Ravish va uning UGMsi. Ravish hamisha tilshunoslikning muammoli masalalaridan biri bo‘lib kelgan. Uni o‘rgangan olim V.V.Vinogradov «mustaqil so‘zning hech bir guruhiga sig‘may qolgan so‘z ravish turkumiga yig‘ilgan» deb haqqoniy baho bergan edi. Uning ma’no va vazifasi ot, sifat, son, olmoshga yaqin turishi arab va Yevropa tilshunosligida qayd etilgan. Sharq va g‘arb tilshunosligi ravishni ma’no va vazifasi jihatidan emas, balki boshqa birortasiga xos bo‘lmagan belgi – o‘zgarmaslik belgisi bilan ismdan farqlaydi. Biroq o‘zbek tili grammatik qurilishining tavsifiga bag‘ishlab yozilgan ko‘plab ilmiy adabiyot va darslikda ravishning o‘zgarmaslik tabiati inobatga olinmagan. Tilshunoslar o‘zbekcha ravishni rus tilidagi «наречие»ning muqobili sifatida talqin qilishgan, natijada, [kecha], [kunduz], [tong], [oqshom] kabi payt oti, [atrof], [o‘rta], [u yerda], [bu yerda], [old], [orqa] kabi o‘rin oti, [oz], [mo‘l], [butun], [to‘la] kabi miqdor sifati, [keyin], [past], [baland], [yuqori] kabi o‘rin sifati ravish turkumi doirasida o‘rganilgan.
«Asosan harakatning, qisman predmetning belgi, miqdor yoki holatini bildiruvchi o‘zgarmas so‘z» – ravishning so‘z turkumi sifatidagi UGMsi.
Ravish – mustaqil ma’noli o‘zgarmas so‘z. U belgi, miqdor yoki holatni, o‘rin, payt ma’nosini ifodalaydi va bu jihatidan ot, sifat, songa yaqin turadi. Ulardan farqli jihati shundaki, so‘z o‘zgartiruvchi, shakl yasovchi qo‘shimcha bilan birika olmaydi. Masalan, ot ko‘plik, sifat daraja shaklini qabul qiladi. Masalan, [tongda], [oqshomda], [kunduzlari], [ko‘proq], [ozroq], [balandroq] kabi. Ayrim til birligida uchraydigan EК, КК shakli ravishning o‘zak qismida soddalashgan, ya’ni o‘zak bilan yaxlit holga kelib qolgan:[birdan], [zimdan], [to‘satdan], [kechasi], [birga]. Bundan tashqari qadimgi davrda keng iste’molda bo‘lgan [-ra] (jo‘nalish kelishigi) ([so‘ngra], [uzra]), [-a], ([qayta], [ko‘tara]), [-in (-un)] ([birin-ketin], [ostin-ustun]) qo‘shimchasi ham ravish tarkibida qotib qolgan.
Ravish turkumini talqin qilishda o‘zgarmaslik xususiyatini e’tiborga olish uning so‘z turkumi sifatidagi xususiyatini belgilashda qator qarama-qarshilikka nuqta qo‘yadi.
Ilmiy manba, darslik va qo‘llanmalarda [eng], [juda], [nihoyat], [g‘oyat], [lang], [g‘irt] kabi so‘z kuchaytiruv ravishi deb qaraladi. Holbuki, bu shakllar ravish oldidan kelib belgi ma’nosini kuchaytirishga xizmat qiladi. Shuning uchun keyingi yillarda ayrim tadqiqotchilar bu unsurlarning ravish emasligini, chunki ravish kabi mustaqil lug‘aviy ma’nodan xoliligini ta’kidlashib, kuchaytiruv yuklamasi sirasida o‘rganish lozimligini uqtiradi [ 19 ].