1. Operativ boshqaruvda bo‘lgan ommaviy mulkka ega va budjet tomonidan moliyalashtiriladi. Davlat organlari o‘z vakolatini amalga oshirish uchun moddiy mablag‘ bilan ta’minlanadi. Shuningdek, moliyaviy qimmatliklar, bankdagi hisob-raqami, budjet hisobidan moliyalanish manbayiga ega bo‘lishi shular jumlasidandir. Masalan, Tashqi ishlar vazirligi o‘zining bankdagi shaxsiy hisob raqamiga ega hamda davlat xizmatchilarga maosh to‘lash, ularning xizmat faoliyati uchun zaruriy bo‘lgan texnik vositalari va boshqa jihozlar sotib olish uchun davlat budjetidan doimiy ravishda moliyaviy mablag‘lar ajratiladi.
2. Davlat nomidan muayyan sohada uning vazifa va funksiyalarini amalga oshiradi. Davlat organlari jamiyat hayotining turli sohalarida faoliyat yuritadi. Jumladan, davlatdagi huquqiy tartibotni ta’minlash sohasini Ichki ishlar vazirligi, prokuratura organlari amalga oshirsa, davlatning tashqi funksiyalarini Tashqi ishlar vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi, mamlakatning mudofaasini esa Mudofaa vazirligi, Chegara qo‘shinlari qo‘mitasi, Milliy xavfsizlik xizmati va boshqa idoralar amalga oshiradi.
3. Hokimiyat vakolatlariga egaligi. Davlat organlari muayyan hokimiyat vakolatlariga egaligi bilan boshqa davlat muassasalari va tashkilotlaridan farq qiladi. Davlat organlari ishontirish va majburlash usullaridan foydalangan holda huquqiy hujjatlarning ijrosini ta’minlaydilar. Davlat tashkilotlari va muassasalari esa bu kabi hokimiyat vakolatiga ega emas.
4. Tarkibiy tuzilishga egaligi. Davlat organlari xizmat turlari va tarkibiy miqdoriga ko‘ra muayyan tuzilishga ega bo‘ladi. Masalan, ijro etuvchi hokimiyat, organlari vazirlik va qo‘mitalardan, vazirlik tarkibi esa bosh boshqarma, boshqarmalar, bo‘lim, bo‘linmalar tarkibida tashkil etilgan. Ichki ishlar vazirligida Tergov bosh boshqarmasi, Jinoyat qidiruv bosh boshqarmasi va boshqalar mavjud.
5. Hududiy faoliyat miqyosiga egaligi. O‘zbekiston Respublikasining markaziy davlat organlarining faoliyat miqyosi butun O‘zbekiston hududida amalga oshiriladi, mahalliy davlat organlarining faoliyati miqyosi esa faqatgina tegishli viloyat, shahar, tuman hududida amalga oshiriladi.