Buyuk shoir va mutafakkir, davlat arbobi. XV asr jahon ma


Navoiyning Astroboddagi yillari



Yüklə 33,75 Kb.
səhifə4/5
tarix14.12.2023
ölçüsü33,75 Kb.
#140656
1   2   3   4   5

Navoiyning Astroboddagi yillari


1487-yili qishda Navoiy Astrobod hokimi etib tayinlandi. Boshqa bek va amirlar uchun sharafli hisoblanishi joiz boʻlgan bu martaba Amir Alisherning nozik tabiati uchun qay bir darajada ozorli boʻldi. Ammo shoh hukmi vojib, Amiri Kabir oʻlkaning hassos bir hududini muhofaza va obod qilish niyatida joʻnab ketdi. Astrobodda Navoiyning qariyb ikki yillik hokimligi bu shahar ahli uchun saodatli, Boyqaro saltanati uchun xayrli boʻldi.
Bu orada birin-ketin Navoiyning eng yaqin ustoz va musohiblari hayotdan koʻz yumdilar. 1488-yili Sayyid Hasan Ardasher, 1492-yili Abdurahmon Jomiy, 1493-yili Pahlavon Muhammad vafot etdi. Shu yillar ichida Navoiy ustozlari xotirasiga “Holoti Sayyid Hasan Ardasher”, “Holoti Pahlavon Muhammad”, “Xamsat ul-mutahayyirin” (“Besh hayrat”) asarlarini yozib tugalladi. Ushbu asarlarda oʻsha davr voqeligiga doir qimmatli maʼlumotlar bilan birga, Navoiy yaratgan yangi badiiy olamning nazariy asoslariga oid bir qator dalil va mulohazalar ham bayon etilgan. Shu yillarda Navoiy davr shuarosi xususida “Majolis un-nafois” va islom maʼnaviyatining buyuk siymolari, xususan, turk, fors, hind mashoyixlari tarixiga oid “Nasoyim ul-muhabbat” (“Muhabbat shabadasi”) risolalarini yozadi. Bu asarlar nihoyatda muhim manba boʻlib, oʻsha davr maʼnaviyatining yetuk siymolaridan mingga yaqin kishi haqida qimmatli maʼlumotlarni oʻzida jamlagan. Bundan tashqari, nafaqat tasavvuf irfoni va adabiyoti, balki Islom davri maʼnaviyatining boshqa muhim jihatlari haqida ham koʻplab nazariy mulohazalar ushbu asarlar qatidan joy olgan boʻlib, ularni mufassal tadqiq etish milliy maʼnaviyatimizni xolis anglab yetishda bugungi avlodlar uchun benazir manba va asos sifatida xizmat qiladi.
1492-yilda aruz ilmiga bagʻishlangan “Mezon ul-avzon” (Vaznlar oʻlchovi”) risolasi yozildi va shoir oʻz lirik ijodini qayta taqsimlab, yangi devonlar majmui — “Xazoyin ul-maoniy” (“Maʼnolar xazinasi”)ni yaratish ishiga astoydil kirishdi. “Chor devon” nomi bilan shuhrat qozongan bu buyuk majmua 45 ming misraga yaqin turli janrlardagi kichik va oʻrta hajmli sheʼrlarni oʻzida jamlagan boʻlib, “Gʻaroyib us-sigʻar” (“Bolalik ajoyibotlari”), “Navodir ush-shabob” (“Yigitlik davri nodirliklari”), “Badoyeʼ ul-vasat” (“Oʻrta yosh kashfiyotlari”), “Favoyid ul-kibar” (“Keksalikdagi foydali mulohazalar”) deb ataladi. Bu toʻrt jildda 16 janrga oid 3000 dan ortiq sheʼr boʻlib, ularda 2600 gʻazal, 210 qitʼa, 133 ruboiy, 86 fard, 52 muammo va boshqalar mavjud. “Xazoyin ul-maoniy” tarkibiga oldingi ikki alohida devondagi sheʼrlarning deyarli barchasi kirgan, keyinchalik 1400 ga yaqin yangi asarlar ham qoʻshilgan.
Turkiy tildagi asarlaridan tashqari Navoiy fors tilida ham 12 ming misradan ziyod sheʼr, muammo janri haqida “Mufradot” risolasini, “Sittayi zaruriya”, “Fusuli arbaa” turkum qissalarini yozdi, “Foniy” taxallusi bilan alohida devon tuzdi. Ushbu asarlar Xoqoniy, Amir Xusrav, Saʼdiy, Hofiz, Kamol Xoʻjandiy, Jomiy kabi fors adabiyotining mumtoz namoyandalari bilan ijodiy bahsda tugʻilgan boʻlib, ham badiiy ifoda, ham mazmuniy teranlikda salaflar bilan teng qudrat namoyish etadi.
Navoiy 1498-yilda “Lison ut-tayr”, 1499-yilda “Muhokamat ul-lugʻatayn”, 1500-yili “Mahbub ul-qulub” asarlarini yozdi. Bu uch asar buyuk shoir va mutafakkir ijodining avj nuqtalari edi. Adib “Muhokamat ul-lugʻatayn”da oʻzining butun ijodiy yoʻlini sarhisob qilib, turkiy sheʼriyatning qudratini taʼkidlagan. Unda, jumladan, quyidagi maʼlumot bor: “Chun “Lison ut-tayr” ilhomi bila tarannum tuzupmen, qush tili ishorati bila haqiqat asrorini majoz suratida koʻrguzupmen”. Alisher Navoiy goʻdaklik chogʻlaridan tasavvuf sheʼriyatining ustodi Farididdin Attor yaratgan “Mantiq ut-tayr” asariga mehr qoʻygani bizga maʼlum. Umrining oxirida ushbu asarga tatabbu — javob yozar ekan, oʻzining shungacha yozgan barcha asarlariga falsafiy yakun yasaydi. Attor asari Borliqning yagona mohiyati haqida, Haq asrori va inson uchun uni anglab yetish imkon darajasi haqida edi. “Lison ut-tayr” mazmuni “Mantiq ut-tayr”ga zid yoki undagi fikrlarning takrori ham emas, balki yangi tarixiy-maʼnaviy bosqichdagi sharhi, talqinidir.
Attorning qushlar tilidan yozilgan dostonida irfoniy ehtiros benihoya joʻshqindir. Navoiy esa vazmin voqeaband tasvirga urgʻu beradi, qushlar sarguzashtida va ichki hikoyalarda hayotiylikni kuchaytiradi. Bu bejiz emas. Oxirgi xulosada Navoiy salafiga qaraganda olgʻa ketadi, masala mohiyatini teranroq his qiladi va badiiy tasvirni ham shunga munosib yaratadi.
Nihoyat, Navoiy soʻnggi asari — “Mahbub ul-qulub” (“Koʻngillarning sevgani”) risolasida barcha savollarga yana oʻzi javob bergan. Bu asar tom maʼnoda ijtimoiy-falsafiy va axloqiy gʻoyalarga toʻla boʻlib, XV asrda mavjud boʻlgan barcha ijtimoiy toifalar mohiyati mufassal ochib berilgan, ijtimoiy va axloqiy hodisalarning oʻzaro bogʻliqligi, yaxlitligi ishonarli taʼkidlangan. Bu asar turli aforizm, maqol va matnlarga boy boʻlib, xalq orasida juda keng tarqalgan.
Alisher Navoiy oʻzi va salaflari: Nizomiy, Dehlaviy, Hofiz, Iroqiy va boshqalar yaratgan mustaqil badiiy tafakkur tarzini “majoz tariqi” deb nomlab, unda Haq asrori “majoz suvratinda” aks etishini taʼkidlagan. Borliqni oʻziga xos idrok etish tarzi Naqshbandiyaning “Dil ba yoru dast ba kor” qoidasiga muvofiq boʻlib, unda ibrat, ilm, irfon va amal bir nuqtada birlashar va yangi dunyoga koʻz ochardi. Tavhid taʼlimoti va eʼtiqodini idrok etishning eng yuqori bosqichi boʻlgan bu dunyoqarash tizimi “Xamsa” va “Lison ut-tayr” asarlarida, shoir lirikasida badiiy inʼikosini topgan.

Yüklə 33,75 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©muhaz.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin