I.1. Janubiy Amerika materigining geografik o’rni, maydoni va chegaralari
Janubiy Amerikaning katta qismi janubiy yarim sharda ekvatorial va subekvatorial mintaqalarda joylashgan. Materikning kambar qismigina subtropik va o’rtacha kengliklarga kirib borgan.
Janubiy Amerika 5° j. k. da eng keng (15000 km dan ortadi). Materikning eng g`arbiy nuqtasi Parinyas burni (81o20 g`. u.), eng sharqiy nuqtasi esa kabubranku burnidir (34°46 g`. u.).
Materikning kengligi 40° sh. k. dan janubda 600 km dan oshmaydi. Janubiy Amerika shimolda 12°25 sh. k. gacha (Galinas burni) janubda esa 53°54 j. k. gacha (Magellan bo’g`ozidagi Frouord burni) davom etadi. Olovli Yer arxipelagining chekka janubi Olovli Yer orolidagi Gorn burni bo’lib, u 55° 99 j. k. dadir.
Shimoliy Amerika bilan bo’lgan geografik chegarasi Karib dengizidagi Daren qo’ltig`idan Tinch okeandagi Buenaventura qo’ltig`igacha davom etadi. Panama bo’yni shartli ravishda har ikki materik o’rtasidagi chegara deb qabul qilingan
Janubiy Amerika materigi atrofida orollar kam. Sohilga eng yaqin joylashgan yirik materik orollari Trinidad, Chili, Olovli Yer, Folklend orollaridir. Okeanik orollardan Janubiy Amerikaga Galapagos va Xuan-Fernandes orollari kiradi. Janubiy Amerikaning maydoni unga qarashli orollar bilan birga 17 850 ming km2. Shundan atigi 150 ming km2 qismi orollarga to’g`ri keladi.
Atlantika okeanida ekvator yaqinida Janubiy Amerika qirg`oqlariga Janubiy Passat oqimi yaqinlashib keladi. Bu oqim San-Roka yaqinida ikki qismga bo’linadi, ulardan biri Gvineya oqimi nomi bilan materik qirg`oqlari bo’ylab shimoli-g`arbga Antil orollariga yo’naladi, ikkinchisi esa Braziliya oqimi nomi bilan janubi-g`arbga, La-Plata daryosining quyar joyiga tomon ketadi.
Materikning janubi-sharqiy sohillaridan sovuq Folkend oqimi o’tadi. Braziliya va Folklend oqimlari La-Plata rayonida 40° j. k. bilan 35° j. k. orasida o’zaro uchrashadi. Atlantika okeani sohilida quruqlikka chuqur kirib boruvchi yirik qo’ltiqlar deyarli yo’q. Faqat janubi-sharqda Patagoniya qirg`oqlariga yarim oy shaklidagi San-Matias, San-Xorxe va boshqa buxtalar o’yib kirgan. Parana daryosining quyar joyida qirg`oq La-Plataning keng va uzun estuariysi tufayli o’yilib ketgan. Undan shimolroqda Janubiy Amerika sohilida chuqur va kemalar turishi uchun qulay buxtalar (qo’ltiqchalar) joylashgan. Eng katta daryolarning birinchi navbatda, Amazonkaning quyar joyida juda keng buxtalar bor.
Karib dengizi sohilida hamma yarim orollar qulay qo’ltiqlarni bir-biridan ajratib turadi. Shimolda Pariya qo’ltig`i va Pariya yarim oroli, eng katta Venesuela qo’ltig`i ajralib turadi; Venesuela qo’ltig`i shimoli-g`arb va sharqda Guaxira hamda Paraguana yarim orollari bilan chegaralanadi. Panama bo’ynining boshlanishida dengizga keng ochiq Daren qo’ltig`i bor. Kontinental platforma Tinch okeanida, Janubiy Amerika qirg`oqlari yaqinida juda kambar, ayrim joylarda umuman yo’q. Materik yaqinida eng chuqur joylari 7000 m dan ortadigan chuqur okean cho’kmalari bor. Iliq oqimlar ta’siri ekvatordan shimoldagina bilinadi, Janubiy Amerika Tinch okean sohillarining boshqa butun qismida esa
4
juda katta sovuq Peru oqimining ta’siri seziladi; Peru oqimi suvlari janubdan to ekvatorgacha boradi.
Materikning shimoli-g`arbiy sohili taxminan 5° j. k. gacha juda o’yilgan. Eng katta va qulay buxta Guayaxil buxtasidir. Janubroqda to 30° j. k. gacha qirg`oq deyarli o’yilmagan, baland va kema kirib kelishi uchun noqulay. Biroq, Tinch okean sohillarining eng janubiy qismi bo’linib-bo’linib ketgan, sohil bo’ylab joylashgan ko’plab mayda va yirik orollar Chili hamda Olovli Yer arxipelaglarini hosil qiladi. Materik sohiliga o’yib kirgan qo’ltiqlar va ayrim orollarist bir-biridan ajratib turuvchi bo’g`ozlar egri-bugri va tordir. Bularga kattagina Korkovado va Penyas qo’ltiqlari, shuningdek, Olovli Yer arxipelagini materikdan ajratib turuvchi Magellan bo’g`ozi misol bo’la oladi.
Dostları ilə paylaş: |