Mamlakatdagi yirik daryolari: Guayas, Putumayo, Napo, Tigro. Hududining 75% oʻdshon ya’ni, asosan, nam tropik oʻrmondan tashkil topgan.
Asosiy foydali qazilmalari: neft, tabiiy gaz, oltin, kumush, oltingugurt, toshqoʻmir, marganets, mis va polimetall rudalari.
Aholisi.Aholining 65%- metislar, 25%- hindular, 7%-oq tanilar, 3%- qora tanlilardan tashkil topgan.Ekvador aholisi asosan uch etnik guruhga boʻlinadi.. Ular: kechualar aholining 39 %ini, “oʻrmon hindulari” deb nom olgan etnik guruh va ispan tilli ekvadorliklardir. Kechualar – zamonaviy hindu xalqlari ichida eng koʻp tarqalgan elat vakillaridir. Ekvadorda ularning 30%i yashaydi. Ular, shuningdek, Peru va Boliviya aholisining ham salmoqli qismini tashkil etadi. Yuqorida tilga olingan etnik guruhlardan tashqari, mamlakatda kolumbiyaliklar, italiyaliklar, ispanlar, olmonlar, yaponlar, amerikaliklar, peruliklar va xitoyliklar ham muqim yashaydi.
Aholining diniy tarkibi.Dindorlarning aksariyati katoliklar bo’lib shahar aholisining 62% ni tashkil qiladi. Kechualar ham nasroniy dinining shu yoʻnalishiga eʼtiqod qiladi. Biroq ular qadimiy mahalliy dinlarining juda koʻp unsurlarini saqlab qolgan. Oʻrmon hindulari esa qabiladan qabilaga oʻtib kelayotgan eski qarashlarga ishonadi.
Maʼlumotlarga koʻra, Ekvadorga musulmonlarning ilk qadami XX asrning birinchi choragida tekkan. Ular Birinchi jahon urushi uqubatlaridan panoh izlab kelgan livanlik, falastinlik, suriyalik va misrlik kishilar edi. Butun mamlakat boʻylab tarqalgan bu musulmonlar Usmonli pasporti bilan kelgani uchun “turk” sifatida tanilgan. Ular asosan poytaxt Kito shahri va Tinch okeanidagi bandargoh-shahar Guayakilga oʻrnashgan. Ayrimlari esa Manab, Los-Rios va Esmeraldas viloyatlarida qoʻnim topgan.
Ekvadorlik ilk musulmonlarning koʻpchiligi savdogarlar edi. Ular turli mevalar, oziq-ovqat mahsulotlarini xachirlarga yuklab, yurt kezib tirikchilik qilgan.
Oʻtgan asrning 80–90-yillarida Ekvadordagi musulmonlar jamoati asosan Pokiston va Misrdan kelgan muhojirlardan iborat edi. 90-yillar oxirida mamlakatga yana bir katta musulmon muhojirlar toʻlqini kirib keldi. Bu kishilarni Liberiya, Nigeriya, Gana kabi Gʻarbiy Afrika oʻlkalaridan ogʻir ijtimoiy holat Ekvadorga boshlab kelgan edi.
2002 yil maʼlumotiga koʻra, mamlakatda musulmonlar soni ikki mingga yetgan edi.
Bu yurtda ilk masjid qurilishi tarixi XX asr oʻrtalariga borib taqaladi. Shu paytdan boshlab musulmonlar juma namozlari uchun maxsus joylarni ijaraga olgan. Keyinroq esa, Misr elchixonasi maxsus xona ajratib beradi. Biroq bu koʻpsonli musulmonlar jamoasi uchun yetarli emas edi. Nihoyat, 1988 yili Xolid ibn Valid nomidagi madaniyat tashkiloti uzoq kutilgan ezgu ishga – masjid qurilishiga kirishadi. Mamlakatdagi birinchi rasmiy islomiy idora – Ekvador Islom markazi (Centro Islamico del Ecuador) 1994 yil 15 oktyabrda ochildi. Natijada oʻlkadagi birinchi va hozircha yagona jome – “Assalom” masjidi ishga tushdi. Markazning diniy, ijtimoiy, madaniy va ilmiy faoliyati sunniylik mazhabi anʼanalariga asoslangan. Islom markazi bir qancha qoʻmitalarga boʻlinadi, biror-bir chet mamlakatdan moddiy yordam olmaydi.