Mamlakatni mudofaa qilish funksiyasi. Davlatchilik taraqqiyotining barcha bosqichlarida bu funksiya, uning ahamiyati g‘oyat katta bo‘lib kelgan. Zero, hamisha mamlakat ozodligi va mustaqilligini tashqi tajovuzlardan himoya qilishning obyektiv zarurati mavjud bo‘lib kelganligi ma’lum. Mamlakat mudofaasi funksiyasi iqtisodiy, siyosiy, diplomatik va harbiy vositalar bilan amalga oshiriladi. Davlat mudofaa faoliyatining asosiy yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:
– birinchisi, mamlakat mudofaa qudratini mustahkamlash. Mamlakat mudofaa qudratini ta’minlash, eng avvalo, mudofaa salohiyatini yuksaltirish;
– ikkinchisi, qurolli kuchlarni doimiy takomillashtirib, ularning jangovar qudrati va jangovar tayyorgarligini oshirib borish;
– uchinchisi, davlat chegaralarini muhofaza qilish;
– to‘rtinchisi, qurolli kuchlarning harbiy ta’limi;
– beshinchisi, fuqaro mudofaasini tashkil etish.
Istiqlol davrida O‘zbekiston tashqi siyosatining asosiy prinsiplari yaratildi. O‘zbekiston Respublikasining tashqi siyosatining huquqiy asoslari Konstitutsiyaning maxsus bobida, 1991-yil, 31-avgustda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi asoslari to‘g‘risida»gi konstitutsiyaviy qonunda va 1996-yil, 26- dekabrdagi «O‘zbekiston Respublikasi tashqi siyosatining asosiy prinsiplari to‘g‘risida»gi qonunda o‘z aksini topgan. Suveren davlat sifatida mustaqil davlat siyosatining ishlab chiqilishi va uni amalga oshirishda tegishli funksiyalar ro‘yobga chiqmoqda. O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan iqtisodiy islohotlarda o‘z aksini topayotgan iqtisodiy siyosat pirovard natijada demokratik o‘zgarishlar kiritish, kuchli suveren huquqiy davlatni barpo etish uchun mustahkam moddiy negizni yaratishga yo‘naltirilgandir. Shu vazifalardan O‘zbekiston davlatining ichki va tashqi funksiyalari kelib chiqadi.
Ichki funksiyalarga quyidagilar kiradi:
1. Huquqiy tartibni ta’minlash, inson va fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini muhofaza qilish funksiyasi;
2. Iqtisodiy funksiya;
3. Soliqlarni undirish funksiyasi;
4. Ijtimoiy himoya funksiyasi;
5. Tabiatni muhofaza qilish funksiyasi;
6. Barcha shakllardagi mulklarni himoya qilish funksiyasi;
7. Madaniy-ma’rifiy funksiya.