ALP ER TUNGA
Alp Er Tunganing miloddan oldingi VII asrda yashab o‘tgan g‘oyat
jasoratli, g‘ayrat-shijoatli, vatanparvar turk hukmdori bo‘lganligi haqida
ko‘plab rivoyatlar mavjud. Forslar Alp Er Tungani Afrosiyob deb
ataganlar. Afrosiyob va Alp Er Tunganing aslida bir kishi ekanligidan
Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig”, Mahmud Koshg‘ariyning “Devonu
lug‘otit turk” asarlari ham guvohlik beradi. Alp Er Tunga haqida xalq
orasida doston ham yaratilgan bo‘lib, bizgacha to‘liq holda yetib
kelmagan. Ayrim parchalar “Devonu lug‘otit turk” asarida misol tariqasida
108
keltirilgan. Unda tasvirlanishicha, Alp Er Tunga turk beklari orasida nomi
mashhuri, baxt-saodatlisi, katta bilim, ko‘p hunar egasi bo‘lgan
hukmdordir.
Alp Er Tunganing ismi va qahramonliklari haqida turli tarixiy
manbalar, badiiy asarlarda har xil fikrlar yuritilgan. Ammo bu manbalar
Alp Er Tunganing shaxsi, hukmronlik qilgan davlati, yuritgan siyosati
to‘g‘risida yetarlicha ma’lumot bera olmaydi.
Samarqandda Afrosiyob nomi bilan bog‘liq shahar xarobalari saqlanib
qolgan. Bu xarobalar Samarqandning miloddan oldingi VI asrdan melodiy
XIII asrgacha bo‘lgan hududi hamda o‘sha davr hayotidan darak beradi.
Afrosiyob xarobalaridan uy-joy qoldiqlari, turli-tuman ro‘zg‘or buyumlari,
zargarlik bezaklari topilgan. Ayniqsa, Samarqand hukmdori saroyining
xarobalari, uning devorlariga ishlangan ajoyib suratlar diqqatga sazovordir
(174 ta so’z).
O‘ZBEKISTONNING HAYVONOT DUNYOSI
O‘zbekistonning hayvonot dunyosi juda boy va turli-tumandir.
Amudaryo, Sirdaryo, Orol dengizi, Zarafshon daryosi, qator suv omborlari
va ko‘llarda oltmishdan ortiq baliq turlari, yuzlab turdagi suv qushlari
yashaydi. Oqqayroq, tovonbaliq, zog‘orabaliq, laqqa, ilonbosh, olabug‘a,
cho‘rtan baliqlar ko‘plab ovlanadi. Ondatra, qunduz, suvsar, nutra, tulki
kabi hayvonlar chiroyli mo‘ynasi uchun ov qilinadi.
Bepoyon cho‘llarda, ulkan tog‘ tizmalarida, vohalarda 60 turga yaqin
sudralib yuruvchilar, 90 turdan ortiq sut emizuvchilar, 410 dan ortiq
turdagi qushlar tarqalgan.
O‘zbekiston hayvonot dunyosi juda qadimiydir. Hayvonlarning ayrim
turlari faqat shu yerning o‘zida paydo bo‘lgan. Bunday hayvonlarga orol
shipi, katta kurakburun baliq, turkiston agamasi, turkiston gekkoni, qum
bo‘g‘ma iloni, xo‘jasavdogar, qo‘shoyoq, ko‘k sug‘ur, ingichka barmoqli
yumronqoziq va boshqalar kiradi. Tekisliklarda sirtlon, bo‘ri, chiyabo‘ri,
tovushqon, asalxo‘r, tulki, jayra, tipratikon, jayron, to‘ng‘iz, bug‘u, qulon,
toshbaqa, kaltakesak, ilon va echkemarlarni uchratish mumkin.
Yaqingacha yo‘lbars na’ralarini ham eshitish mumkin bo‘lgan.
Tog‘lar va uning atroflaridagi o‘rmonlar, chakalakzorlarda ayiq, bo‘ri,
olmaxon, burgut, kalxat, qarchig‘ay, qumoy, tasqara, boltayutar, miqqiy,
lochin, itolg‘i, qarg‘a, quzg‘un, kaklik, qirg‘ovullar yashaydi. Ayrim
qushlar odamlar bilan qishloq va shaharlarda yonma-yon yashashga
odatlanganlar. Bularga qaldirg‘och, chumchuq, musicha, mayna, kaptar,
laylak kabilarni kiritish mumkin.
109
O‘zbekiston hududida zaharli ilonlarning besh turi uchraydi. Ularning
zaharidan qimmatli dori-darmonlar tayyorlanadi. Ilon zahri tayyorlashda
O‘zbekiston dunyoda yuqori o‘rinda turadi (199 ta so’z).
Dostları ilə paylaş: |