O‘quv dasturi. Dasturda o‘quv yili davomida har bir sinfda alohida fanlar bo‘yicha o‘quvchilarga beriladigan ilmiy bilim, ko‘nikma va malakalarning hajmi belgilab beriladi. Dasturda har bir fanning mazmuni izchillik bilan yoritiladi va ma’lum mavzular orqali ko‘rsatiladi.
O‘quv dastur quyidagi bir qator qoidalarga amal qilgan holda tuziladi:
1. Dasturning qat’iyligi. Jamiyat taraqqiyotini ilmiy asoslab beradigan, ya’ni fan, texnika, ishlab chiqarish hamda ijtimoiy munosabatlar sohasida erishgan darajani aks ettirgan, uzoq vaqtga mo‘ljallangan darsliklar yaratishni nazarda tutadi.
2. O‘quv dasturida ilmiylik.
3. O‘quv materiallari mazmunini to‘g‘ri tanlashda unda isbot, mantiqiy umumlashmaga alohida e’tibor beriladi.
4. Nazariyaning amaliyot bilan birligi qoidasi.
5. Dastur ikki usul bilan, ketma-ket (muntazam) kontsentrik (markazlashgan) tarzda joylashtirilishi mumkin.
Markazlashtirilganda o‘quv materiali o‘qitishning keyingi bosqichida murakkablashgan ko‘rinishda takrorlanadi.
Dastur uch bo‘limdan iborat:
1. Uqtirish xati. Yo‘l-yo‘riqlar.
2. O‘quv materiallarining mazmuni.
3. Asosiy va qo‘shimcha ravshanda o‘rganiladigan adabiyotlar ro‘yxati.
Darslik. Darslik o‘quv jarayonining zarur qismidir. U o‘qitishning eng muhim vositasi hisoblanadi. Darslik – o‘quvchilarning ikkinchi muallimi. Chunki u, avvalo, o‘quvchi uchun zarar qo‘llanmadir. Har bir o‘quv fanining mazmuni darslikda batafsil yoritiladi. Darslik tegishli fanga oid ilmiy bilim asoslarini dasturga va didaktika talabalariga muvofiq ravishda bayon qiluvchi kitobdir. Darsliklar bilan bir qatorda, ayrim o‘quv fanlari yuzasidan o‘quv qo‘llanmalari ham tuziladi. Masalalar va mashqlar to‘plami, xrestomatiyalar, atlaslar, lug‘at kitoblari va h.k.
O‘quvchilar darslik va o‘quv qo‘llanmalari bilan ham darsda, ham uy sharoitlarida mustaqil ish olib boradilar. U bilan ishlash o‘quvchilarning aqliy tarbiyasiga, ularda ilmiy dunyoqarashning, axloq-odobning shakllanishiga, tafakkuri va nutqining, ishdagi mustaqilligining rivojlanishiga yordam beradi.
Darslikka quyidagi pedagogik talablar qo‘yiladi:
1. Darslik ilmiy bilimlar tizimi va uning mazmuni, hajmi dastur talablariga va shu sinf o‘quvchilarining yosh xususiyatlariga mos kelishi.
2. Darslikda ilmiy bilimlarning nazariy asoslari va g‘oyaviy yo‘nalish tizimi izchil bo‘lishi, dalillarning ishonchli bo‘lishi, ular to‘g‘ri tahlil etilishi, aniq ta’rif etilishi, tegishli xulosalar chiqarilishi va shu orqali o‘quvchilarda ilmiy dunyoarash va insoniy fazilatlar tarbiyalanadi.
3. Nazariy bilimlar ishlab chiqarish amaliyoti bilan bog‘langan bo‘lishi.
4. Darslikda bayon qilinayotgan materialning xarakteriga bog‘liq holda tegishli qoida va ta’riflar berilishi, dalillar keltirilishi, yaxshi bezatilgan bo‘lishi, ba’zi materiallar rasm, sxema, diagramma va boshqa illyustrasiyalar bilan boyitilishi talab etiladi.
5. Darslik o‘quvchilar tushunishi oson bo‘lgan jonli tilda yozilishi va fikrlar aniq va qisqa bo‘lishi kerak.
6. Darslikning tashqi ko‘rinishi, bezagi o‘sha sinf o‘quvchilari estetik didlariga mos kelishi lozim.
Darsliklar bilan bir qatorda maktab ta’limi jarayonida o‘quvchilar o‘quv materiali ustida tizimli, uzluksiz, maqsadli ishlashlar hamda o‘zlarida ilmiy bilim, ko‘nikma va malakalarni shakllantirishda quyidagi kitob va qo‘llanmalardan ham foydalanadi. Bular: badiiy, ilmiy, ijtimoiy siyosiy, iqtisodiy, madaniy, ilmiy-ommabop adabiyotlar, lug‘atlar, atlaslar va kartalar, masala va mashqlar to‘plami xrestomatiyalar, kundalik axborot, ensiklopediya, kinofilmlar hamda internet axborotlari va h.k.