OVUTMACHOQLAR esa bolani tinchlantirish ehtiyojini qondiruvchi badihalardir:
Vo‘y-vo‘y, shuginani kim urdi?
Vo‘y-vo‘y, shuginaga kim lab burdi?
Yig‘lama, oppoqqinam,
Boshimdagi qalpoqqinam!
Ko‘rinayotirki, chaqaloqning yig‘isi onada uni tinchlantirish assotsiatsiyasini uyg‘otgan. Ona shu zaruriyatga ko‘ra so‘zga murojaat qilayotir. U so‘zbozlik qilayotgani yo‘q, balki so‘zni tashkil etgan tovushlar garmoniyasida tinchlantiruvchi ohangga urg‘u berib, orom beruvchi, ovutuvchi ma’noni anglatishga, his etishga va tuydirishga erishayotir. Bunda bolani bag‘riga bosib, beshik yo belanchakda tebrata turib, unga termulgan holda lablarni cho‘chchaytirib yoxud bolaning yupqagina lablarini qitiqlab, ovutuvchi ma’noning omuxtalashtirilishiga alohida ahamiyat berilishini ham unutmaslik darkor. Shundagina so‘zlarda ham, tovushlarda ham ohang, ma’no va harakatning o‘zaro muvofiqligi ovutmachoqning ritmik mehvariga aylana oladi. Buni his-hayajonni ifodalovchi so‘zlarning juftlashgan takrori bo‘rttirib ifodalagan:
Ho‘-ba, ho‘-ba, nega yig‘laysan?
Ho‘-ba, ho‘-ba, nega big‘laysan?
Ho‘-ba, ho‘-ba, big‘-big‘lama
Ho‘-ba, ho‘-ba, san yig‘lama.
Ho‘-ba, ho‘-ba .. jo..o..on, jo..o..on,
Sadqa senga shirin jo..o..on.
“Ho‘-ba, ho‘-ba” taqlidiy so‘zidan tarkib topgan anafora mayin va cho‘zinchoq ohangda aytiladi. Tovushlar alliteratsiyasi asosida ohangdoshlik kasb etgan qofiyalar anaforadagi mayin va cho‘zinchoq ohangni to‘ldirib, izchil tarovatlanishini ta’minlagan. Natijada boladagi injiqlikni elita oladigan jozibali ovituvchi ohang yuzaga kelgan.
QAYTARMACHOQLAR. Bolalar uchun, asosan, beshik davri tugagandan keyingi ma’naviy ehtiyoj taqozosiga ko‘ra yuzaga kelgan badihalar bo‘lib, she’riy namunasi ko‘pincha monolog, nasriy shakli dialog (savol-javob) negizida quriladi.
Uning poetik nutqida bir voqeadan ikkinchisi o‘sib chiqadi, shu zaylda har ikkala tipdagi qaytarmachoqlarda ham bu xususiyat mushtarak fazilatga aylangan. Har ikkala holda ham qaytarmachoq sujetini tashkil etgan har bir voqea alohida epizod tusini oladi, biroq bu epizodlar umumiy bir motiv (g‘oya) atrofida izchil mantiqiylik asosida birlashgan bo‘ladi. Bunda har bir epizod bir savol shaklida, izohi ham o‘zida birin-ketin qaytarilaveriladi. Hodisaning qaytarmachoq deyilishi va alohida janr sifatida e’tirof etilishiga ham xuddi shu xususiyatlari asos bo‘lgan. Masalan, “Yumalandim yumoq topdim” satri bilan boshlanuvchi qaytarmachoqda lirik qahramon yumalab yumoq topadi (1), yumaloq ichidan taroq topadi (2), taroqni momoga beradi (3), momo unga churak (non) beradi (4), churakni cho‘ponga beradi (5), cho‘pon unga tayoq beradi (6), tayoqni daryoga tashlaydi (7), daryo unga ko‘pik beradi (8), ko‘pikni tutga surtadi (9), tut unga yaproq beradi (10), yaproqni molga beradi (11), mol unga sut beradi (12), sutni pishirib turganida qaydagi quyon uni to‘kib ketadi (13). Shuncha mehnati zoye ketadi. Ko‘rinayotirki, o‘n uchta epizod bir-biridan o‘sib chiqqan, o‘zaro uzviy mantiqiy ketma-ketlik hosil qilgan. Alohida-alohida voqealar qaytarilib, bir ipga marjondek tizilgan holda yaxlitlik kasb etgan. Shu tariqa, xususiylik o‘zaro uyusha turib umumiylikka aylana borgan. Bola uchun saboqlik xususiyati ham shunda: har bir voqea, yo hodisa o‘zicha mustaqil, biroq bir-biri bilan bog‘liq holda namoyon bo‘ladi. Bolaga ana shu haqiqat uqtirilmoqda.
“Kun, san nimadan kuchlisan?” qaytarmachog‘i dialog negizida qurilgan. Unda bolalarni qiziqtirgan “Dunyoda kim kuchli?” savoliga javob narsa va hodisalar bahsi asosida voqeadan voqeaning o‘sib chiqishi shaklida bola qiziqishi va idrokiga mos holda bayon qilingan:
– Kun, san nimadan kuchlisan?
– Man kuchli bo‘lsam, bulut bosarmidi?
– Bulut, san nimadan kuchlisan?
– Man kuchli bo‘lsam, yomg‘ir yog‘armidi?
Ko‘rinayotirki, har bir savol o‘zidan keyingi voqeaga mantiqiy maydon hosil qilgan, shu maydonaro voqealar tizila boradi: yomg‘ir → yerni, yer → o‘tni, o‘t → qo‘zini, qo‘zi → bo‘rini, bo‘ri → echkini, echki → sichqonni, sichqon → qumursqa (chumoli)ni o‘zidan kuchli deb biladi va eng e’tiborlisi shundaki, ularning har biri o‘zlaridagi ojizlikni ham oshkora tan ola borishadi. Voqealar shu xilda mantiqiy zanjirsimon tizim tusini ola boradi. Antropomorfizm usuli kun, bulut, yomg‘ir, sichqon va qumursqa singari nabotot hamda hayvonot olamiga mansub jonzotlarni odamlar singari so‘zlash xususiyatiga ega bo‘lishlarini ta’minlagan, natijada qaytarmachoqdagi sujet dinamikasi ta’minlangan.