Etmak, bex - Allochrusa gypsophiloides Regel
(Колючелистник качимовидный) O'simlik tavsifi: Etmak (bex) - Allochrusa gypsophiloides (Regel) Schischk. Caryophyllaceae oilasiga mansub ko„p yillik o„simlik. Poyasi kuchli shoxlangan, qisqa tuklangan yoki silliq. Poyalarining ko„p sonli shoxlanishi tufayli o„simlik sharsimon shaklga ega, balandligi va diametri deyarli bir xil 70-80 sm ga yetadi. Barglari qarama-qarshi bo„lib, uzunligi 3 sm gacha va eni 0,5 sm gacha, tekis, deyarli chiziqli yoki chiziqli-lansetsimon, uchi o„tkirlashgan. Gulyonbarglar qarama-qarshi, bigizsimon, silliq, kosachabarglardan 2-3 baravar kaltaroq. Gullari poyalar va novdalarning uchki qismida bo„sh, ayrisimon-shoxlangan, keng ro„vak to„pgullarda joylashgan. To„pgulning har bir ayri qismidagi o„rta gullari deyarli o„troq, qolgan 2 tasi uzun ipsimon gulbandli. Kosachabarglari besh bargli, silindrsimon, silliq, uzunligi 2 mm ga yaqin; 5 ta pushti gultojibarglardan iborat, tugunchasi bir uyali, changchilari 10 ta. Mevasi - yaxshi ochilmaydigan, pardasimon, 1-2 urug„li kosachabarglari saqlangan ko„sakdan iborat. Urug„lari och jigarrang, deyarli sharsimon, yon tomonlaridan biroz yassilangan, avgust oyining boshlarida pishadi, ammo kuzgacha to„kilmaydi. Ildizi o„q ildiz, ba’zan urchuqsimon, buralgan, uzunligi 2 m gacha va undan ortiq, vazni 12 kg gacha. O„q ildizidan bir nechta marta shoxlangan yon ildizlar tarqaladi. Etmak ildizlari qazib olingandan keyin qayta tiklanish qobiliyatiga ega emas, shuning uchun xom ashyo yig„ilgandan so„ng bu o„simlikning tabiiy zich o„sish maydonlari qayta tiklanmaydi. O'sish joyi va tarqalishi: Etmak faqat O„rta Osiyo tog„larida quyi tog„ mintaqasidan o „ rta tog„ mintaqasigacha uchraydi. Janubda u Hisor tizmasida tarqalgan. Sharqiy chegara G„arbiy Tiyon-Shon bo„ylab, g„arbiy chegara esa tog„li Turkmaniston bo„ylab o„tadi. Etmakning zich o„sgan maydonlari asosan efemer o„simliklari, vegetatsiyasi uzoq davom etuvchi chuqur ildizli ko„p yillik o„simliklar va yarim butalar jamoalarida, quyi tog„ va o„rta tog„ mintaqalarida o„tloq-dasht va daraxt-buta o„simliklari orasida uchraydi. Yerni haydash va bu o„simlikning ildizlarini ommaviy yig„ish natijasida etmakning tabiiy zich o„sgan maydonlari qisqargan. O„zbekistonda xom ashyosini sanoat miqyosida tayyorlash joylari quyidagilar: Toshkent viloyatining (Pskent, O„rtachirchiq, Ohangaron, Yuqorichirchiq, Parkent va Bo„stonliq tumanlari), Farg„ona vodiysi (Kosonsoy, To„raqo„rg„on, Chust, Pop va Namangan atroflari), Samarqand, Pastdarg„om tumanlari) va Jizzax viloyatlarining tog„ oldi zonasi (G„alla-Orol, Jizzax, Qoraqishloq xududlari) - Sangzor daryosi havzasida va unga qo„shni hududlar, Qashqadaryo va Surxondaryo daryolari havzalarining adir zonasi (Ko„kbuloq, Boysun, Qamashi, Dehqonobod, Yakkabog„, Chiroqchi, Kitob va Miraki qishloqlari atrofida), Surxondaryo viloyatining Boysun tumanidagi tog„lari (Kuxitang tog„i) uchraydi. Saponin miqdori ildizlarni o„lchamiga deyarli bog„liq emas.