).
Joriy (operativ) moliyaviy tahlil – alohida moliya rejalarini
bajarilishida yoki moliya operatsiyalarini amalga oshirish davomida
operativ tarzda moliyaviy holatga ta’sir etish yuzasidan o‘tkaziladigan
tahlil turidir.
Istiqbolli moliyaviy tahlil – amaldagi holatni o‘rganish asosida
moliyaviy holat va uning alohida birliklari bo‘yicha kelajakdagi
o‘zgarishlarning kutilishlarini baholab beruvchi tahlil turidir.
Moliyaviy tahlilni tashkil etish bosqichlarini iqtisodiy tahlil va
uning tarkibiy qismlariga nisbatan yagona asosda birday belgilash
to‘g‘ri, lekin aynan moliyaviy tahlil yuzasidan uni quyidagi ketma-
ketlikda o‘tkazish maqsadga muvofiq deb o‘ylaymiz.
1. Moliyaviy tahlil maqsadini belgilash va rejasini tuzish;
2. Moliyaviy tahlil yuzasidan ma’lumotlar bazasini to‘plash;
3. Moliyaviy tahlilni bevosita o‘tkazish bosqichi;
4. Tahlil natijalarini umumlashtirish va rasmiylashtirish bosqichi;
5. Qarorlar tayyorlash bosqichi;
6. Tahlil natijalarini realizatsiya qilish bosqichi.
Iqtisodiy tahlilni yoki moliyaviy tahlilni tashkil etishdagi
yondashuvlar turlicha bo‘lganligi bilan ularning mazmuni albatta bitta
jihatga ya’ni tahlilni sifatli va foydali o‘tkazishga qaratilgan.
Moliyaviy tahlilni tashkil etishda albatta har bitta tarmoqning va
sohaning o‘ziga xos xususiyatlari hisobga olinishi lozim. Jumladan,
xo‘jalik subyektlarining faoliyat turlari bir-biridan tubdan farq qiladi.
Farqlanish nafaqat ularning faoliyat turida‚ balki mulkiy shaklida,
kapitalda qatnashishi, mulkiy taqsimotida, ko‘lamida ham mavjud.
Moliyaviy hisobotlar bir xil shakl va mazmunni ifoda etgani bilan
ularning qatorlari, qatorlarning shakllanish tartiblari bir-biridan tubdan
farq qiladi.
114
Moliyaviy holat va natijaviylikni baholashda bu jihatlarni
farqlanishi muhim o‘rin tutmasa ham, aslida masalaning yechimi uning
quyi bo‘g‘iniga, faoliyatning turiga, xususiyatiga, taqsimotning shakliga,
mulkiy va moliyaviy munosabatlarga borib taqaladi.
Iqtisodiyotning u yoki bu tarmog‘i yagona maqsadda birlashsa ham,
boshqa munosabatlarda tubdan farq qiladi. Bu jihat farqlanishlar albatta
moliyaviy tahlilda hisobga olinishi lozim.
Axborotlar bazasida ham farqlanishni kuzatish mumkin. Masalan
kichik biznes subyektlari soddalashtirilgan tartibda moliyaviy hisobotni
tuzadilar va yuritadilar, yirik biznes subyektlari esa umumbelgilangan
tartibda moliyaviy hisobotni tuzadilar va taqdim etadilar. Shu bilan
birgalikda ularning soni va mazmunida, auditorlik xulosalarining
olinishida ham farqlanishlar kuzatiladi. Moliyaviy hisobotlarga
auditorlik xulosalarining olinishida ham majburiy va majburiy
bo‘lmagan tarkibini guruhlash mumkin.
Dostları ilə paylaş: |