2. Tasnifning bir asosda amalga oshirilishi lozimligi. Tasniflanuvchi butunlikni guruhlarga bo‘lish bir belgi, asos, mezon asosidagina amalga oshirilmog‘i lozim. Masalan, so‘z turkumlari uch – morfologik, semantik va sintaktik belgi asosida tasniflanishi mumkin. Lekin har bir tasnifda ularning birigagina tayaniladi. Tasnifda bunga rioya qilmaslik ikki xil xatoga olib keladi:
a) tasnifni amalga oshira olmaslikni keltirib chiqaradi. Masalan, so‘zlar morfologik jihatdan o‘zgaruvchi va o‘zgarmas, semantik jihatdan avtosemantik (mustaqil ma’noli) va sinsemantik (nomustaqil ma’noli) so‘zlarga bo‘linadi. Lekin ularni bir paytning o‘zida morfologik va semantik tasnif qilib bo‘lmaydi. Chunki o‘zgarmas so‘z avtosemantik ham, sinsemantik ham bo‘lishi mumkin. Masalan, ko‘makchi o‘zgarmas, sinsemantik, ravishlar o‘zgarmas, avtosemantik so‘z;
b) tasnifning bir bosqichining o‘zida goh u, goh bu asosni qo‘llash yoki biridan ikkinchisiga o‘tish tasnif izchilligiga putur etkazadi. Masalan, ergashgan qo‘shma gapning an’anaviy tasnifida tasnif dastlab sintaktik belgi asosida (ega ergash gap, kesim ergash gap, to‘ldiruvchi ergash gap, aniqlovchi ergash gap) boshlanib, semantik asos bilan davom etar va tugar edi: payt ergash gap, shart ergash gap, o‘rin ergash gap, to‘siqsiz ergash gap, natija ergash gap va h. An’anaviy usulda tasnif dastlab sintaktik belgi asosida amalga oshirilib, ikkinchi bosqichda semantik tasnif amalga oshirilsa, to‘g‘ri bo‘lar edi. Masalan (1-jadval):1-jadval