«Tartib son» LMGsi. Tartib son predmetning aniq tartibini, ketma-ketlikdagi o‘rnini bildirish, shuningdek, boshqasidan farqini ko‘rsatish uchun ishlatiladi.
Tartib son sanoq songa [-(i)nchi] affiksining qo‘shilishidan hosil bo‘ladi.
[-(i)nchi] affiksi o‘rnida ba’zan [-lamchi] shakli ham ishlatiladi. Masalan: Birlamchi, g‘alamis odamlarning gapiga quloq solmanglar, ikkilamchi, o‘zlaring bilasizlar, mardikorlikka ketganlar ko‘pi bilan olti-yetti oylarda qaytishadi...(A.Qah.).
Tartib son fe’l bilan bog‘langanda miqdorni ham anglatadi: Bu gapni birinchi eshitishim. (S.Ahm.).
Tartib sonlar oy kunining tartibini bildirganda vaqt ifodalovchi otlardan oldin keladi: ikkinchi aprel, yigirma uchinchi aprel, o‘n sakkizinchi mart, yigirmanchi noyabr kabi. Bu rus tilining ta’siri, albatta. Sof o‘zbekcha oy kuni hisobi aprelning ikkinchi kuni, noyabrning yigirmanchi kuni tarzida bo‘ladi.
Tartib sonning otlashgan va otlashmagan holatini farqlash lozim. Odamlarning birinchisi, o‘quvchilarning beshinchisi birikuvida sondagi egalik qo‘shimchasidan oldin tushirilgan otni qo‘yib bo‘lmaydi. Demak, bu son otlashmagan. Birinchi kitobni sen olasan, ikkinchisini men gapida ikkinchi tartib soni otlashgan.
Sanoq son ot bilan sintaktik munosabatga kirishganda mustaqil va nomustaqil sintaktik mavqeda bo‘la oladi. Mustaqil mavqeda aniqlanmishdan ayricha so‘roqqa javob bo‘lib, alohida bo‘lak maqomiga ega bo‘ladi: Besh (aniql.) kishi (ega) so‘zladi (kesim). Nomustaqil mavqeda tarkibiy qism sifatida yuzaga chiqadi: Besh kishi (ega) kelishdi (kesim).
Sanoq son qo‘shma sifat hosil qilishi mumkin: besh yashar bola, uch chaqirimli yo‘l.
Sanoq son sirasida bir so‘zi qo‘llanish va vazifasi jihatidan qator o‘ziga xoslikka ega.
«Miqdor» ma’nosi: Yana bir gapni ayting. (S.Nur.).
«Noaniqlik» ma’nosi: Bir o‘zbek yigiti so‘zlay boshladi. (Oyb.).
«Harakat belgisi» ma’nosi: Mashina bir lapanglab, ilgariladi. (S.Ahm.).
«Mo‘ljal» ma’nosi: Ertaga bir dam oling.
«Bir xil» ma’nosi: Tiling bilan ko‘nglingni bir tut.
«Кuchaytirish» ma’nosi: Yomg‘ir bir yog‘di.
«Navbatma-navbat» ma’nosi: Bola bir bizga qaraydi, bir otasiga qaraydi.
«O‘xshashlik» ma’nosi: U mening birim.
JК da «birgalik» ma’noli ravishga o‘tadi: birga ishlamoq.
ChК da «to‘satdan» ma’noli ravishga o‘tadi: birdan qichqirib yubordi.
[-day] shakli bilan ravish bo‘lib keladi: birday.
[-ov] affiksini olib «gumon» ma’noli olmosh: Birov keldi.
[-or/-on] affiksini olib keladi: birorta, bironta.
[-gina] yuklamasi bilan «chegaralash» ma’nosi: birgina.
Fonetik o‘zgargan [ham] yuklamasi bilan «kuchaytirish» ma’nosi: biram.
[-oq] elementi bilan bog‘lovchi vazifasida: biroq.
Shuningdek, [bir] so‘zi [rov], [pas], [nafas], [zum], [payt], [yil], [vaqt], [oy], [kun] ([birrov], [bir pas], [bir nafas]), [necha], [muncha], [sidirg‘a], [oz], [muncha], [qadar] ([bir necha], [bir oz], [bir muncha]), [nima], [narsa] ((bir nima), (bir narsa)), [qator], [talay] ((bir qator), (bir talay)), [xil] (bir xil), [ba’zi], [har], ((ba’zi bir), (har bir)) so‘zi bilan birga kela oladi.
Bir so‘zi takrorlanib kela oladi: (bir-bir) («tartib bilan» ma’nosida), [birma-bir] («batafsil» ma’nosida), [birdan-bir] («yagona» ma’nosida), (bir-biridan) («o‘zaro» ma’nosida), (bir-biriga) («biri ikkinchisiga» ma’nosida).
O‘zbek tilida [bir] so‘zi [ilk], [yakka], [yolg‘iz], [yagona] so‘zi bilan ma’nodoshlik kasb etadi [ ].
Sanoq son o‘lchov birligini ifodalovchi so‘z bilan birga qo‘llanilishi ham mumkin: [gektar], [tanob], [tosh], [bosh], [tup] kabi. Bunday so‘z hisob so‘zi (numerativ) deyiladi. Hisob so‘zi, odatda, ot turkumidan bo‘ladi va alohida LMGni tashkil etadi. Hisob so‘zi tizimi ochiq sistema.
Hisob so‘zi LMG si quyidagi mikrosistemalardan tashkil topadi:
Predmetni yakkalab hisoblash uchun ishlatiladigan hisob so‘zi: [bosh], [nafar], [dona], [nusxa], [tup], [jon].
Predmetni butun yoki to‘daning qismi sifatida hisoblash uchun ishlatiladigan hisob so‘zi: [burda], [varaq], [luqma], [parcha], [poy], [siqim], [tilim], [tomchi], [to‘g‘ram], [chaqmoq], [chimdim], [shingil], [qultum].
Predmetni to‘dalab, guruhlab hisoblash uchun ishlatiladigan hisob so‘zi: [bog‘], [gala], [guruh], [dasta], [to‘da], [to‘p], [shoda], [quchoq], [hovuch].
Predmetni juftlab hisoblash uchun ishlatiladigan hisob so‘zi: [juft], (par).
Predmetning og‘irlik o‘lchovini hisoblash uchun ishlatiladigan hisob so‘zi: [gramm], [kilogramm], [litr], [pud], [tonna], [sentner], [misqol], [qadoq], [botmon], [kosa], [piyola], [qop], [qoshiq], [quti].
Predmetning uzunlik va masofa o‘lchovini hisoblash uchun ishlatiladigan hisob so‘zi: [qadam], [qarich], [quloch], [metr], [tosh], [chaqirim], [kilometr].
Yosh hisobini bildirish uchun ishlatiladigan hisob so‘zi: [yashar], [yoshdagi], [yoshli].
Vaqt o‘lchovini hisoblash uchun ishlatiladigan hisob so‘zi: [asr], [yil], [kun], [kecha-kunduz], [oy], [hafta], [daqiqa], [soniya].
Qiymat o‘lchovini hisoblash uchun ishlatiladigan hisob so‘zi: [so‘m], [tiyin], [miri], [paqir], [dinor], [dollar], [evro], [rubl].
Harakat miqdorini hisoblash uchun ishlatiladigan hisob so‘zi: [marta], [karra], [qatla], [daf’a], [sidra].
Son turkumida sintaktik kategoriya(EK, KK…) keng bo‘lmagan voqelanishga ega.
Dostları ilə paylaş: |